Gʻalaba qonimizda
Iltimos, O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi uchun o‘rningizdan turing!..
Fransuz va ingliz tillaridagi ushbu chaqiriqdan keyin dunyoning yuzlab mamlakatlaridan kelgan minglab sportchilar, murabbiylar, sport muxlislari – barchasi oyoqqa turdi. Afsonaviy shahar – Parij bo‘ylab Vatanimiz madhiyasi yangradi. Butun dunyo O‘zbekiston sportchilariga qoyil qolishdi, olqishlashdi, havas qilishdi.
Ha, bularning hammasi – Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida yuz berdi. Ushbu o‘yinlar natijasi o‘laroq O‘zbekiston tarixida eng yaxshisi bo‘la oldi. Sportchilarimiz o‘zbek sporti qay darajada shiddat bilan rivojlanib borayotganini isbotlab qaytdilar. Bu yilgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston futbol terma jamoasining ilk bor ishtirok etishi bilan ham esda qolarli bo‘ldi. Garchi futbolda yuqori natija bo‘lmasa-da, sportning boshqa ko‘plab turlarida yurtimiz farzandlari o‘z kuch-qudratini namoyon etib, Vatan bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tara oldi.
Umumiy hisobda 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medal qo‘lga kiritildi. O‘zbekiston 206 ta davlat ichida 13-o‘rinni zabt etdi. Rekordlar yangilandi, jahon tan olgan sportchilar mag‘lub etildi.
Barchamiz tanigan bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘stmatov, taekvondochi Ulug‘bek Rashitovlar “Olimpiya o‘yinlari chempioni” nomini ikki karra oqladilar.
Ayollar dzyudosida -52 kg vazn toifasi bo‘yicha ishtirok etgan Diyora Keldiyorova o‘yinning ilk bosqichidanoq qahramonlik ko‘rsatdi. U chorak finalda yaponiyalik dzyudochi, amaldagi Olimpiya va jahon chempioni Uta Abe bilan bahs olib borib, uni mag‘lub etdi. Shu o‘yinning o‘ziyoq Diyoraning oltin medalga munosibligini isbotlab bergandi. Finalda Diyoraga kosovalik sportchi raqib bo‘ldi. Barcha bosqichlarda muvaffaqiyat qozongan Diyora Keldiyorova – dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan ilk o‘zbek ayoli sifatida tarixga kirdi.
O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi a’zosi Svetlana Osipovaning g‘alabasini ham alohida eslashimiz kerak. Murosasiz o‘tgan finalda unga mezbon davlat – Fransiya sportchisi Alteya Loren raqiblik qildi. Sportchimiz bir necha soniyanigina boy berib, Olimpiya o‘yinlarida kumush medal sohibasi bo‘ldi.
Bokschimiz – jahon chempioni Abdumalik Xalokov ham O‘zbekiston hisobiga yana bir oltin medalni taqdim etdi. U finalda qo‘shni Qirg‘iziston vakili bilan bahslashdi.
Erkin kurash bo‘yicha ham O‘zbekiston boshqalardan ancha oldinda. Sportning ushbu turida oltin medalga O‘zbekiston nomidan Razambek Jamalov mualliflik qildi.
22 yoshidayoq ikki karra chempionlikka sazovor bo‘lgan Ulug‘bek Rashitov Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yopilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdoriga aylandi. Sportchilar O‘zbekistonga ulkan yutuqlar, milliy g‘urur, g‘alaba nashidasini olib keldilar.
Sportchilar bilan ularning ota-onalari, oilasi, yaqinlari va murabbiylarigina emas, butun O‘zbekiston xalqi faxrlanadi! Hattoki, qardosh mamlakatlarimiz – Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonlardan ham o‘zbek sportchilariga atalgan samimiy tabriknomalar, she’rlar, xatlar, qo‘shiqlar yo‘llandi.
Sport – tinchlik va do‘stlik elchisi, deb bekorga aytishmaydi. Qadimda Olimpiya o‘yinlari xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida uyushtirilgan. Shu ma’noda, Olimpiya o‘yinlari bugun ham o‘zining qadimiy mazmun-mohiyatini, asl maqsadini yo‘qotgani yo‘q.
Qadrli uka-singillarim, sizlar ham yoshligingizdan sportga oshno bo‘ling, zero, biz o‘zbeklar – Alpomishlarning, Barchinoylarning, To‘maris-u Jaloliddinlarning avlodimiz. Sport, kuch, jasorat, g‘alaba bizlarning qonimizda hamisha jo‘shib turadi.
Muhammadali PO‘LATOV