Kitob oʻqish yurakning ishi
Qadrli o‘quvchilar! Taniqli jurnalist, ustoz ijodkor Mahmud Sa’diy haqida gap ketganda, eng avvalo, O‘zbekiston jurnalistikasining fidoyi, jonkuyar, yirik ustuni xayolimizga keladi. U o‘tkir qalami va bu qalamdan to‘kilgan achchiq haqiqatlari bilan respublika matbuoti rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Yillar davomida to‘plagan tajribasi bilan o‘ziga xos muharrirlik maktabini yaratdi.
Shuningdek, Mahmud aka ko‘zga ko‘ringan tarjimondir. U kishining adabiy-tanqidiy maqolalar va suhbatlarni o‘z ichiga olgan “Teran tomirlar”, “Fikr qudrati” nomli kitoblari alohida ahamiyatga ega. Zahmatkash muharrirning ijodiy faoliyati haqida “Qadr” nomli to‘plam nashr etilgan.
“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti sovrindori.
Mahmud Sa’diy bugun garchi oramizda bo‘lmasalar-da, ularning hayot yo‘li va xotiralari biz uchun hayotiy maktab vazifasini o‘taydi.
YORUGʻ IZ
Men o‘zimni baxtli inson deb bilaman. Baxtim, avvalo, men o‘sgan oilada. Otam rahmatli o‘qimishli odam edi, Buxoro madrasalarini bitirib, qishloq bolalarini o‘qitardi. Bir sandiq chiroyli-chiroyli muqovali kitoblari bor edi. Meningcha, arabcha, forscha kitoblardan tashqari, yana boshqa kitoblar ham bor edi. Ba’zan kechqurunlari uyimizga qishloqdoshlar yig‘ilishardi, otam kitob o‘qib berganda ayrimlari ta’sirlanib, yig‘lab o‘tirgani hamon yodimda.
Menga kirill alifbosini otam o‘rgatgan. Bu maktabga bormasimdan, 7 yoshga kirmasimdan burungi gap.
Onamdan juda erta ayrilganman. 1-sinfligimda otam ham vafot etdi, singlim ikkimiz g‘irt yetim bo‘lib qoldik. Shunda Mamarasul amakim o‘z panohiga olib, otalik qildi – tarbiya berdi. O‘rta maktabni bitirgunimcha akamnikida yashadim. U kishini otamdan keyingi ikkinchi murabbiyim deb bilaman.
Maktabda yaxshi dars beradigan o‘qituvchilarning hammasini yaxshi ko‘rardim. Boshlang‘ich sinflarda saboq bergan muallim Xo‘jayor Nazarov, tog‘am Boboxol Hasanovlarning qunt bilan, erinmay, mehr berib dars o‘tishlari yodimdan chiqmaydi. Ular har bir bolaning qobiliyatini yaxshi bilishardi.
Meni til o‘rganishga qiziqtirgan, shu bilan birga, to‘g‘ri so‘zlashni talab qilgan, shunga odatlantirgan barcha ustozlarimni, xususan, bilimi ham o‘zidek chiroyli rus tili va adabiyoti o‘qituvchimiz Gulchehra To‘piyevani, tarix o‘qituvchimiz Ortiq Jumayev, fizika o‘qituvchimiz Eshqobil Sharopovni minnatdor bo‘lib eslayman. Biz ulardan faqat bilim emas, hayotda juda zarur bo‘lgan tarbiyani ham olganmiz. Muallimlarim hayotimdagi yorug‘ izlardir.
KITOB – QUDRATLI KUCH
Hayotimda kitobning roli juda katta bo‘lgan. Meni poytaxtga olib kelgan ham kitob bo‘ladi. Uning nihoyatda qudratli kuch ekanligini insoniyat tan olgan. Bir ulug‘ yozuvchi ham “O‘zimda qanaqangi yaxshi fazilatlar bo‘lsa, hammasi kitobdan”, – deydi. Bu bejiz emas, albatta.
