Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Muallim millatni tarbiyalaydi

Sahifamiz mehmoni — O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi, jurnalist, teleboshlovchi, siyosatshunos, siyosiy fanlar nomzodi, professor Sherzodxon Qudratxoja. Ha, bugun yurtimizda ustoz jurnalistni tanimaydigan, bir bora bo‘lsa-da uni televizorda ko‘rmagan insonning o‘zi topilmasa kerak. Nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo ustozni o‘z ona tili uchun kurashgan mardona shaxs sifatida biladi, tan oladi. Sherzodxon Qudratxo‘ja “Oltin qalam” milliy mukofoti, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan. Sahifamizda xalqimiz ardog‘idagi ustoz jurnalistning bolalik xotiralarini e’tiboringizga havola etamiz.

OLIM BOʻLISH OSON, ODAM BOʻLISH…

1974-yil 26-may kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Esimni tanishni boshlabmanki, bobo-buvimning bergan o‘gitlariga, ota-onamning tarbiyasiga amal qilib yashaganman. Buni hali-hanuz unutganim yo‘q. Chunki oilamizda ta’lim-tarbiya masalasiga juda katta e’tibor qaratilardi. Yoshlikdan ilmga intilishimiz, odobli, madaniyatli bo‘lishimiz, birovning haqiga xiyonat qilmasligimiz, kattalarning oldida o‘zimizni qanday tutishimiz kerakligi bot-bot uqtirilardi. Hattoki, bunday tanbeh-nasihatlarni bog‘cha-maktabdagi ustozlar ham aytgan. O‘sha vaqtda Toshkent shahridagi Ko‘kcha Oqlon mahallasida ulg‘ayganman. O‘ylab qarasam, bolaga o‘sha vaqtda berilgan tarbiya muhim sanalgan ekan. Boisi, bugun biz bolalarga bog‘chada yuz-qo‘l yuvish, navbatda turish, ochko‘z bo‘lmaslik, kattalarni hurmat qilish, ularga joy berishni o‘rgatishni sal unutgandaymiz. Odam bilimli bo‘lishi mumkin, lekin odobli va farosatli bo‘lmasa — hammasi bir tiyin. Shuning uchun menga yaponlar va koreyslarning bola tarbiyasiga bo‘lgan munosabati yoqadi. Biz ayrim jihatlarni ulardan o‘rganishimiz kerak.

HAMMASI MEHNATNING ORTIDAN

Otam tarafdan buvim va bobomning eng katta nabirasi bo‘lganman. Ularning  g‘irt erkatoyi edim. Juda suyishardi. Shu bilan birga onamning volidasi ham meni qo‘yib yuborgisi kelmasdi. Men buvimning otasi — Abdulaziz bobom vafot etganlarida dunyoga kelganman. Buvim “Otamning o‘rniga Olloh menga o‘g‘il nabira hadya etdi”, deb biroz ovunganlar. Shu-shu, bobo-buvilarimning qo‘lida tarbiya olganman. U paytlarda, sho‘ro tuzumida sumalak faqatgina bir mavsum yashirincha qilinardi. Men esa sumalakning shaydosi edim. O‘shanda buvim nabiramning ko‘ngli o‘ksimasin deb, holvaytar qilib berganlar. Buni qarangki, yosh bo‘lganim uchun holvaytar bilan sumalakni farqiga bormagan ekanman. Buvim juda pazanda edi-da! Qachon uylariga borsam, sergo‘sht qilib palov yoki men sevgan taom — bulg‘or qalampiridan do‘lma tayyorlardi.

