Ijodkor soʻzga masʼul
O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim, mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov an’anaviy Zomin seminarida yosh ijodkorlarga aytgan quyidagi fikrlari “Gulxan” jurnalining yosh qalamkashlari uchun ham o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘taydi, deb o‘ylaymiz.
– Zomin seminari adabiy, insoniy, ijodiy va tarixiy qimmatga ega. Chunki siz — barcha ishtirokchilarning yosh qalbida birinchi kitobingiz, doston-u hikoyangiz, badialaringiz jaranglab turibdi. Buni sezyapman. Shu kunlarda Zomin bag‘rida ulug‘ bir ijodiy muhit paydo bo‘lgan. Millatimiz ruhi — Sakkokiy, Lutfiy, Atoyi, Navoiy, Bobur mirzo kabi bobolarimiz ruhi sizning qadamingizda, qiyofangizda, nafaslaringizda kezib yuribdi.
Siz davlatimiz rahbari aytganidek, yangi O‘zbekistonning haqiqiy ma’nodagi najoti bo‘lgan, kelajagi bo‘ladigan avlodsiz.
Nima uchun Prezidentimiz sizning qiyofangizda mamlakatimizning kelajagini va najotini ko‘ryapti?! Bular quruq gap emas. O‘zbekistonning kelajagi, najoti, ko‘rar ko‘zi, eshitar qulog‘i, uradigan yuragi, degan so‘z faqat siz uchun aytilgan va siz bundan keyin qo‘yadigan har bir qadamingizda, ijodiy yo‘lingizda buni isbotlab, xalqimizga o‘z ijod mahsulingizni qadam-baqadam tuhfa qilib borasiz.
Unutmang, Alisher Navoiy, Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniydek ko‘p buyuk bobolarimizdan kelayotgan ruh, nafas sizlarda hozir hukmron kuch bo‘lib turibdi.
Hozirgi ijodiy mashqlaringiz birdan dunyoni egallab ololmas, o‘zbekning qalbini shu onda ishg‘ol qilmas, lekin hozir yozayotganlaringiz, haqiqiy ma’noda, xuddi Abdulla Oripovning birinchi she’rlari, Erkin Vohidovning “Qoratol”dek ajoyib she’ri kabi qalblarni zabt etish uchun yo‘lga chiqqan bo‘lsa, ne ajab!
Bugun siz yozayotgan asarlarni hozirgi kunimizning nafasini aks ettirayotgan, xalqimizning intilishlari, izlanishlari, ruhoniy, ma’naviy dunyosini ko‘rsatib berayotgan va kelajakning najotkor estetikasi, go‘zalligini ifodalab berayotgan asarlar, deb o‘ylayman.
Ko‘zingizni hayot haqiqatlarini ko‘rishga o‘rgating! Buyuk yunon faylasufi Geraklit aytadiki, odamga xos bo‘lgan xususiyatlardan biri — u yonidan o‘tib ketayotgan ilohiy hodisalarni ilg‘amay qoladi. Ilohiy tabiatga, ilohiy fitratga ega odamlarni o‘tkazib yubormang! Kuzating va shuuringizni boyiting!
Hayot va odamlarni tinimsiz kuzating. Kuzatibgina qolmay, bu voqeliklarni o‘tmish va kelajak bilan taqqoslashingiz kerak. Bu esa sizda ijodkorliknigina emas, mutafakkirlikni ham uyg‘otadi. Ijodkor bo‘lish bilan birga mutafakkir, olim, badiiy munaqqid ham bo‘ling! Mana shu jihatlardan ijodkor sifatidagi qiyofangiz hosil bo‘ladi. Bittasi kam bo‘lsa ham ijodingizda to‘kislik bo‘lmasligi mumkin. Shu fazilatlarni o‘zingizda mujassam qilish uchun har qanday mashaqqatga chidashingizga to‘g‘ri keladi!
Ijodkor uchun eng kerakli jihat nima? O‘zingizning rivoyat, bayon, badiiyat uslubingizni topib olishingiz zarur. Qalbingiz nimaga qodirligi, qanday o‘ringa loyiqligi, dunyoning necha botmon yukini ko‘tara olishingizni chamalab olishingiz kerak. Hozir bayon uslubingizni topmasangiz, yangi ijod maydonlarini egallashingiz qiyin bo‘ladi.
Bo‘lajak shoir, ijodkor, nosir, tanqidchi, dramaturg sifatida o‘zingizni o‘zingiz kashf etishingiz kerak.
Ijodkor o‘zini o‘zi qanday yaratadi? Albatta, obrazli metaforik so‘zlar, ifodalar vositasida. Hayotni, odamlarni ko‘rib, minglab taqdirlarni ko‘z o‘ngingizga keltirib, ularning achchiq va shirin kechmishlarini kuzatib o‘zingizni yaratasiz.
O‘zingizni ulkan ijodiy ishlarga qodir deb his qilishingizni va shuni anglash, sezish darajasida oldingizga muhim ijodiy maqsadlar qo‘yishingizni so‘ragan va iltijo qilgan bo‘lardim.
Siz — kelajakning najoti bo‘lgan, kelajakni o‘zingizning ijodiy izlanishlaringiz, yangiliklaringiz bilan belgilaydigan va O‘zbekistonni jahonga olib chiqadigan yoshlarsiz. Shu bois, sizning hayot va ijod yo‘lingizga beparvo munosabatda bo‘lmasligimiz kerak.
Yozuvchi va shoir o‘ziga xos uslubini topa boshlar ekan, oldiga aniq vazifalar qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. “Yuragimda yongan iste’dod chirog‘ini o‘chirib qo‘ymasligim uchun qanday asarlar yozishim va qaysi paytlarda qalamimni qo‘lga olishim kerak?” degan savol hamisha sizni bezovta qilsin!
Mas’uliyat bo‘lmasa, hech qayerda hech bir ish bitmaydi. Mas’uliyatli odam deb kimnidir ta’riflasangiz, o‘sha odamga nisbatan beixtiyor ishonch va hurmat uyg‘onadi. Dunyodagi barcha ulug‘, xayrli ishlar mas’uliyat tufayli amalga oshadi. Surishtirib kelsangiz, insoniyatning barcha fojialari ildizida mas’uliyatsizlik yotadi. Istisno yo‘q. Ijodkor mas’uliyatini-ku, qo‘yavering. Ijodkor so‘zga, g‘oyaga mas’ul. Uning mas’uliyatsizligi so‘z va g‘oyalarning isrofgarchiligiga, siyqalanishiga yoki dogmaga aylanishiga olib keladi. O‘qib bo‘lmaydigan kitoblar, o‘qib bo‘lmaydigan maqolalar, o‘qib bo‘lmaydigan she’rlarning haddan tashqari ko‘pligini nima bilan izohlaysiz? Bularning sababi mas’uliyatsizlik emasmi?