Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Favvoramisan favvora

Ayting-chi, poytaxtimizdagi “Tashkent City”, “Magic City”dagi favvoralar raqsini tomosha qilganmisiz? Ko‘rgan bo‘lsangiz, hayratlanganingiz aniq. Biroq ushbu sahifamizda siz bilan jahonning eng mashhur yetti favvorasi tomon parvoz qilishni istadik. Bu tadorik 1-may — O‘zbekistonda favvoralar kuni munosabati bilan, albatta! Sayohatimizni bayram tuhfasi deya qabul qiling. Qani, uchdik!!!

 bellagio_favvoralari.jpg

Bellagio favvoralari (Las-Vegas, AQSH)

Audio-karnaylar, 1214 ta nozul (gaz yoki suyuqlik oqimini boshqarish uchun mo‘ljallangan quvur, shlang yoki quvurning uchidagi silindrsimon, dumaloq nay)lar va 4792 ta chiroqdan barpo bo‘lgan bu favvorani ko‘rib hang-u mang qolishingiz aniq. Botiningizdagi zerikish kutib tursin. Chunki har 30 daqiqada musiqali fontan boshlanadi. Billur tomchilar raqsga tushganda 460 fut balandlikda xirom aylab, sekin pastga shivirlab qo‘nadi.

 boylik_favvorasi.jpg

Boylik favvorasi (suntek City, Singapur)

Voybo‘, shuncha odam-a! Qariyb minglab sayyoh va mahalliy aholining ko‘pchiligi shu yerda. Tiqilinchligini aytmaysizmi? Qarshingizda esa maydoni 1700 kvadrat metr, balandligi 13,8 metr bo‘lgan Boylik favvorasi. Eh-heey, namuncha bahaybat! U 1998-yilda Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan Yerdagi eng katta favvora bo‘lgan. Qizig‘i, haligacha unga hajm borasida bellashadigani topilgani yo‘q.

 montjuikning_sehrli_favvorasi.jpg

Montjuikning sehrli favvorasi (Barselona, Ispaniya)

Bu favvora chindan ham sehrlimi? Albatta-da! Axir, har tomchisida yorug‘lik aks etgan musiqali suv shousi tomoshabinni ertaklar olamiga g‘arq qilishi bor gap. Atrofdagi 4760 ta chiroq va 3620 ta uchar to‘lqinlar rang-barang tovlanib, “Andalusiya Moorish” deb nomlangan san’at asarimga baho ber, degandek jilvalanadi.

 versal_favvoralari.jpg

Versal favvoralari (Versal, Fransiya)

XVII asrda qurilgan bu favvora 50 ta haykal va 620 ta uchar suv to‘lqinlari bilan birgalikda namoyish ko‘rsatadi. Versal saroyidagi bog‘ning qoq o‘rtasida joylashgan mo‘jizani Andre Le Notre ustamonlik bilan yaratibdi. Otasiga rahmat! Qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.

 dubay_favvorasi.jpg

Dubay favvorasi (Dubay, Birlashgan Arab Amirliklari)

Bugunga kelib Dubay shahrini ushbu fontansiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uning qurilishida Las Vegasdagi Bellagio favvoralarini yaratgan ustalarning mehnati bor. Muhtashamligining sababi ham shundan. Tomchilar Maykl Jeksonning “Thriller” qo‘shig‘idan tortib zamonamizning eng mashhur pop hitlarigacha raqsga tushadi.

 oy_yogdusidagi_kamalak_favvorasi.jpg

Oy yog‘dusidagi kamalak (Seul, Janubiy Koreya)

Odatda, yomg‘irdan so‘ng kamalak chiqadi. Biroq Seuldagi Banpo ko‘prigida oy yog‘dusida ham ko‘rinish beradigani bor ekan. Ayniqsa, tunda turfa rangli chiroqlar ko‘prikdagi 10 mingga yaqin nozuldan 43 metrgacha otilayotgan suvni yoritib, ertaknamo tomosha ko‘rsatadi. Aynan shu karomati uchun Ginnesning rekordlar kitobidan ham joy olibdi.

 jidda_favvorasi.jpg

Jidda favvorasi (Jidda, Saudiya Arabistoni)

Uni yana Qirol Fahd deb atashingiz mumkin. Haqiqatan, u dunyodagi eng baland favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan “podshoh”. Qanchalik baland deysizmi? 260 metr. Ehtiyot bo‘ling! Otilganda quvonganingizdan og‘zingizni lang ochib hayqirmang. Yo‘qsa shamol favvoradagi Qizil dengizdan olingan sho‘r suv bilan og‘iz-burningizni to‘ldirishi hech gap emas.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.