Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bola qalbining meʼmori

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, II-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni nishondori, taniqli adiba Yayra Sa’dullayeva bu yil 90 yoshni qarshilayaptilar. Yayra opa ish faoliyati davomida butun iste’dod va imkoniyatlarini, kuch-g‘ayratlarini bolalarga bag‘ishladilar, ularga atab qalam tebratdilar.

Yayra Sa’dullayeva avval yoshlar gazetasida ish boshlaganlar. So‘ng yetti yil “Gulxan” jurnalida, 27 yil kichkintoylarning sevimli nashri “G‘uncha”ga rahbarlik qildilar. Yayra opa bolalar jurnali har bir o‘zbek bolasiga manzur bo‘lishi, ularning ma’naviy olamini boyitish, jajji qalblarga Vatan mehri, milliy qadriyatlarimizga hurmat uyg‘ota olish lozim deb bildilar. Yozuvchi opamizni yaxshi bilganlar u kishini “Bola qalbining me’mori” deb atashadi. Darhaqiqat, Yayra opa bolalarga qanday hikoya va ertaklar kerakligini, qanday ijod mahsullari ularning tarbiyasiga, ma’naviy olamiga munosib hissa qo‘shishini yaxshi biladilar. U kishining o‘nlab kitoblari bugun ham kitobxonlar tomonidan sevib o‘qilmoqda. Maktab darsliklariga kiritilgan bir-biridan qiziq, ilhom bulog‘idan suv ichgan hikoyalari kelajak avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Biz Yayra opa haqida ko‘p yozishimiz, aytishimiz mumkin. Lekin eng muhimi, sahifadagi suratlarga diqqatingizni tortishni istadik. Bu tarixiy suratlardagi o‘zbek adabiyotining zabardast yozuvchi va shoirlarini taniyapsizmi? Yayra opa ular bilan birga ishlagan, hamsuhbat bo‘lgan, ularni yaqindan tanigan.

Biz “Gulxan” jurnali jamoasi nomidan bolajon yozuvchimiz, mehnatdan qadr, obro‘-e’tibor topgan Yayra Sa’dullayevani 90 yillik tavallud kunlari bilan samimiy tabriklaymiz. Ularga uzoq umr, sihat-salomatlik, doimo farzandlari, nevara-yu evaralar ardog‘ida, oilaviy xotirjamlikda yuz yoshdan oshib yurishlarini tilaymiz.  Qachon suhbatlariga oshiqib borsak, quchoq ochib kutib oladigan qadrdon opamiz yana uzoq yillar bolalar uchun ijod qilishda davom etishlarini istaymiz.

Quyida Yayra opa­­ning “Nurli va nursiz osmon” deb nom­langan kitoblariga kir­gan ayrim lavhalardan e’tiboringizga havola eta­miz.

Mahmud ogʻa haqida

Mahmud aka Murodov bi­lan “G‘uncha” jurnalida uzoq muddat birga ishladik. Ularning davrlarida xolisanlillo aytay, “G‘un­cha” yashnadi. Mahmud akaning ulug‘liklari shunda ediki, ular jurnal uchun jonlarini fido qilishga tayyor edilar. Uning dardi bilan yonardilar. Qani o‘sha yillardagi biror sonni toping-chi, ustozning hissalari qo‘shilmagan bo‘lsin. Yo‘q, topolmaysiz. Mavzular ichlaridan go‘yo qaynab chiqardi. Navbatdagi sonning rejasi tuzilayotib, yumoristik sahifaga navbat yetganda, ular birdan besh olti yashar bolaga aylanib qolardilar. His-hayajon va qiziqish bilan “rasmli hikoya”ni hikoya qila ketardilar.

Bolalar adabiyoti – keng qamrovli adabiyot. Lekin uning tarkibiga kiruvchi kichkintoylar adabiyotining o‘ziga xos murakkablik tomonlari bor. Mahmud aka Murodov uchun bu murakkablikning yechimi oson bo‘lardi. Ular jajji bolalar hayotining qaysi tomoniga qo‘l urmasinlar, haqiqiy bilimdonga aylanardilar. Avvalo, kutilmagan yechim va kutilmagan mavzu ko‘zga tashlanardi. Misol keltiray. Yozuvchining “Samolyot yegan bola” degan hikoyalari bor. Sarlavhasini ko‘rasiz-u, iye, shunaqasiyam bo‘larkanmi, deysiz. Shosha-pisha uni o‘qiy ketasiz va bir pasda o‘zingiz ham bolaga aylanasiz – qo‘yasiz.

