Oʻzbek qizi nemis tilida eng yaxshisi
15-22-iyul kunlari Germaniyaning Gyottingen shahrida nemis tili Butunjahon olimpiadasi o‘tkazildi. Unda 62 davlatdan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafar o‘quvchi bellashdi. E’tiborlisi, oltin medalni olganlar orasida o‘zbekistonlik qiz ham bor.
Olimpiada “oltin”iga bir yo‘la uch qatnashchi loyiq topildi: Rayyona Ibrohimova (O‘zbekiston), Mahyek Xon (Bangladesh) va Ana Kotevska (Shimoliy Makedoniya).
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Meksika, Italiya, Slovakiya, Polsha va Buyuk Britaniya maktablari o‘quvchilariga nasib etdi.
Rayyona Ibrohimova Andijon shahridagi 4-maktabning 11-sinfiga o‘tdi. U o‘zi haqida va olimpiada jarayoni to‘g‘risida quyidagilarni gapirib berdi:
– Men Andijon tumanining Poloson mahallasida o‘qituvchilar oilasida ulg‘ayganman. Ota-onam va ustozlarimning ishonchini oqlaganim, Vatanimizning sharafini munosib himoya qila olganim oilamiz uchun katta xursandchilik bo‘ldi.
Onam Iroda Jo‘rayeva ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi. Otam Nodirbek Jo‘rayev ixtisoslashtirilgan san’at maktabida aktyorlik mahoratidan dars beradilar. Ikkovlari ham har qanday vaziyatda bilim olishimiz uchun sarmoyani to‘xtatmaganlar. Otamning xohishiga qarshi bormay bir muddat musiqa o‘rgandim.
O‘tgan yillar davomida ko‘plab musobaqalarda ishtirok etganman. 6-sinfda Zulfiya mukofotiga tayyorgarlik ko‘ra boshladim. She’rlarim gazetalarda chop etildi. Ammo bellashuv men uchun muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. 2022-yilda “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida 4-o‘rinni oldim. O‘sha paytda tanlovlarga nisbatan ishtiyoqim so‘ngani rost. Lekin maqsadimdan chekinmadim. Tushkunlikka tushgan paytlarimda ota-onam dalda bo‘lishdi. 8-sinfdan boshlab onamning tavsiyalari bilan nemis tilini o‘rganishga qaror qildim.
Nemis tili Butunjahon olimpiadasi ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi milliy saralash bosqichi Toshkentdagi Gyote institutida bo‘lib o‘tdi. U yerda 1-o‘rinni olganimda “Demak, Germaniyadagi tanlovda ham yuqori natijaga erishsam kerak”, degan umid paydo bo‘ldi. Ammo, Germaniyaga borgach ikkilandim. Chunki Germaniyaning 9 qo‘shni davlatidan kelgan ishtirokchilar, ayniqsa, Fransiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Italiya vakillari nemis tilida juda ravon gapirishardi. Xayolimdan “Mening tayyorgarligim oddiy” degan o‘y o‘tdi. Shunga qaramasdan, tavakkal qildim. U yerda faqat til bilish darajamiz emas, balki ijodiy fikrlashimiz, dunyoqarashimizning kengligi, aktyorlik mahoratimiz ham sinovdan o‘tkazildi. O‘zbek va nemis adabiyotidan o‘qigan asarlarim shu paytda juda qo‘l keldi.
So‘nggi natija kutilmagan bo‘lib, go‘yo chaqmoqdek soniyalarda ko‘nglimni yoritib yubordi. Holatni tasvirlab berish juda qiyin. Hammasi yaxshilik bilan tugadi.
Rayyona ikki yil avval ham Germaniyada yozgi oromgohda bo‘lib qaytgandi. O‘shanda undan tengdoshlari qaysi davlatdan kelganini so‘rashdi. O‘zbekistonlikman, deganida atrofidagilar bu davlat haqida birinchi marta eshitishayotganini aytishdi. Shu voqeadan so‘ng, u qachondir olimpiadada g‘olib bo‘lsa, ona yurtini dunyoga tanitishni diliga tugib qo‘ygan edi.
– Inson niyatni katta qilishi kerak. Agar niyat ulug‘ bo‘lsa, chin qalbdan chiqsa, albatta, erishish mumkin ekan, – deydi Rayyonaning onasi Iroda opa. – Men bunga qizim misolida amin bo‘ldim. Ko‘p kitob o‘qiganidan, “Kamroq o‘qi, toliqib qolasan”, degan kunlarim bo‘lgan. Endi tushundimki, uning mehnati zoye ketmadi.
Qizim Germaniyaga jo‘nab ketishidan avval mendan milliy libos tikib berishimni iltimos qildi. Olimpiadada 1-o‘rinni olaman, deb niyatni katta qildi. Bayroq sotib oldik, milliy libos tikib berdik. Uni musobaqagacha g‘olib bo‘lishi uchun ruhan tayyorladik. Qizim bayroqni yelkasida ko‘tarib olib, g‘oliblik nashidasini his qilib mashqlar qildi, – deydi Rayyonaning onasi.
– Agar chet tilini yaxshi bilsang-u, nutqing ravon bo‘lmasa, atrofdagilarga fikringni yetkaza olmasang, natija ko‘rsatolmaysan – deydi ustozi Muqaddas opa Qosimova. – Rayyona bolaligidan ko‘p kitob o‘qiganligi sabab dunyoqarashi keng, so‘z boyligi yetarlicha. Musobaqada ana shu imkoniyatini yaqqol ko‘rsatib bera oldi. Taqdirlash paytida g‘alati bir holatga guvoh bo‘ldim. G‘olib bo‘lganlar (1-, 2-, 3-o‘rin) medalni qabul qilib olgach, o‘z joylariga shunchaki borib o‘tirishdi. O‘quvchim esa taqdirlangach oldimga kelib, quchoqlab, hayajonini, sevinchini men bilan baham ko‘rdi. Bizning o‘zbekona mentalitetimiz baribir o‘ziga xos!
Rayyona Ibrohimova Germaniyada tahsil olib, kelajakda badiiy asarlar tarjimasi bilan shug‘ullanmoqchi.
Bilimdon qizga hamisha omad yor bo‘lishini tilab qolamiz. Ilm yo‘lidagi parvozing baland va muvaffaqiyatli bo‘lsin, Rayyona!
Dilafro‘z ZAYNIYEVA