Qirq bolaga qirq savol
Assalomu alaykum, “Gulxan” jurnalining sevimli mushtariylari, muhtaram yosh kitobxonlar! “Bir she’r tahlili” mavzusidagi sirtqi darsimizning navbatdagi mashg‘ulotida sizlar bilan hozirgi o‘zbek bolalar she’riyatining taniqli namoyandasi Miraziz A’zamning “Qirq bolaga qirq savol” she’ri haqidagi ba’zi fikrlarimizni o‘rtoqlashamiz. Shoirning 2000-yilda chop etilgan ushbu to‘plamidagi qirq savoldan iborat turkum muallifning bolalarga savollaridan iborat. Bu savollar nafaqat yosh kitobxonni, balki kattalarni ham o‘ylantirib qo‘yishi bilan e’tiborga molik. Fikr dalili uchun ba’zi savollarga murojaat qilaylik. Birinchi savol:
Qaysi bog‘da qanday meva?
Qay chamanning gulisiz?
Elingizning oti nima?
Qaysi millat o‘g‘lisiz?
Yurtingizni sevasizmi?
O‘zbekmisiz, turkmisiz?
Elni obod etasizmi,
Yo Vatanga yukmisiz?
Shoir dastlabki savoldanoq masalani jiddiy qo‘yadi. Aslida, uning avvalgi she’riy to‘plamlarida ham yosh kitobxonlarga murojaati ularning fahm-farosatiga komil ishonch bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, shoir “Bolalar hali yosh, bu gaplarga ularning aqli yetmaydi” demaydi, balki “Yosh chog‘laridanoq ular bilan tengdosh singari, hurmatlarini joyiga qo‘yib, barcha mavzularda gaplashish mumkin, qaytaga bunday murojaat ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini yanada mustahkamlaydi, fikrlarini charxlaydi” deb hisoblaydi. Yuqoridagi dastlabki savol ham ayni shu jihati bilan e’tiborga molik. Shoir bolalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Elingizning oti nima? Qaysi millat o‘g‘lisiz?” deb savol beradi. Birinchi savolning sakkiz satrida bola (yosh kitobxon)ga bir-biridan jiddiy sakkiz savol bilan murojaat qilinar ekan, har bir savol keyingi qismga bevosita bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi, masalani yanada qat’iylashtiradi. Shahar ko‘chalarida o‘zlarining go‘yoki madaniyatliroq ekanliklarini ko‘z-ko‘z qilish uchun hamrohlariga o‘zga tillarda murojaat qilayotgan yigitchalar yoki qizlarga ko‘zimiz tushar ekan, shoir ushbu savollarida naqadar haqligiga yana bir karra guvoh bo‘lamiz.
Sakkizinchi savol ushbu nuqtai nazardan yanada xarakterli:
Nega bizning yurtimizda
Ozod degan bola ko‘p?
Erkin degan undan-da ko‘p,
Hurriyati yana ko‘p.
Ozod, Erkin, Hurriyat deb
Ot qo‘yganda otalar
Ne xayolga borishdiykin?
Qaysi bola aytolar?
Rostdan ham, nima uchun yurtimizda Ozod, Erkin, Hurriyat degan ilmlar ko‘p? Bu ilmlarni qo‘yganda otalar bolalarimiz ozod, erkin bo‘lsinlar, yurtimiz hurriyatga erishsin, degan niyatlarni ko‘zda tutmaganmikanlar? Shoir savollarni ana shunday ketma-ket berar ekan, ushbu satrlari bilan yosh kitobxonlar qalbida xalqimiz bir umr orzu qilgan ozodlik, erkinlik, hurriyat degan orzu-umidlar ro‘yobga chiqishi uchun istiqlol binosining bitta mustahkam ustunini tiklashga harakat qiladi.
O‘n yettinchi savol yosh kitobxonni yana-da o‘ylantirib qo‘yadi:
Shiroq bobo qanchalar hur-a?
Temur bobo qanchalar zo‘r-a?
Biz nimaga tobemiz, tarqoq?
Nima uchun qalbimiz qo‘rqoq?
Ushbu she’r 1988-yilda, ya’ni ozodlik, erkinlik, hurlik degan tuyg‘ular qalbimizda endi nisbatan ochiqroq chechak otayotgan paytda yaratilgan. Shu sababli ham undagi barcha savollar yosh kitobxon qalbidan tobelik, tarqoqlik, qo‘rqoqlik singari illatlarni siqib chiqarishga, ana shu ritorik so‘roqlar orqali pokiza murg‘ak qalblarni uyg‘otishga xizmat qiladi.
Aslini olganda, qirq savolning barchasini mufassal tahlil qilishga ehtiyoj bor, chunki ular bir-biriga shu qadar chambarchas bog‘liqki, xuddi imoratga ketma-ket terilayotgan g‘ishtlar devorni mustahkamlagani singari yosh kitobxon fikr olamini charxlashga, uning qalbida ona-Vataniga, eliga, yurtiga, xalqiga, millatiga, ota-onasiga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga, erk tuyg‘usini shakllantirishga, elimiz, yurtimiz ertasiga, o‘zining kelajagiga ishonch tuyg‘usini kamol toptirishga xizmat qiladi.
She’r shoirning o‘ziga xos xotimasi bilan yakunlangan:
Mana, bitdi hammasi –
Qirq bolaga qirq savol.
Topgan bola o‘lmasin,
Baxti bo‘lsin barkamol.
Endi qalbim kutadi
Qirq boladan qirq javob.
Yurt tanigan yutadi,
Topadi minglab javob.
Derki Miraziz A’zam:
- Ko‘ravering tayyorlik.
Haq deb bosilgan qadam
Keltirar baxtiyorlik.
Miraziz A’zam “Metallurg” (1964), “Aqlli bolalar” (1969), “Senga nima bo‘ldi?” (1970), “G‘alati tush” (1972), “Yer aylanadi” (1973), “Yerga dovruq solamiz” (1976), “Bir cho‘ntak yong‘oq” (1990), “Qirq bolaga qirq savol” (2000), “Eng yorug‘ yulduzlar” (2002), “Saylanma” (2005) singari asarlar muallifidir. Umid qilamanki, sizlar “Qirq bolaga qirq savol” she’ri tahliliga doir fikrlaringizni yozib yuborasizlar va sevimli shoirimizning kitoblarini topib o‘qiysizlar.
Rahmatulla BARAKAYEV,
Professor