Bahs
– Yigʻishtir, multfilmingni! “Sevimli”ga ol. “Qora yurak” seriali boshlandi.
– E-e, biroz shoshmang, ona. Qiziq yeriga keldi.
– Hali gapimni ikki qiladigan boʻldingmi, quloqsiz. Buyoqqa kel, yonimga kel dedim, senga. Tilingni kalta qilib qoʻyay. Bor, kitoblaringni oʻqi. Multfilmdan foyda yoʻq.
Ana nasihat-u mana “ibrat”. Baʼzi ota-onalarga qoyil qolaman-da! Multfilmdan foyda yoʻgʻ-u ongni zararli mafkuralar bilan zaharlaydigan soni koʻp, biroq, salmogʻi yoʻq seriallardan naf bor ekan-da. Eh, siz oila ustunlari, “Qush uyasida koʻrganini qiladi”ku, axir. Koʻpchilik bu maqolning magʻzini tantiq qilib oʻstirgan farzandi voyaga yetgach, boshiga bir musibat kelgandagina chaqadi. Endi biz miriqib tomosha qiladigan filmlarning saviyasiga toʻxtaladigan boʻlsam, yuqoridagi dialogni ham bejizga keltirmadim.
Qiziq, ayrim seriallar tomoshabinga nima berar ekan-a? Televideniye orqali koʻpincha turk seriallari berilyapti. Ularning zamirida na mehr-oqibat, na madaniyat tushunchasi bor. Qaysi serialni olmang, barchasida fitna, sevgi, muhabbat mojarosi. “Bemaza qovunning urugʻi koʻp boʻladi”, deyishlari shundan boʻlsa kerak-da.
Adabiyotimizning “Shum bola”, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabi noyob durdonalari yiliga bor-yoʻgʻi bir yoki ikki marta efirga uzatiladi. Biz oilamiz bilan ularni oʻzgacha havas, qiziqish bilan tomosha qilamiz. Orada buvim: “Shunaqa filmlar juda kamyob boʻldi-da. Koʻrib, yoshlik davrlarim yodimga tushib ketadi”, – deydilar.
Men esa shu oʻrinda Oʻzbekistondagi ssenaristlar, kinorejissorlarga murojaat qilmoqchiman: turk, hind, yevropa madaniyatidagi gʻoyalarni xalq ongiga singdirmaslikda sizning oʻrningiz beqiyos. Buning uchun esa oilaviy, maishiy muammolar emas, yoshlarning dunyoqarashi, maʼnaviyatini oshiruvchi tarixiy asarlarni sahnalashtirsangiz, “Mendirman Jaloliddin” kabi seriallarni yana-da koʻproq yaratsangiz millat kelajagiga mustahkam poydevor yaratgan boʻlardingiz.
Mahliyo SHOYIMOVA,
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi
20-maktabning 9-sinf oʻquvchisi