Yana shunisi qiziq ediki, katta tog‘orani yerga teskari holatida cho‘pga suyab, unga arqon bog‘lab, don sepib musicha ovlardik. Bu juda qiziq edi, bizga zavq bag‘ishlardi. Musichani tomosha qilib, biroz erkalatib keyin qo‘yib yuborardik. Ba’zan chumchuq ham tutmoqchi bo‘lardik. Biroq u olg‘ir edi, darrov uchib ketardi. O‘yinqaroqlik bilan birga mehnat ham qilar edik. Tog‘alarimning uyida qurilish bo‘lganda hasharga oshiqardik. Usta mardikorlar beshta g‘isht ko‘tarsa, men ham shuncha ko‘targim kelardi. Jismonan qiynalardim, lekin eplardim. Yoshlikdan mehnat qilishga qiziqishimiz katta bo‘lgan. Bundan tashqari, yangalarimga sharbat uchun gilos, olcha terib kelardim. Negadir ulg‘ayishga tez intilardim. Sho‘ro paytida orzularga erishish qiyin edi. “Arzonchilik edi” deyiladigan gaplar, aslida, cho‘pchak. Masalan, “Elektronika-21” degan soat 21 so‘m turardi. Shuni olish uchun mardikorlik qilganman. Yozda butilka yuvib topshirganman, novvoyga qarashganman, zavodda ishlaganman. Nimagadir qo‘limda soat, ko‘zimda qora ko‘zoynak bo‘lishini juda xohlaganman. U paytda bu narsalar anqoning urug‘i edi. So‘ngra pul yig‘ib, ularga erishganman. Hammasi mehnatning ortidan...

Men rus sinfda o‘qiganman. Tarix, jo‘g‘rofiya, ona tili va adabiyot fanlariga qiziqishim baland edi. Ayniqsa, 5-6-sinfimizda Mo‘tabar opa degan ustozning darslarini intiqib kutardim. Ustoz bizga ona tilimizning haqiqiy jozibasini tasvirlab dars o‘tardilar. Tashkiliy ishlarda ham anchagina faol edim. Qog‘oz yig‘ish, temir-tersak topshirish yoki umumtuman miqyosidagi tadbir, festival va tanlovlarda qatnashish menga zavq bag‘ishlardi. Hattoki, respublika bosqichiga ham chiqqan paytlarim bo‘lgan. Yozda “Semurg‘” lageriga borardim. Tumanimiz Shayxontohur nomini himoya qilib, uning obro‘si, sharafini ko‘tarish uchun kurashardim. Maktabda, lagerda hamma bir paytda bir xil ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, ovqatga borishi, badantarbiya qilishi menga yoqmasdi. Chunki yolg‘izlikni yaxshi ko‘raman. Menda ijodkorlik kayfiyati bo‘lgani uchunmi, ko‘nglimga manzur insonlar bilan suhbatlashishni xush ko‘raman.

SADOQAT – KUCHLI TUSHUNCHA

Sinfdoshlar bilan ahil edik. Jo‘ralar bilan 8-martga sovg‘a olish biz uchun quvnoq kechardi. Ota-onamizdan olgan yoki o‘zimiz yig‘ib yurgan puldan qizlarga sovg‘a olardik. U paytda Toshkentda SUM (markaziy univermag), GUM (bosh univermag) degan joylar bo‘lardi. Lekin ko‘z ko‘rsa quvonadigan esdaliklari kam edi. O‘sha yerdan to‘plagan pulimizga pirojniylar sotib olardik. Uydan kompot keltirib, dasturxon bezatardik. Ana o‘sha lahzalarda o‘zimizni chin ma’noda erkakdek his qilganmiz. Bundan tashqari, Navro‘z bayramini nishonlaganmiz. Qaysidir sinfdoshimizning uyida sumalak pishirib, magnitofonda Muhriddin Xoliqov, Sherali Jo‘rayev, o‘zbek xalq laparlarini qo‘yib raqsga tushganmiz. Hozir hamma yoshlarning qo‘lida telefon. Istagan vaqtda xohlagan qo‘shiqchisini eshitishi, klipini ko‘rishi mumkin. Nazarimda, biz baxtli ekanmiz. Biz doimo xonada muqim turadigan, faqat uzoqdagi yaqiningiz bilan gaplashsa bo‘ladigan, internetsiz sim bilan ulangan telefon davrida katta bo‘lganmiz. U paytlarda kimdir boy-badavlat bo‘lsa ham buni ko‘z-ko‘z qilmasdi. Do‘stlik, sadoqat tushunchalari kuchli edi. Hammamiz teng edik. Xoh ishoning, xoh ishonmang, bobom maktabga soat taqib borishimga ijozat bermagan. Chunki o‘rtoqlarim orasida ajralib turishimni, darsda soatimga mahliyo bo‘lishimni xohlamagan. Hozirgi bolalar maqtangani-maqtangan: “Buni brend “Zara”dan oldingmi?”, “Sani Iphone ing nechchi?”, “Telefoningning g‘ilofi qanaqa?” Afsus, bugungi yoshlarimizning ahvoli shu! Bu chin do‘stlik emas, manfaatlar do‘stligi.

