Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kelajakdan xavotirdaman

Men Namangan viloyatining Chust tumani Ogʻasaroy qishlogʻidagi 28-maktabda 34 yil oʻqituvchi boʻlib ishladim. Shu vaqt mobaynida qanchadan qancha oʻquvchilarni oʻqitdim, ularning hayotda toʻgʻri yoʻlni topishlari uchun bor kuchim, mehrim va yillar davomida yigʻgan tajribamni sarfladim.

Shukrki, koʻpgina oʻquvchilarim, ular qatorida barcha farzandlarim ham oliy maʼlumotli boʻlishdi. Oʻqib-oʻrganishdan, izlanishdan charchashmadi. Chunki kelajak avlodning kamoli uchun oʻzimda javobgarlikni his etgan holda ulardan har kuni koʻproq mutolaa qilishlarini talab qilardim. Har hafta, har oy keladigan gazeta va jurnallarni farzandlarim, oʻquvchilarimga oʻqib berardim. Maktab hovlisida oʻtirib bolalar bilan birgalikda hikoya va maqolalarni tahlil qilardik. Ijodkor oʻquvchilarning ijod namunalarini maktub orqali respublika nashrlariga yuborar edik. Tahririyatning ijodiy xodimlaridan kelgan javob maktublarni esa sinchiklab oʻqib chiqardik. Soʻng koʻrsatilgan kamchiliklarni toʻgʻirlab, qayta maktub yuborardik. Respublika nashrlari bilan viloyatning chekka qishlogʻida yashovchi muallim va bolalarni ana shu qadrli maktublar bir-biriga uzviy bogʻlab turardi.

Hozirgi kun bolalarini koʻp kuzatyapman. Ularning aksariyati mutolaa zavqini, uning qadrini his etmay oʻsishyapti. Hattoki, eng kerakli va mazmunli nashrlar nomini ham bilmaydigan oʻquvchilar, achinarlisi, oʻqituvchilar ham bor. Bolalar bilan nashrlarni oʻzaro bogʻlab turgan oʻsha koʻrinmas mustahkam koʻprikni yoʻqotib qoʻydik...

Turmush oʻrtogʻim bilan 5 nafar farzandimizni oʻqimishli, bilimli boʻlib voyaga yetishishlari uchun tinmay mehnat qildik. Hozirgi kunda 4 nafar farzandim turli taʼlim dargohlarida oʻqituvchi boʻlib ishlashyapti. Ularga doim: “Yelkangizda ustoz degan masʼuliyatli yuk bor ekan, siz doimo sergak boʻlishingiz, oʻquvchingiz va talabangizga avvalo koʻproq mutolaa qilishi kerakligini, gazeta va jurnallar bilan muntazam tanishib borishi zarurligini tushuntiring. Mutolaaning asosida esa teran fikr, yorqin kelajak sari yorugʻ yoʻl bordir”, degan gaplarni takrorlashdan aslo charchamayman.

Afsuski, bugun gazeta-jurnal bilan qiziqmaydigan, oʻqishni, uqishni istamaydigan avlod koʻpchilikni tashkil qilyapti. Nashrlar adadi judayam kam. Bolalarning qoʻlida esa telefon. Shuni taʼkidlab oʻtishni istardimki, yer yuzida uyali telefonni kashf etgan odamning oʻzi telefon ishlatmas ekan. Sababi, undan taralayotgan nur inson uchun qanchalar zarar ekanligini yaxshi bilarkan. Mutasaddilar nashrlarni ijtimoiy tarmoq orqali oʻqisa ham boʻladi, degan fikrlarni koʻp taʼkidlashyapti. Lekin bu – notoʻgʻri fikr. Men bir ona, buvi va nafaqadagi oʻqituvchi sifatida kelajak avlod taqdiridan juda xavotirdaman. Ijtimoiy tarmoqlar farzandlarimizning ham vaqtini, ham sogʻligʻini oʻgʻirlaydi-ku! Axir har bir kitob, gazeta va jurnalni qoʻlga olib oʻqiganga nima yetsin! Shuning uchun ham nabiralarimni bu yil “Gulxan” jurnali va “Tong yulduzi” gazetasiga, farzandlarimni esa “Ishonch” va “Maʼrifat” gazetalariga obuna qildirdim. Oilamda gulxanning iliq nafasi sezilishini, tongda yulduzlar porlab turishini, qalblarimizga ishonch va maʼrifat doimo yor boʻlishini istadim. Mana shu yorugʻlik yurtimizning har bir xonadonida porlab turishini chin dildan niyat qildim.

 

Habiba GʻIYOSOVA,

Namangan viloyati Chust tumani

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.