Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yorug‘ kunlar umidi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Boriboy Ahmedovni o‘zbek xalqi temurshunos olim sifatida yaxshi biladi. Tarixshunos va manbashunos olim, tarix fanlari doktori, professor, sharqshunos, “Beruniy” nomidagi Davlat mukofoti laureati, “Amir Temur”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do‘stlik”, “Mustaqillik” ordeni sohibi Bo‘riboy Ahmedov yaratgan barhayot asarlari tufayli uning yodi hamisha xotiramizdadir.

Olimning bir qator asarlari ingliz, fransuz, rus va boshqa xorijiy tillarda chop etilgan. U AQShning Indiana va Kembrij universiteti faxriy professori.

Bo‘riboy Ahmedovning hayot yo‘li, bolalik va o‘smirlik damlari qanday o‘tganiga qiziqdik. O‘ylaymizki, bu ma’lumotlar sizni ham qiziqtiradi.

BIR UMRLIK DARS

Bo‘riboy Ahmedov 1924-yil 12-avgustda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi Ahmadxon ota, onasi Rohila poshsha 4 farzandni voyaga yetkazgan.

     1930-yillar! Paxsadan qurilgan uylarning tepasida arilar uy qurib, joylashib olishardi. 6 yoshli Bo‘riboy uyning tepasiga narvon bilan chiqib, cho‘p bilan ari uyini buzardi. Shunday kunlarning birida u bezovta bo‘lib aylanayotgan arilardan qochish uchun narvon tomon yuguribdi. Pastga tushaman deb qarasa, narvon yo‘q ekan. Uyning tepasida nima qilishini bilmay noiloj qolgan Bo‘riboyni uyi buzilgan arilar jahl bilan rosa talabdi. Obdon ta’zirini yegan bolakayni onasi tomdan tushirib olibdi. Yig‘idan o‘zini to‘xtata olmayotgan bolakay tomdan pastga tushib qarasa, narvon pastga olib qo‘yilgan ekan. Ahmadxon ota yuzlari shishib ketgan o‘g‘liga qarab, jiddiy ohangda shunday debdi:

– Mana, ko‘rdingmi bolam, birovning uyini buzishning oqibati ana shunday bo‘ladi. Bu dunyoda hech kimning vatani buzilmasin. Vatanni buzishga hech kimning haqqi ham yo‘qdir! Bu ish senga bir umrlik dars bo‘lsin!..

Shu kundan boshlab Bo‘riboy ari uyasini ham, chumolining inini ham buzmaydigan bo‘libdi.

TUHMAT ORTIDAGI OG‘RIQLAR

1928-yilda kolxozlashtirish harakati boshlangan edi. Ahmadxon ota ham kolxozga a’zo bo‘lib, tinmay ishlar edi. Kunlardan bir kuni ota qora ishlardan juda horib-toladi-da: “E, shu kolxozni o‘ylab topgan odamingga ham...” deb jahl bilan xo‘rsinib so‘kinadi. Uning gapini eshitganlardan biri darrov tegishli odamlarga yetkazadi. O‘sha kuniyoq formali kishilar Ahmadboy otani noma’lum joyga olib ketishadi va shu bilan dom-daraksiz ketadi...

O‘sha kundan boshlab bu oilada eng og‘ir kunlar boshlanadi. Nafaqat ochlik, noilojlik, balki qo‘ni-qo‘shni va mahalladagilarning “Xalq dushmanlari”, deb ayblashlari, asossiz gap-so‘zlari va qo‘pol munosabatlari ularni batamom charchatib qo‘ydi. Yoshgina Bo‘riboy nohaq ta’na dashnomlar, tazyiqlar hamda o‘ylovlar ichida erta ulg‘ayib qolgandi. Uni hattoki sinfdoshlari ham ajratib qo‘yishar, eng orqadagi partada yolg‘iz o‘zi o‘tirib dars tinglashga majbur bo‘lardi. 

Otasidan biror xabar eshitolmagan, onasining mung‘ayib qolgan jussasiga qarab ezilgan Bo‘riboy otasi va oilasining nomini oqlash uchun 17 yoshida urushga ketishga qaror qiladi...

Bo‘riboy intizomli, ziyrak va o‘rni kelsa o‘zini tikka olovga tashlaydigan dovyurak askarlar qatorida edi. Shu bois u tez orada ko‘zga ko‘rinib, serjant unvoniga erishadi. 1943-yil  10-iyulda Kursk yonida og‘ir janglar borayotgan, ustidan olov yog‘ilib turgan  maydonda xizmat qiladi va 19 yoshida komandir darajasiga erishadi. Urush eng avj olgan kunlarning birida askarlar kungaboqar ekilgan dalada binokildan dushmanni kuzata turib, nemislarning pulemyot tayyorlayotganini ko‘rib qolishadi. Bo‘riboy chaqqonlik bilan ularni endi nishonga olib otmoqchi bo‘lganida uzoqdan kuzatib turgan snayper unga qarata o‘q uzadi. O‘q kelib Bo‘riboyning chap yelkasiga tegadi. Snayperning o‘qi shunchalar uzun ediki, u chap yelkani teshib, orqa tomonidan chiqib ketgandi.

