Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Unda umid bor

–    Ooh, siz sotib olgan rasm juda ham chiroyli ekan.

–    Nimasini aytasiz, bilasizmi, unda umid bor. Uni har qancha pulga ham sotib olib bo‘lmaydi...

 

Devor bo‘ylab osilgan bir-biridan chiroyli, alohida ma’no anglatib turgan rasmlarni tomosha qilayotib, qulog‘imga chalingan bu suhbat diqqatimni tortdi. Umid...

Keling, sizlarga o‘z asarlarida qalbida jo‘sh urgan umid, kelajakka ishonchni tasvirlagan jajji rassomlar va ularni birlashtiruvchi, ularga kuch beruvchi loyiha haqida gapirib beraman.

Men borgan o‘sha tadbir “Sen kuchlisan” loyihasi doirasidagi onkologik va gematologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar tomonidan chizilgan rasmlar ko‘rgazmasi edi. Bir yildan oshibdiki, “Sen kuchlisan” loyihasi mamlakatimizdagi aynan shu xastaliklarga chalingan bolajonlarga moddiy va ma’naviy yordam berish, ko‘proq bemorlarning sog‘ayishlariga hissa qo‘shish maqsadida faoliyat olib boradi.

Siz ko‘rib turgan kungaboqarlar, gullagan dala tasviri 10 yoshli Ziyodullo Abdullayev tomonidan chizilgan. Yuqorida men yodga olgan suhbatda ayni mana shu rasm ustida so‘z boradi. Ha, bir qarang, Ziyodullo yuragida to‘lib toshgan tuyg‘ularini biz bilan ulash­moqchi, xayollaridagi yorqin, rangin “erta”ni tasvirlab, bizga ham namoyish etmoqchidek.

Men sizga tanishtirgan “Sen kuchlisan” loyihasining eng e’tiborga sazovor tadbirlaridan biri yosh rassomlarning ko‘rgazmalaridir. Ko‘rgazmaga kelgan tomoshabinlar bemor bolalar chizgan rasmlar orqali ularning ichki kechinmalari, his-tuyg‘ularini yanada yaxshiroq tushunadi. Olamga ularning ko‘zi bilan nazar tashlaydi. Eng asosiysi, har safar ko‘rgazmalar bilan birga ushbu rasmlarning “Kim oshdi” savdosi e’lon qilinadi. Sotilgan rasmlarning pullari muallifga to‘liq topshirilib, uning ehtiyojlari (dori-darmon, tibbiy buyumlar, bolalar orzu qilgan biror qimmatli sovg‘a) uchun sarflanadi.

Bundan tashqari, loyiha bemor farzandlarning onalari uchun psixologik treninglar, bolalar va ularning oila a’zolari ishtirokida bayram, ko‘ngilochar tadbirlar uyushtiradi, tibbiy ehtiyojlari uchun moddiy ko‘mak beradi. O‘tgan bir yil davomida “Sen kuchlisan” jamoasi yurtimizning turli hududlarida bo‘lib, onkologik va gematologik kasallikka chalingan bolajonlarga moddiy va ma’naviy yordam berishga,  yosh iste’dodlarning ko‘nglidan joy olishga ulgurdi. Ular bolalarga baxsh etgan umid bemor bolalarning chizgan rasmlari, yozgan she’rlarida aks etadi.

 “Sen kuchlisan” loyihasi rahbari Marjona Nurmuhammedova va volontyorlari xayrli ishlar orqali o‘z insoniy vazifalarini ado etmoqdalar. “Sen kuchlisan” kabi ezgu maqsadlarni ko‘zlagan loyihalar bor ekan, O‘zbekistonning birorta bolasi, xoh sog‘ bo‘lsin, xoh bemor, umidsizlik, tushkunlik girdobiga tushmaydi.

 

Muhammad ALI

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.