4-sinfda o‘qir edim. Qishlog‘imizda yetti yillik maktabning kutubxonasi bor edi. Kutubxonaga borganimda, kitob javonlarining birida “Navoiy” romaniga ko‘zim tushgan. Bejirim muqovalangan kattagina kitob. Uni qo‘limga olganimda, kutubxonachi: “Bu kitob hali senga “og‘irlik” qiladi”, – dedi. Shunda kitob saralayotgan Nazarov degan muallim bu gapni eshitib qolib, “Mahmud o‘qisa bo‘ladi”, – dedi. Bu gap ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Oradan vaqt o‘tib ro‘y bergan bir voqea sabab, muallimimning ishonchini oqladim: “Bir kuni meni direktor xonasiga chaqirib qolishdi. Bordim. Xonada direktor, Nazarov muallim va boshqa o‘qituvchilar bor edi. Ma’lum bo‘lishicha, direktor bilan muallim “Navoiy” romanidagi bir epizod mazmuni borasida bahslashib qolgan ekanlar. Ular: “Sen romanni o‘qigansan, qani ayt-chi, bu masalada qaysi birimizning fikrimiz to‘g‘ri?”, – deb so‘rashdi. Men biroz iymanib turib: “O‘zlaringiz bilasizlar”, – dedim. Shunda ular: “Rostini aytaver, urishmaymiz, o‘quvchi to‘g‘risini aytishi kerak! Kimning fikri to‘g‘ri?”, – deyishdi. Men: “Nazarov muallimning fikri”, – dedim. Haqiqatan ham direktorning fikri noto‘g‘ri edi”.
Roman menga o‘sha paytda judayam katta ta’sir qilgan. Asarni o‘qib chiqqandan keyin atrofimdagi odamlar ko‘zimga bir g‘alati ko‘ringan. Romanda Navoiy deysizmi, Sultonmurod deysizmi, shunaqangi zo‘r odamlar obrazlari bor. Ularga qaraganda qishlog‘imizning jaydari odamlari ko‘zimga qumursqalar kabi kichkina bo‘lib ko‘ringan. Men Navoiydek bo‘lishni xohlagan bo‘lsam kerak-da! Kitob ta’sirida ancha payt o‘zimga kelolmay yurganman.
“Navoiy”gacha ham kitob o‘qiganman, albatta. Mirkarim Osimning 1947-yilda nashr qilingan “O‘tror” qissasi edi u. 3-sinf edim. Umrimda birinchi marotaba to‘liq o‘qiganim bu qissa, adashmasam, 25 sahifalik edi. Uxlamasdan ertalabgacha o‘qib chiqqanman. Vatan himoyasi uchun O‘tror shahridagi mo‘g‘ullarga qarshi kurashda Temur Malikka o‘xshagan buyuk bobolarimiz qanday kurash olib borgan?! Asarda kichkina qo‘shinning mo‘g‘ullarning mo‘r-malaxdek yopirilib kelgan lashkariga qarshi kurashi tasvirlangan. Ular Vatanni chin ko‘ngildan, tilda emas, dilda, amalda sevadi. O‘z jonini ham qurbon qilib yuboradi. Taslim bo‘l desayam, boshqa desayam, ko‘nmaydi. Bu asar ana shu jihatlari bilan yuragimni alg‘ov-dalg‘ov qilgan.
8-sinfga o‘tgach, qishlog‘imizda pochtachilik qila boshladim – xat, gazeta-jurnal tashirdim. Menga qishloq soveti haq to‘lamasdi, gazeta va jurnallardan bittadan – o‘zim xohlaganimni berishardi. Keyin kitob olib keladigan bo‘ldim. Keltirgan kitoblarimdan ham bir-ikkitadan berishardi. Kitoblarimni shunaqa qilib yig‘a boshladim. Amakimga kolxozning juvozini haydashga ham yordamlashardim. Mehnatimiz uchun berilgan yog‘ni bozorga olib borib sotardik. Amakim ovqatlanishim uchun bergan pulga kitob olardim. O‘ninchi sinfda o‘qib yurganimda, mingtacha kitobim bor edi. Bu kitoblarning hammasini o‘qiganman va yana yaqin qishloqlarda joylashgan uchta kutubxonadagi kitoblarni o‘qiganman. Pushkinning to‘rt tomligi, Lermontovning ikki tomligi, Taras Shevchenkoning ikki tomligi, Muxtor Avezovning “Abay” romani, Saltikov-Shedrin asarlari, Mopassan hikoyalari, “Urush va tinchlik”ning ikki tomini 10-sinfda o‘qiganman.
Hozir odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi degan gap menga yoqmaydi. O‘qiyman degan odam hamma vaqt o‘qiydi. Kitob qimmatmi-arzonmi, uning ahamiyati yo‘q. O‘qimaydigan esa, baribir o‘qimaydi. Yurakning ishi bu. Kitobni yurak bilan o‘qish kerak. Hammani kitob o‘qishga majburlash shart emas.
