Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bayrog‘imiz baland tutganlar

Paralimpiya o‘yinlari butun dunyoda chidamlilik, qat’iyat ramzi, qiyinchiliklar ustidan g‘alaba timsoli sifatida tan olinadi. Boisi, unda ishtirok etadigan turli imkoniyati cheklangan sportchilar butun dunyo kishilariga shunchaki raqib bilan kurashayotgan tomon emas, balki o‘zlaridagi jasorat, matonatni namoyon etib, jismoniy muammolarni yengib o‘tgan buyuk shaxslar sifatida namuna bo‘ladilar.

Ushbu yil Fransiyada bo‘lib o‘tgan “Parij-2024” Paralimpiya o‘yinlari ham ana shunday hayajonli, ilhomlantiruvchi, kishi hissiyotlarini junbushga keltiruvchi kurashlarga, rekordlarga boy bo‘ldi.  8-sentyabr oqshomida Fransiyaning “Stad de Frans” stadionida bo‘lib o‘tgan yopilish marosimida 64 ming sport muxlisi ishtirok etdi.

Parij paralimpiyasi o‘zbekistonliklar uchun har doimgidan omadli va muvaffaqiyatli keldi. Umumiy hisobda O‘zbekiston 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medalga egalik qildi. Butun dunyo mamlakatlari ichida 13-o‘rinda turgan O‘zbekiston parasportchilari musobaqalar davomida o‘z yo‘nalishlarida jahon rekordini yangiladilar.

Para yengil atletikaning F54 klasi (o‘tirgan holda ishtirok etiladi) bo‘yicha ayollar o‘rtasida nayza uloqtirish dasturida ishtirok etgan Nurxon Qurbonova 21,12 metr natijani qayd etib, avvalroq o‘zi qayd etgan jahon rekordi (20,73 metr)ni yangiladi.

Uzunlikka sakrash bo‘yicha ishtirok etgan Asila Mirzayorova ham 28 yillik jahon rekordi (5,07 metr)ni yangilab, 5,22 metr natijaga erishdi.

Husniddin Norbekovning O‘zbekistonga taqdim etgan g‘alabalarini ham eslamasak bo‘lmaydi. U yadro uloqtirish bo‘yicha ishtirok etib, o‘zi o‘rnatgan rekord (16,13 metr)ni yana bir bor yangiladi. Natija – 16,82 metr.

Parasportchilarimiz jahonga o‘zbek farzandlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanligini namoyon etdi. Ularning bugungacha bosib o‘tgan mashaqqatli hayot yo‘li, metin irodasi ba’zi bir to‘rt muchasi sog‘larga ibrat bo‘la oladi.

9-sentyabr kuni Toshkent shahrida chempionlarimizni kutib olish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Paralimpiyada erishilgan ulkan zafarlardan butun mamlakat iftixor, g‘urur hissini tuyib, parasportchilarni “Temuriylar keldi, boburiylar keldi”, deya bayramona kayfiyatda kutib olishdi.

Fransiyada bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi yuksak natijalardan ilhomlangan, chempionlarga havas qilib sport bilan professional shug‘ullanishni, ilm-fanda, san’atda o‘z ustida ishlashni boshlaganlar juda ko‘p. Ota-onalar farzandlarining qiziqishlari, intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, ularning kelajakda yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishini orzu qilishmoqda.

Qadrli o‘quvchilar, siz ham zamonamizning mana shu qahra­monlaridek bo‘lishga, Vatan oldidagi farzandlik burchingizni oqlashga harakat qiling. Ona Vatan sizga ishonadi!

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.