KOʻZOYNAK TAQISHIMGA KITOBLAR “AYBDOR”

Baribir, maktabimdan minnatdorman. Kamolotimda ota-onamning o‘rni qanday bo‘lsa, maktabdagi o‘qituvchilarimning ham hissasi ularnikiga teng. Bugungi bilimlarim ildizi maktabim hosilasidandir. Vaqt o‘tib, O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida bu bilimlarga yangi ma’lumotlar kelib qo‘shildi. Oliygohda axborot dasturida ishlab mutaxassis sifatida shakllandim. Bundan tashqari, maktab va universitetimizdagi kutubxonalarni yaxshi ko‘rardim. Uyda esa istagan kitoblarim jamlanmasi mavjud edi. Ota-onamga rahmat! Investitsiya kitobga qaratilgan bo‘lsa, pul ayashmasdi. Javonimda men sevgan asarlar — Hans Kristian Andersen ertaklari, aka-uka Grim ertaklari, Daniel Defoning “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari”, Artur Konan Doylning “Sherlok Xolms”, Jyul Vernning “Kapitan Grant bolalari” romanlarini sevib mutolaa qilganman. U paytlarda ommabop kitoblarni o‘zimizdan topish ancha mushkul edi. Menga bu kitoblar pochta orqali Moskvadan yetib kelgan. Bu kitoblarni yoz bo‘yi ukam Fazliddinxon bilan talashib o‘qiganmiz. Boz ustiga, ota-onamiz har kuni ish buyurib ketardi. Ular ishdan qaytguncha xonalar pokiza tutilishi, bog‘ga qarab qo‘yilishi, qo‘ylarning qorni to‘q bo‘lishi lozim edi. Shu ishlarni bajargach dam olishga, hordiq chiqarishga ulgurardik. U paytda hozirgidek oyinayi jahonda 20 dan ziyod kanal yo‘q edi. Televizorimiz bir yoki ikkita kanalni zo‘rg‘a ulardi. Shuning uchun ishlarni ertaroq qilib, kunduzi yaxshi kino ko‘rib, so‘ngra kitob o‘qirdim. Asardagi qahramonlar hayotiga shu qadar qiziqardimki, ularning taqdirini bilmaguncha tuni bilan ko‘zimga uyqu kelmasdi. Masalan, Tomas Mayn Ridning “Boshsiz chavandoz” romanini o‘qib tugatmagunimcha, “Kim boshsiz bo‘la turib chavandozlik qila olarkan?” degan savol tinchlik bermasdi menga. Kechqurun buvim urushmasin, tokni tejay deb sham yoki kerosinli lampa yorug‘ida kitob o‘qirdim. Bu jarayon ko‘rish qobiliyatimga ta’sir qilgan. Ayniqsa, pandemiyadan keyin ko‘zlarim yanada xiralashdi. Shunday bo‘lsa-da, kitoblarni chetga surib qo‘ya olmayman. Menda bir odat bor. Bir paytning o‘zida har xil kitob (tarix, psixologiya, badiiy adabiyot va hokazo) mutolaa qilaman. Ular uyimda ham, ishxonamda ham —  har yerda men bilan birga.

