Umidli yoshlar parvozi
Yozgi ta’til kunlari ham oxirlab qoldi.
Aziz muxlislar, bilaman, siz bu kunlarni bekor o‘tkazganingiz yo‘q. Lekin baribir ta’til yaxshi-da! Shunday bo‘lsa-da, uch oylik ta’tilni qanday o‘tkazganingiz haqida bir o‘ylab ko‘ring. O‘z-o‘zingizga savol berishni o‘rganing. Javobingizdan ko‘nglingiz to‘lsa, demak yozni bekor o‘tkazmabsiz. Agar ikkilanayotgan bo‘lsangiz, u holda qoniqarli emas. Savol berishni ham uddalay olmayotgan bo‘lsangiz, ahvol chatoq... Juda unchalik emasdir-a?..
Yangi – 2024-2025-o‘quv yili boshlanish arafasida barcha maktablarda tayyorgarlik ishlari ketyapti. Yangi maktablar qurib bitkazilyapti, avvalgilari sport jihozlari, zamonaviy o‘quv vositalari bilan ta’minlanmoqda. Mamlakatimiz rahbari har bir yig‘ilishda, har bir chiqishlarida ta’limga e’tiborni kuchaytirish haqida gapirmoqdalar. Buning uchun mablag‘ni ayamaslik, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, kerak bo‘lsa chet ellardan tajribali o‘qituvchilarni O‘zbekistonga olib kelib, hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘ymoqdalar. Siz o‘quvchilarni sifatli ta’lim olishingiz, chet tillarini yaxshi o‘rganishingiz uchun o‘tgan o‘quv yilida dunyo mamlakatlaridan 500 ta ingliz tili o‘qituvchisi kelib umumta’lim maktablarida dars berishdi. Albatta, bu sa’y-harakatlar bir ikki yilda o‘z samarasini ko‘rsatishiga ishonamiz.
Bilasizmi, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir yanglikni o‘qib, hayron qoldim. 15-16 yashar bolalar Innovatsion rivojlanish agentligi qoshidagi Yoshlar akademiyasida robototexnika, dasturlash, fazoviy uskunalar parvozini boshqarish, kosmik aloqa sifatini oshirish bilan bog‘liq ishlar bilan shug‘ullanayotgan ekan. 15-16 yashar bolalar – 8-9-sinf o‘quvchilari. Shular parvoz haqida, kosmik aloqa haqida bilishsa-ya... Hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan raqamlashtirish jarayoni maktab o‘quvchilari faoliyatida ham katta ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramining 33 yilligi munosabati bilan ona yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida to‘xtalmay o‘tolmaymiz. Bu bayramni garchi har yili nishonlasak-da, millat ozodligi, Vatan mustaqilligi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun o‘zgacha shukuh bilan qarshi olamiz. Ilm-fan, sport va san’atdagi yutuqlarimiz bois dunyolarga bo‘ylashib borayotganimizdan quvonamiz. Bu yilgi fan olimpiadalarida, sportda oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan chempionlar haqida keyingi sahifalarimizda alohida lavhalar tayyorlaganmiz.
Yurtimiz maktablarida Xalqaro fan olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan Rayyona Ibrohimova, Elbek Zohidjonov kabi iqtidorli o‘quvchilar ko‘plab topiladi. Hali ular ko‘pgina katta tanlovlarda o‘zlarini sinab ko‘rishadi. Biz ishonamiz, kelgusida oltin medalli chempion o‘quvchilar soni yanada ko‘payadi. Ular O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, dunyo bo‘ylab hilpiratishadi.