Har kim oʻz yoʻlida
***
Husniyabonu Tursunova, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 265-maktab o‘quvchisi:
– Bu yil 9-sinfni bitirib, uzoq ikkilanishlardan so‘ng maktabimizda o‘qishni davom ettiradigan bo‘ldim. Yozgi ta’tilda vaqtimni kitob o‘qishga sarfladim. Artur Konan Doylning “Yo‘qolgan dunyo”, Tur Xeyerdalning “Kon-Tikida safar” asarlarini mutolaa qilib, bir olam taassurot oldim. Men o‘zimni xuddi asar qahramonlari kabi palma yog‘ochidan yasalgan qayiqqa tushib qolgandek his etdim, ular kabi sayohat qildim.
***
Shukronabegim Ashurova, Samarqand shahridagi 50-maktab o‘quvchisi:
– Yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazish maqsadida o‘quv markazida ingliz tilini o‘rganyapman. Yaqin kunlarda IELTS sinovlarida ishtirok etib, yuqori natijaga erishish niyatidaman. Shuningdek, do‘stlarim bilan birgalikda volontyorlar guruhida qatnashib, savobli xayriya ishlariga yordam beryapman.
Kelgusida huquqshunos bo‘lishni orzu qilaman. Bu yo‘lda bor imkoniyatlarim va bilimimni ishga solaman.
***
Iymona Ziyovuddinova, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 19-maktab o‘quvchisi:
– Bu yil 3-sinfni a’lo baholarga tamomlaganim uchun bobom “Anor” oromgohiga yo‘llanma sovg‘a qildilar. 12 kun davomida u yerda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Oromgoh tomonidan tashkil etilgan musobaqa va tadbirlarda faol ishtirok etib, she’riy bahribayt bo‘yicha “Yosh shoira” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldim. Badiiy gimnastikaga bir necha yillar qatnashib kelganim bois oromgohdagi turli tadbirlarda chiroyli chiqishlar qilib, o‘z mahoratimni ko‘rsatdim. Kelgusi o‘quv yilini ham a’lo baholarga bitirib, yana dam olish maskaniga borishni maqsad qildim.
***
Bobur Bahodirov, Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 236-maktabning 8-sinf o‘quvchisi:
Har yilgidek bu yil ham yozgi ta’tildagi vaqtim futbol bilan o‘tdi. Bu sport turi bilan to‘rt yoshimdan buyon shug‘ullanaman. Ta’til bahona mashg‘ulotlarni yanada ko‘paytirib, sog‘lig‘imga ahamiyat beryapman. Ayniqsa, to‘g‘ri ovqatlanishga. Jamoa bo‘yicha murabbiyim biz o‘yinchilarni har tomonlama yetuk bo‘lishimiz uchun har ikki haftada bitta badiiy kitob o‘qib topshirishimizni tayinladi. Kitob o‘qishga hech vaqt ajratmaganim uchun boshida dangasalik qildim. Lekin hozirda Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Jannati odamlar”, Hasan Mamasaidovning “Bu kitob siz uchun emas” asarlarini o‘qib topshirdim. Kitob o‘qish menga o‘zgacha zavq bermoqda. Endilikda bu mashg‘ulotni hecham qoldirmayman.
***
Dilshodxon Avazxonov, Uchko‘prik tumanidagi 2-maktabning 7-sinf o‘quvchisi:
– Yoz fasli boshlanishi bilan akam poytaxtdan qishloqqa dam olishga keldilar. Keliboq men bilan shug‘ullana ketdilar. Bilimlarimni sinovdan o‘tkazdilar, xotira va diqqatimni mustahkamlash uchun o‘yinlar o‘rgatdilar. Har kuni tongda stadionga yugurishga chiqyapmiz. Boshida hansirab qoldim, akamning tanbehlaridan keyin yana olg‘a yugurdim. To‘g‘risini aytsam, ancha chiniqyapman. Men uchun poytaxtdan olib kelgan O‘tkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar”, O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin” asarlarini maroq bilan o‘qidim. So‘ng Paulo Koeloning “Alkimyogar” asarini boshladim. Ta’til so‘ngigacha o‘qib chiqishimni akam qattiq tayinladilar.
***
Muhammadjon Bobomurodov, Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 355-maktab o‘quvchisi:
– 4-sinfni a’lo baholar bilan tamomlab, o‘z bilim va kuchimga tayanib, kelgusi o‘quv yilidan Prezident maktabida o‘qishni maqsad qilib qo‘ydim. Shu sababli yozgi ta’til kunlarini imtihonlarga tayyorgarlik bilan o‘tkazyapman. Asosan, ingliz tili va matematikadan qo‘shimcha to‘garaklarga borib, bilimimni mustahkamlayapman. Bundan o‘zimga bo‘lgan ishonch yanada ortyapti.
***
Oyto‘rabonu Jamolova, Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi 1-maktabning 9-sinf bitiruvchisi:
– Maktabni a’lo baholarga tamomlab, bir yil davomida ingliz tilidan egallagan bilimlarimga tayanib hujjatlarimni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyga topshirdim. Hozirda imtihonga tayyorgarlik ko‘ryapman. Kelajakdagi asosiy maqsadim, yana bir necha xorijiy tillarni o‘rganib, turizm sohasida ishlash va dunyo kezish. Imtihonlarni topshirib bo‘lgach, oilaviy dam olish maskanlariga borish rejada bor.
***
Muslimaxon Saminjonova, Buvayda tumani xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi:
– Yozgi ta’tilda umuman bo‘sh qolmadim, desam ham bo‘ladi. Chunki bog‘imizda pishiqchilik boshlanib, yig‘im-terim bilan band bo‘lamiz. Yoz boshlarida olcha, keyinchalik o‘rik, shaftoli terimi boshlanadi. Mana, uzumlarimiz ham pishib, yetilib turibdi. Bog‘ ishlaridan tashqari turli rangli munchoqlardan sumkalar yasashga qiziqaman. Hozirda buyurtmalar ham olib, o‘zimning kichik biznesimni yo‘lga qo‘ydim.
Hilola ABDURASULOVA tayyorladi