Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mumu va Gerasim – ilk manzilga qaytish

Sizning biror uy hayvoningiz bo‘lganmi? Mushuk yoki it kabi sadoqatli jonivorlarni juda yoqtirsangiz kerak-a? Unda keling, bugun birgalikda sodiq it va uning egasi haqida qiziqarli va qayg‘uli hikoya bilan tanishamiz.  Hech e’tibor berganmisiz, itlarga egasining martabasi, jinsi, yoshining ahamiyati yo‘q. Har qanday it o‘z xo‘jayiniga sodiq va itoatkor bo‘ladi. Mumu ham shunday itlar sirasidan edi.

1852-yilda Ivan Turgenev Nikolay Gogolning o‘limi haqida nekrolog yozdi. Sankt-Peterburg senzurasi buni ma’qullamadi va nashr qilishni taqiqladi. Ammo matn “Московские ведомости”da chop etildi. Buning uchun imperator Nikolay I  yozuvchini bir oy qamoq va nazorat ostida yashash bilan jazoladi. Turgenev qamoqda bo‘lganida mashhur  “Mumu” hikoyasini yaratdi. Yozuvchi asar syujetini real hayotdan olgan. Asar birinchi marta 1854-yilda “Современник” jurnalida nashr etilgan. Unda yozuvchi krepostnoylik illatlarini ko‘rsatgan va bu ijtimoiy tuzumni qoralagan.

Hikoya bosh qahramoni boy xonimning uyiga qishloqdan olib kelingan bo‘yi salkam uch gaz, qaddi-qomati bahodirona, onadan gung va kar bo‘lib tug‘ilgan xizmatkor Gerasim hisoblanadi. Gerasim qishloqda o‘z yaqinlaridan alohida, yakka o‘zi kichik bir uyda yashardi. U juda baquvvat, serg‘ayrat edi, bir o‘zi 4 kishining ishini qilardi. Uni boy, qari ayol qishloqdan Moskvaga keltiradi. Dastlab yangi turmushiga ko‘nikolmaydi. So‘ng o‘z vazifasini ixlos bilan bajaradi va barchaga manzur bo‘ladi. Hikoyani o‘qib, Gerasim butun umri davomida yolg‘iz bo‘lganini tushunasiz. Bu bahaybat odam, garchi u sevilmagan bo‘lsa ham, hech qachon boshqa odamlardan nafratlanmaydi. Ehtimol, nuqsoni sabab u baxtlidir. Chunki u boshqalar kabi dunyo tashvishlari va g‘iybatlarni tinglamaydi, keraksiz narsalarni gaplashib vaqt sarflamaydi.

Gerasimning yagona do‘sti uning Mumu laqabli iti edi. U yangi tug‘ilgan it bolasini tasodifan topib oladi. Dastlab bu jonivor juda ko‘rimsiz va nimjon edi. Biroq 8 oy o‘tib, Gerasimning parvarishlashi natijasida yoqimtoy va sadoqatli itga aylanadi. Gerasim Mumu so‘zini talaffuz qilolgani sabab unga shunday ism qo‘yadi. Mumu va Gerasim bir-birlaridan umuman ayrilishmaydi. Mumu uydagi barcha xizmatkorlarga erkalanadi, ammo faqat Gerasimni yaxshi ko‘radi. Boshqalar Mumuning boshini silashi Gerasimning g‘ashini keltiradi. Bunda “Hech bir ona o‘z bolasini Gerasim o‘zi asragan kuchukni parvarish qilganday parvarish qilmaydi” deya ta’rif beriladi asarda.

Mumu egasiga sadoqati sabab xonadon bekasining g‘azabiga duchor bo‘ladi. Itni uydan yo‘q qilishga berilgan buyruq va uning yashirincha bajarilishi tufayli Gerasim va Mumu bir-birlaridan ayriladi. Mumuni boshqa odamga sotib yuborishadi. Mumu bo‘ynidagi arqonni uzib,  Gerasimning oldiga qaytib keladi.  Biroq bekaning buyrug‘i sabab Mumu uydan yo‘q qilinishi kerak edi. Shaharda ham Gerasimning hafsalasi pir bo‘ldi. Birinchidan, u sevgan xizmatkor qiz boshqa odamga turmushga chiqdi. Ehtimol, u qiz bilan taqdiri tutashmaganini tushungandir, chunki hamma Gerasimdan qo‘rqardi, hatto, qiz ham. Ammo yagona do‘stidan ayrilishi sabab Gerasim umidini yo‘qotdi. Shundan so‘ng u barchasiga befarq bo‘lib qoldi. Bekasi uni kechiradimi yoki itoatsizligi uchun jazolaydimi,  unga baribir edi. Yo‘qotishdan olgan dardi shunchalik kuchli ediki, Gerasim sevimli va yagona do‘stini eslatadigan joylardan qochib ketdi.

Turgenev ijtimoiy tengsizlikning shaf­qatsizligini ta’kidlash uchun Mumu obrazidan foydalanadi. Gerasim dehqonlarning vakili sifatida, soqovligi va sadoqatiga qaramay, unga nisbatan hech qanday rahm-shafqat ko‘rsatmaydigan bekasining irodasiga bo‘y­sunishga majbur bo‘ladi. Mumu esa zaif va himoyasizlar kuchli va qudratlilarning injiqliklari tufayli azob chekayotgan begunoh qurbonlarni anglatadi. Turgenevning “Mumu” hikoyasidagi it obrazi ko‘p qirrali va ramziydir. Mumu orqali muallif o‘quvchiga begunohlik, fidoyilik va ijtimoiy adolatsizlik haqidagi g‘oyalarni yetkazadi. Turgenev inson va hayvon o‘rtasidagi do‘stlik haqidagi ta’sirchan hikoyasi bilan rahm-shafqatning qanchalik muhimligi haqida o‘ylashga undaydi. Mumu kitobxonlar xotirasida to‘siqlarga qara­may shafqatsizlik va ado­latsizlikka to‘la dunyoda mavjud bo‘lib kela­yotgan sof va samimiy sevgi timsoli sifatida saqlanib qoladi.

Kitobsevar do‘stlar, xo‘sh, hikoya haqidagi fikrlar sizga yoqdimi? Unda, albatta, mutolaaga kirishing. Kitob o‘qishga, so‘ng o‘qiganlaringizni mushohada qi­lishga, yaqinlaringiz bilan muhokama qi­lishga odatlaning. Shunda har bir kitob yanada bilimdon bo‘lishingiz, fikrlaringiz o‘tkirlashishiga yordam beradi. Hayotingiz davomida to‘g‘ri yo‘lni tanlashda adashmaysiz. Mutolaadan so‘ng, quyidagi savollarga javob topishni va o‘z fikrlaringizni biz bilan o‘rtoqlashishni unutmang (@GulxanBilimdon). Savollarga to‘g‘ri javob bergan o‘quvchilarni jurnalimiz tomonidan tayyorlangan ajoyib sovg‘alar kutib turibdi.

 

Savollar:

1.  Gerasim kuchukchani qayerdan topib oladi?

2.  Gerasim qaysi qizni yoqtirib qoladi?

3.  Gerasim qizil ro‘molchani kimga sovg‘a qiladi?

4.  Qaysi voqea sabab uy egasi Mumuni yomon ko‘rib qoladi?

5.  Gerasim bekasining uyini tashlab qayerga ketadi?

6.  Mumudagi qaysi xislatlar sizga yoqdi?

 

Shahribonu RAHMATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.