ERKINLIK – BOSHBOSHDOQLIK…MI?
Biz ta’lim olgan davrda maktabda tartib boshqacha edi. O‘qituvchining aytgani aytgan, degani degan, o‘zgacha fikrlashga, deylik, o‘quvchilarning e’tiroz yoki erkin fikrlashlariga unchalik o‘rin qoldirilmagan. Endilikda bunday avtoritar pedagogika inkor etildi. O‘quvchiga erkinlik berish, uning o‘z mustaqil fikrini emin-erkin bayon etishiga, joiz bo‘lsa, o‘qituvchi bilan tengma-teng munozaraga kirishishiga imkon yaratilmoqda. Bu bolada mustaqil shaxs kamol topishi uchun zarur omil deyilmoqda.
Men bolaning erkinligi deganda nimani tushunaman? Bola to‘g‘ri ish qilsa, uni quvvatlash kerak, o‘ziga qo‘yib berish kerak. Aqlli bolalar bor, sal bundayroq bolalar bor. Hammasiga bir xil tarbiya berib bo‘lmaydi. Har bir bolaga fe’l-atvori, aql-idrokiga mos tarbiya berilsa, o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylayman. Umuman, bolalar tabiatan qiziquvchan bo‘lishadi. Hamma narsani bilgisi, qilgisi keladi. Odamlar uni maqtashini xohlaydi, o‘zini ko‘rsatgisi keladi. Meningcha, unga bu yo‘lda odob doirasidan chiqmaguncha qo‘yib berish kerak. Erkinlik – shu. O‘quvchining erkin, mustaqil fikrlashga da’vat qilinishi yaxshi. Bu bolaning tashabbusini uyg‘otishga, uning hayotda mustahkam oyoqqa turib olishiga yordam beradi.
Aytaylik, bola ko‘p o‘qiydi, yoshiga nisbatan ko‘p narsani biladi. Lekin u bilimini pesh qilib, o‘zidan kattalarni behurmat qilsa, bilmaysan, deb gapini bo‘lib tashlasa, bu endi erkinlik emas, boshboshdoqlik!
OʻZINGDAN ISTA
Mutolaadan birinchi maqsad – shaxs sifatida shakllanish. Bunda birov kelib sizni shakllantirib, sizni kamol toptirmaydi. O‘zingiz qilishingiz kerak hamma ishni. Navoiyning mashhur baytlaridan birini keltirmoqchiman:
O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsan, o‘zungdin istagil.
Demak, hammasi o‘zingizga bog‘liq.
Yana bir jihat. O‘qiyotganda maqsad bilan o‘qish kerak, deb o‘ylayman. Men maqsad bilan o‘qiyman. Shunday asarlar borki, ularni, albatta, qayta-qayta o‘qish kerak. Masalan, “Alpomish”ni har safar o‘qiganda, nimadir topasiz, avval anglamagan jihatlarni kashf etasiz. Keyin Navoiy g‘azallarini o‘qish kerak. Ular ko‘p qatlamli. Buyuk asarlar, klassik asarlar ko‘p qatlamli bo‘ladi. Ularni oxiragacha tushunib yetish juda mushkul.
O‘rni kelganda, bir gapni aytishim zarur. Barcha kitobxon ham oson tushunavermaydigan badiiy barkamol kitoblar bor. Ko‘p ota-onalar bunday kitoblar bola aqliga salbiy ta’sir ko‘rsatadi deb, farzandlarini ulardan yiroq tutadi. Bu to‘g‘rimi? Bola Alisherning 4-6 yoshlarida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”dek buyuk falsafiy asarini qayta-qayta o‘qib, to‘la yodlab olganini eslaylik. Navoiy davrida, undan keyingi asrlarda ham “Bo‘ston”, “Guliston” kabi ramziy obrazlarga boy o‘lmas kitoblar maktablarda darslik sifatida o‘qitilgan. Demak, hatto chuqur falsafiy asarlar bolaning aqliga salbiy ta’sir eta olmas ekan-da! Bugun fikrlashni o‘rganayotgan o‘g‘il-qizlarimiz orasidan Navoiylar, Husayn Boyqarolar, Boburlar, Zebinisolar chiqmaydi deb kim ayta oladi!..
Dilafro‘z ZAYNIYEVA tayyorladi