Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Muzaffar matematiklar

O‘zbekiston – shak-shubhasiz, kuchli, iste’dodli, ilm-ma’rifatli insonlar yurti. Deyarli har kuni yoshlarning yangidan-yangi yutuqlari, g‘alabalari haqida xushxabarlarni eshitib turganimiz buning so‘zsiz isboti. O‘zbekistonliklar  sportda,  san’atda, ilm-fanda dunyo bolalarini yengib, Vatanimiz dovrug‘ini yetti iqlimga taratmoqda.

Ana shunday muzaffar yigit-qizlar qatorida Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Elbek Zohidjonovni ham, albatta, tilga olish zarur. U bu yili tengdoshlari bilan bir necha xalqaro olimpiadalarda matematika fanidan  ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Jumladan, 2024-yilning 7-13-yanvar kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida matematika-fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan tashkil etilgan 20-Xalqaro Jautikov olimpiadasida bronza medalni qo‘lga kiritdi. Undan so‘ng 11-16-mart kunlari o‘tkazilgan IX Kavkaz xalqaro matematika olimpiadasiga – Adigeya Respublikasiga yo‘l oldi! U yerdan kumush medal bilan qaytgan Elbek o‘qib-o‘rganish, o‘z ustida ishlashda davom etib, aprel oyida Bolqon matematika olimpiadasida ham ishtirok etdi.

Elbek va uning yosh matematik do‘stlari hech to‘xtab qolishgani yo‘q. Har kuni o‘qib, bilimlarini oshirish, ko‘proq olimpiadalarda qatnashib, Xorazmiy avlodlari kimlar ekanligini jahonga ko‘rsatib qo‘yishni maqsad qilishgan.

Iyul oyi ham navqiron matematiklar uchun muhim voqealarga boy bo‘ldi. 11-22-iyul kunlari Angliyada 65-Xalqaro matematika olimpiadasida qatnashgan o‘zbekistonliklar 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi. So‘ng 26-31-iyul kunlari Hindistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika olimpiadasida ham O‘zbekiston terma jamoasi o‘zini munosib namoyon eta oldi. Umumiy hisobda 3 ta oltin, 4 ta kumush, 11 ta bronza medal qo‘lga kiritildi. Jamoada Elbek Zohidjonov singari 8 nafar iqtidorli yoshlar bo‘lib, ularning barchasi O‘zbekistonga yorug‘ yuz bilan muzaffar qaytishdi. Elbek Zohidjonov ikkala olimpiadada kumush medal sohibi bo‘ldi.

Endigina 9-sinf bitiruvchisi bo‘lgan Elbekdagi shijoat, g‘ayrat, eng muhimi, rivojlanib borayotgan bilimga havas qilmay iloj yo‘q.

Qadrli “Gulxan” obunachilari, ta’til yakunlanay deb qoldi. Siz ham yangi o‘quv yilida a’lo baholarga o‘qing, darslarni diqqat bilan tinglang. O‘zingiz qiziqqan, kelajakda chuqur egallamoqchi bo‘lgan fanlaringizdan to‘garaklarga boring. Tengdoshingiz Elbek kabi musobaqalarda, olimpiadalarda qatnashsangiz, albatta, g‘alaba qozonishingizga ishonamiz. Barchangizga omad yor bo‘lsin!

 

Muhammad  ALI

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.