Hushini yo‘qotgan Bo‘riboyni do‘stlari daladan tortqilab chiqib, darhol tibbiyot bo‘limi tomon olib borishibdi. Hushsiz bo‘lsa-da, Bo‘riboy hamma gaplarni eshitib yotardi. Hatto shifokorlarning “O‘q o‘pkasini ham yalab o‘tibdi. Endi uzoq umr ko‘rmasa kerak”, – degan gaplarini ham aniq eshitadi. Garchi bosh ko‘tarib ko‘ra olmasa-da, tanasidagi chidab bo‘lmas kuchli og‘riqdan jarohatining chuqur ekanligini his etib yotardi...

O‘TKAN KUNLAR YODI

1945-yil leytenant unvoniga ega bo‘lgan Bo‘riboy  ko‘kragi to‘la nishonlar bilan nogiron holda uyiga qaytadi. Vatani uchun kurashib, oilasi sha’nini hamda otasining nomini oqlayman deb 17 yoshida urushga ketgan Bo‘riboy 21 yoshigacha tanasining 11 joyidan yaralanadi. Uning tanasidagi ana shu jarohatlar o‘rni umrining oxirigacha zirqirab og‘rib, og‘ir urush kunlarini doimo yodiga solib turardi.

Ayniqsa, snayper o‘qidan orttirgan jarohatining o‘rnida olmadek katta chandiq izi bor edi. O‘sha chandiq unga har kuni shifokorlarning “Bu uzoq umr ko‘ra olmaydi”, degan so‘zlarini eslatardi. Oylar ketidan oylar, yillar ketidan yillar o‘tib, Bo‘riboy Ahmedov farzandlari, nabiralari hamda chevaralarini mehr bilan kuzatar ekan, “Xudoyim umr, rizq beraman desa, og‘ir jarohatlarning o‘rni ham, shifokorlarning gapi ham bekor ekan”, – deya yaratganga shukrona aytardi...

Bo‘riboy Ahmedov dom-daraksiz ketgan padari buzrukvori Ahmadxon otani topish uchun uzoq yillar juda ko‘p tashkilotlarga murojaat qildi.  Qidiruvlar natijasida u otasini Rossiyaning Yaraslav shahriga olib ketishganini aniqladi. Umidini uzmagan Bo‘riboy otasini topish uchun murojaat etishda yana davom etdi. Ammo 1989-yilda SSSR bosh prokuraturasi tomonidan yuborilgan “Sizning otangiz vafot etgan va oqlangan”, degan rasmiy javob xatini oladi. Bir tomondan bu xat otasining vafoti haqidagi og‘ir xabarni yetkazgan bo‘lsa, ikkinchidan oilasi va otasining aybsiz ekanligini isbotlovchi hujjat edi. Javob xati sabab Bo‘riboy Ahmedov shu kunga qadar boshidan o‘tkazgan barcha og‘riqli kunlarini yodga oldi, garchi yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da, yorug‘ kunlarga yetib kelganini o‘ylab, ko‘zlariga yosh quyildi.

ILM SARI QADAM

Mamlakatimiz tarixining bilim­don­laridan biri, manbashunos olim Bo‘riboy Ahmedov 1953-yil O‘rta Osiyo universitetining sharq fakultetini bitirgan. Uning “Amir Temur” tarixiy romanida buyuk bobokalonimiz haqida kelajak avlod o‘rganishi va anglashi kerak bo‘lgan ibratli ma’lumotlar chiroyli tasvirlar orqali berilgan. Olim umrining so‘ngiga qadar Amir Temur bobomizning hayoti va ijodiga oid qator katta-katta tashkiliy hamda ilmiy ishlar olib bordi. Amir Temurga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarda qatnashib, ma’ruzalar qilgan. Bo‘riboy Ahmedov bir qancha kitoblarga mas’ul muharrirlik qilish bilan bir qatorda qo‘llanma va lug‘atlarga mualliflik ham qilgan. Shulardan biri 1977-yilda chop etilgan “Tarixdan qisqacha izohli lug‘at” nomli to‘plamdir.

Bo‘riboy Ahmedov mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib, bo‘lim boshlig‘i, bosh ilmiy xodim hamda Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi lavozimlarida samarali faoliyat olib borgan. Ahmedovning ilmiy faoliyati o‘zbek xalqining etnik tarixi va shakllanishi, manbashunoslik, O‘rta Osiyo xalqlarining X-XIX asrlardagi ijtimoiy-siyosiy tarixi, Temur va temuriylar davri tarixi hamda madaniyati kabi muhim yo‘nalishlarga qaratilgan.

Bu xotiralarni qog‘ozga tushirishda adibning farzandi, tarix fanlari nomzodi Muzaffar Ahmedov bizga yaqindan yordam berdi va suhbat davomida shu so‘zlarni alohida ta’kidladi: “Men shunday ota-onaning farzandi bo‘lganimdan faxrlanaman, ularning bergan tarbiyalariga munosib bo‘lishga astoydil hararkat qilaman. Ayniqsa, otamning aytgan o‘git va nasihatlari biz farzandlariga hayotda to‘g‘ri yo‘l topishimizda hozirgacha katta ko‘mak bermoqda”.

Bo‘riboy Ahmedov 2002-yil 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. Bu zukko, ziyoli insonni zamondoshlarimiz bilimdon tarixchi olim sifatida doimo qadrlab, e’zozlaydilar.

 

 Nilufar JABBOROVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.