“Gulxan”dagi kunlarim

..Men “Gulxan” jurnaliga 1964-yilning 23-fevralida bosh muharrir etib tayinlandim. O‘zim bilgan odamlar, o‘zim bilgan hamkasblarim. “Gulxan” esa bolalar dunyosida o‘z obro‘siga ega bo‘lgan baquvvat jurnal. Tahririyat yangi ishga kelgan paytlarim chin­dan-da gavjum edi. U yerda Maqsud Shayx­zodani, G‘ayratiy dom­lani, sho­ir Shuhrat akani tez-tez uchratish mumkin edi. Hatto, Mir­zakalon Is­moiliydek men uchun qo‘l uzatsa yet­may­­di­gan zabardast inson ham bosh suqib o‘tardilar. Ammo ular ora­sida yana bir ajo­yib ijodkor bor ediki, u tahririyatga ishga kel­­ganimning birinchi kun­laridanoq mone’likka uch­ragan men uchun kishi bilmas tayanch edi. Men odatimga ko‘ra, dovrug‘li kishilardan biroz tortinib tursam-da, ulardan uncha tortinmasdim. Ular doim xonamga kirib hol-ahvol so‘rar, ba’zan ish yuzasidan xira tortgan ko‘nglimni yaxshi gaplari bilan ko‘tarardilar. Baland bo‘yli, qorachadan kelgan, yuzlarida chechakning izi qolgan, gapirganda o‘ziga xos talaffuzga ega bo‘lgan bu kishi To‘xtasin Jalolov edilar. “Gulxan”ni xuddi o‘zlarining ikkinchi uylaridek, bu yerdagilarni esa, o‘z ukalari yoki farzandlaridek ko‘rardilar. Men ularning ijodlaridan biroz xabardor bo‘lsam-da, lekin baribir To‘xtasin domlada qandaydir qudratli kuch yashiringanini, ularda katta bir xazinaning kaliti borligini his qilardim.

 “Guncha”dagi begʻubor damlar

1971-yilning iyunida men “G‘uncha” jurnaliga bosh muharrir etib tayinlandim. Bundan juda-juda xursand edim. Negaki, farzandlarim aynan “G‘uncha” yoshida edilar. Endi “Gulxan”da ishlaganimdek hadeb kitob titaverishga, hadeb maktablarga yuraverishga ehtiyoj yo‘q, o‘z jurnalxonim o‘z yonimda edi. Eh, “G‘uncha”dagi beg‘ubor damlar, unda o‘tgan quvnoq kunlar. Bemalol “G‘uncha” bilan umrimning yangi yo‘llari ochilgandi, deya olaman. Chunki u yerda Mahmud aka Murodovdek asl insonlar, o‘z sohasining haqiqiy bilimdonlari ishlashardi. Agar har bittalarini uyqudan yarim kechada uyg‘otib, “G‘uncha” haqida so‘rasalar, istagan savolingizga javob berardilar. Kun sayin ularning men avvallari ilg‘ab ulgurmagan, hatto chetdan turib ilg‘ashim qiyin bo‘lgan qirralari ochilardi. Men tezroq shu og‘alarimdek kichkintoylar dunyosining mehriboniga, bilag‘oniga aylangim kelardi...

Jurnalning har yangi soni chiqqanida uni muhokama qilar, uni varaqlab dam ko‘nglimiz to‘lar, dam to‘lmasdi. Bilasiz, nisbiylik degan narsa bor. Biz nisbatan qarardik. “Jumboq hikoyalar”, “Rasmlarga qarab ertak to‘qing”, “Bizdan savol, sizdan javob”, “Maza qilib kuldik biz”... Bunday mavzularni yana ancha-muncha davom ettirish mumkin.

 

Z.HASANOVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.