Bolalikning goʻzal pallasi
O‘zbekistonda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni Toshkent shahridagi “Dream Park” madaniyat va istirohat bog‘ida “Beg‘ubor bolalik” shiori ostida kitob festivali bilan boshlandi. Bog‘da o‘n beshdan ortiq davlat va nodavlat nashriyotlari yil davomida bolalar uchun chop etgan yangi kitoblari bilan qatnashdilar. Uch kun davom etgan bu festivalga jurnalimiz jamoasi a’zolari ham borib, o‘zlari va farzandlari uchun qiziqarli bo‘lgan kitoblarni sotib oldilar, yangi kitoblar bilan tanishdilar.
Bolalik inson umrining eng ajoyib, eng go‘zal pallasi. Ana shu pallani har bir viloyatda, hatto chekka qishloqda ham o‘z maromiga yetkazish davlatimizning ustuvor vazifasiga aylangan. Bular, avvalo, quyidagi amaliy ishlarda ko‘rinmoqda.
* O‘zbekistonda bolalar mehnatining har qanday shakliga barham berildi.
* Bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus tashkilotlar ta’sis etildi.
* Bolalarning qarashlarini hurmat qilishga oid huquqiy asoslar kuchaytirildi.
* Ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar manfaatlarini himoya qilish ishlari kuchaytirildi.
* Nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga e’tibor ortdi.
* Bolalarning sog‘lig‘ini saqlashga doir huquqlarini ta’minlash choralari belgilandi.
* Bolalarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar yanada ilgari surildi.
Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlardan ham ko‘rinib turibdiki, davlatimizning olib borayotgan siyosati nihoyatda salmoqlidir.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 100 milliondan ortiq bola maktabga borish, ta’lim olish imkoniyatidan mahrum ekan. Eng kambag‘al hisoblangan 15 ta davlatda 260 ming nafar norasida go‘daklar to‘yib ovqatlanmaslik va turli kasalliklar oqibatida aziyat chekar ekan. Urush bo‘layotgan mamlakatlarda esa yana minglab bolalar uy-joysiz, ota-onasiz xarobalarda kun kechirishayotgani aytilgan. O‘g‘il bolalar esa 9-10 yoshidan qo‘liga qurol olib, aqli yetar-yetmas urush maydoniga kirib ketmoqda.
O‘zbek xalqi azaldan tinchliksevar, mehmondo‘st, bolajon, bilimga, ma’rifatga intilgan. Shu bois ham ota-onalar barcha orzu-havaslari, niyatlarini siz bolalarning kelajagingiz, ertangi kuningiz bilan bog‘liq holda ko‘radilar. Shunday ekan, keling aziz o‘quvchilar, siz ham ularga munosib farzand bo‘lishga harakat qiling. Mamlakatimiz g‘amxo‘rliklariga yarasha javob berishga intiling.