Baland pardalarda yangragan sheʼr
Assalomu alaykum, “Gulxan” jurnalining sevimli mushtariylari! Bugun sizlar bilan anchadan buyon o‘ylab yurganim – “Bir she’r tahlili” mavzusida sirtqi darsning dastlabki mashg‘ulotini boshlaymiz. Bugungi suhbatimizda hozirgi o‘zbek bolalar she’riyatining taniqli namoyandasi Hamza Imonberdiyevning “Alla” she’ri haqida ba’zi fikrlarimizni o‘rtoqlashamiz. She’r quyidagi 5 to‘rtlikdan iborat:
– Ana, Bo‘ri kelyapti!
Uxlay qol, ovunchog‘im.
Qo‘y shunday deb qo‘rqitib,
Uxlatar qo‘zichog‘in.
– Vuy, anovi ilonni!
Uxla tez, bolajonim, –
Chumchuq shunday qo‘rqitib,
Uxlatar polaponin.
– Uxla, Olabo‘jiyov
Ko‘rsatgan qorasini. –
Odam shunday qo‘rqitib,
Uxlatar bolasini.
Ona Burgut allalar:
– Uxla, kuchga to‘lib o‘s.
Ushbu tog‘-tosh, osmonning
Hukmdori bo‘lib o‘s!
Pisand etmay xatarni
Shundanmi polaponi,
Tushlarida charx urar
To‘ldirib keng samoni.
Bu she’r go‘yoki, biz har doim eshitib yurgan allaning boshqacha bir varianti. Aslida, ona bolasini uxlatish uchun uning ertaga ulg‘ayib, hamma havas qiladigan ajoyib inson bo‘lishini ta’riflovchi satrlardan iborat alla aytadi. Biroq bolaning uyqusi kelmay, injiqligi haddan oshaversa, endi ona uni qo‘rqitib uxlatishga majbur bo‘ladi. Bu she’rda ham xuddi shunday: shoir jonlantirishning ajoyib imkoniyatidan foydalanib, qo‘y va chumchuqni bolasiga alla ayttiradi. Dastlabki ikki to‘rtlikda qo‘y qo‘zichog‘ini uxlatish uchun uni eng dahshatli dushman – bo‘ri bilan qo‘rqitadi, chumchuq polaponini uxlatish uchun undan ham dahshatli dushman – ilon bilan qo‘rqitadi. Uchinchi to‘rtlikda navbat insonga keladi: ona chaqalog‘ini uxlatish uchun uni afsonaviy olabo‘ji bilan qo‘rqitadi. To‘rtinchi to‘rtlikda kutilmaganda qarshilantirishga duch kelamiz. Ona Burgut polaponini uxlatish uchun uni qo‘rqitmaydi, balki “Uxla, kuchga to‘lib o‘s. Ushbu tog‘-tosh, osmonning hukmdori bo‘lib o‘s” deya alqaydi.
Yakuniy to‘rtlik qissadan hissa, ona ta’rifidan ilhomlangan polapon, hatto, tushlarida ham keng samoni to‘ldirib charx uradi. Ma’lumki, qo‘y yuvoshlik, qo‘rqoqlik ramzi, chumchuq ham shunday, burgut esa qushlar hukmdori, erk timsoli, shu sababli uning polaponi qonida ham erk tuyg‘usi gupiradi. She’rdan kelib chiqadigan asosiy xulosa ham “Qo‘rqoqdan emas, botirdan o‘rnak, ibrat ol”, ya’ni, ana shu yurt bizniki, demak, bizning farzandlarimiz, nevaralarimiz “Shu yurtning egalarimiz, shu yurtning ertasimiz” degan tuyg‘u bilan o‘sib-ulg‘ayishlari kerak.
Bugun she’rning vazni, qofiyasi joyidaligi bilan hech kimni, hatto, yosh bolalarni ham hayratga solib bo‘lmaydi. Chunki sizlarning tengdoshlaringiz, ehtimolki, o‘zlaringiz ham vazni, qofiyasi joyida tuppa-tuzuk she’rlar yozyapsizlar. Hazrat Navoiy bundan besh yuz yil avvalroq: “Agar she’ringda bir ma’rifatomuz bayt bo‘lmasa, devoningda bir mav’izatangiz (pand-nasihat ruhidagi) g‘azal bo‘lmasa, afsus, behuda zahmat chekibsan” – degan edilar. Nazarimizda, ushbu kichik she’r ana shu nuqtayi nazardan ham ulkan ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘zbek bolalar adabiyoti mustaqil O‘zbekistonning kelajagini yaratuvchi yosh avlod tarbiyasiga mas’ul ekan, farzandlarimizning erksevar, mard, komil insonlar bo‘lib yetishuvi yo‘lida doimo baland pardalarda yangramog‘i kerak. Toki ijodkorlarimizning har bir asari yosh kitobxon qalbida ezgulik, insoniylikning bir niholi ildiz otishiga xizmat qilsin. Ana shundagina bolalar adabiyotimiz o‘z missiyasini muvaffaqiyat bilan ado etgan bo‘ladi. Ushbu she’r, dastavval, shu jihati bilan e’tiborga molik. Chunki Ona Burgut polaponining qalbiga “ushbu tog‘-tosh, osmonning hukmdori bo‘lib o‘sish”ni go‘dakligidan alla bilan singdirayotganligi sababli burgutcha, hatto tushida ham keng samoni to‘ldirib charx uradi. Xuddi shuningdek, mustaqil Ona yurtimizning kelajagi bo‘lmish farzandlarimiz ham bolalikdan o‘zlarining shu aziz Vatan egalari, uning baxt-saodatini, porloq kelajagini yaratuvchilar ekanliklariga komil ishonch ruhida tarbiyalanmoqlari lozim.
Mening tengdoshim, kursdoshim, qadrdonim Hamza Imonberdiyev hayot bo‘lganida shu yil 70 yoshga to‘lar edi. Qisqa umri mobaynida uning o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari chop etilgan. Nasib bo‘lsa, keyingi mashg‘ulotlarimizda Hamza Imonberdiyev ijodiga yana murojaat qilamiz, turli mavzulardagi o‘ziga xos she’rlari haqida suhbatlashamiz. Sizlardan esa ushbu she’r tahliliga doir fikrlarni kutib qolamiz.
Rahmatilla BARAKAYEV