Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mamlakatimiz prezidentining O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan

...Siz, azizlarni, ko‘p millatli xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim, ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Mustaqillik bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

 

...Muhtaram vatandoshlar!

Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tiborni beshta ustuvor yo‘nalishga qaratmoqdamiz.

Bular, avvalo, sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat.

Muammolarimizning yechimi, savol­lari­mizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir.

Shu sababli maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur qabul qildik. Maktablarimizda, avvalo, ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijiy til egalarini olib kelmoqdamiz. Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda.

Men hurmatli ota-onalarga qarata ayt­moqchiman: qizlaringizni o‘qiting, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga ko‘makchi bo‘ling! Ulug‘larimiz aytganlaridek, o‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!

Bugun O‘zbekistonning barcha yoshlariga murojaat qilmoqchiman.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim, mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz, avvalo, sizlarning timsolingizda ko‘ramiz. Kelajakda turli sohalarda ulkan yutuq va zafarlarga erishib, yurtimizni dunyoga yanada keng tarannum etishingizni istaymiz.

Marrani baland oling, siz buyuk ishlarga qodirsiz! Hamisha o‘z kuchingiz, qat’iyat va salohiyatingizga ishoning! Davlatimiz, xalqimiz, Prezident sizlarni bu yo‘lda doimo qo‘llab-quvvatlaydi, har qanday yordamni ayamaydi.

...Men ishonaman – barchamiz bir bo‘­lib, aql-zakovat, bilim va tajribamiz, kuch-g‘ayratimizni ishga solib, bu ulug‘ manzilga, albatta, yetamiz. Yorug‘ va nurafshon ke­lajagimizni – Yangi O‘zbekistonni, albatta, barpo etamiz!

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, mana shunday ezgu g‘oya atrofida birlashib, islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, fidokorona mehnati bilan yangi hayot binosini barpo etayotgan buyuk xalqimizga farzandlik mehri bilan ta’zim qilaman. Siz, azizlarni, butun xalqimizni davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!

Yashasin O‘zbekiston xalqi!

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.