NOMING QOLSIN JAHONDA…

Negadir yoshlikdan taniqli, mashhur shaxs bo‘lishga intilganman. O‘zimdan tarixda yaxshi nom bilan eslanadigan xotira qolishini istaganman. Misol uchun, Gerostrat dunyoning yetti mo‘jizasidan biri — Efesdagi Artemida ibodatxonasiga o‘t qo‘yish, Chingizxon zulm, bosqinchilik harakatlari bilan tarix zarvaraqlariga muhrlangan. Bizning yurtimizda esa eng esda qolarli voqea — mustaqillikka erishganimizdir. To‘g‘ri, boshida qiyinchiliklar bo‘ldi, epaqaga kelish uchun vaqt talab etildi. Biroq hozir erkin zamonda yashayapmiz. Mana shu vaziyatda qanday ish qilishimdan qat’i nazar xalqimga, millatimga foydam tegishini, meni eslab duo qilishlarini niyat qilganman. Ayniqsa, dunyo bo‘ylab o‘zbek tilini, umuman, turkiy tillarni, ularning tarixini ulug‘lash, mana shunday umidbaxsh, buyuk islohotlarni amalga oshirishni yelkamdagi burchim deb hisoblayman. Ilgarilari mansabdorlar ko‘p foyda keltiradi, deb o‘ylardim. Adashgan ekanman. Aslida, maktabdagi muallim, universitetdagi o‘qituvchi, olimlar ko‘proq foyda keltirarkan. Chunki ular bolalarga ilm beradi. Ona tilini, buyuk o‘tmishini o‘rgatadi, millatni tarbiyalaydi. Men esa bundan hamisha g‘ururlanaman.

BIZNIKI AFZALROQ EDI

Bugungi bolalarni ko‘rib biz bilan kechgan yoshlik ularnikidan afzalroq ekanligini anglayman. Boisi, biz bolalikda oyoqyalang tuproqlarda o‘ynab yurdik, zamindan kuch oldik. Atrof-muhitga, go‘zallikka mehr-muhabbat ila limmo-lim qalbimiz bor edi. Sun’iy narsalar deyarli yo‘q edi. Shu kunlarda bir narsaga hayron qolyapman. Nega ota-onalar bolasiga to‘rt yoshdan repetitor qidiryapti? O‘zi akademik bo‘lolmaganiga yarasha bolasini murg‘ak yoshidan professor qilib tarbiyalamoqchi bo‘lyapti. Bolasi hali o‘zligini, Vatanni, rangni, turmushni anglamagan holatida olam-olam axborot berilyapti. Qo‘liga so‘nggi rusumdagi telefon, internet tutqazilyapti. Bu tadbirlarni qilishdan oldin unga ona tilimizni, uning jozibasini, shonli tariximizni o‘rgatishimiz kerak emasmi?! Masalan, Xitoyga borsak, 3-sinf bolasi yurtining ming yillik tarixi-yu Ming sulolasining farqiga boradi. Ammo bizning bolalarimiz o‘zbek kimligini, qayerdan kelib chiqqanini bilishadimi? Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Xudoyorxon, Amir Olimxon kabi tarixiy qahramonlarimizning hayot yo‘lidan xabari bormi? Biz sababsiz ona tilimiz, buyuk tariximiz deya bong urmaymiz.

Tilimizni maishiy darajada emas, balki uning boyligi, merosini bilishga oshiqishimiz kerak. Erkin Vohidovning “So‘z latofati” nomli kitobi bor. Mana shuni bolalarga o‘qib berish kerak. Ayonki, dunyoning ohanrabolariga, yaltir-yultirlariga ishqiboz bo‘lib, yoshlarga e’tibor bermayapmiz. Ishonasizmi, haligacha o‘zimda “O‘zbek kim?”, “O‘zbek qanday paydo bo‘lgan?”, “O‘zbekning tarixi, jo‘g‘rofiyasi qanday?” degan savollarga chanqoqlik his etaman. Biz bolalarga dunyo tarixini o‘rgatsag-u, o‘zligimiz, milliy-urf odatlarimiz, an’analarimiz, madaniyatimiz haqida ma’lumot bermasak, bundan yomoni yo‘q...

 Aytmoqchimanki, bolalarimiz bilan ko‘p va xo‘p shug‘ullanishimiz kerak.

 

Azim AXTAMOV suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.