O‘zbekiston muzeylari
1977-yil Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Muzeylar Kengashi (ICOM) Bosh Assambleyasida 18-may – Xalqaro muzeylar kuni sifatida qabul qilingan. Oradan yarim asr vaqt o‘tib, shu kun munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda dunyoning 150 davlatidan 35 mingdan ortiq muzeylar ro‘yxati shakllantirildi.
Biz esa sizni ona yurtimizdagi 100 dan ortiq muzeylardan bir nechtasi bilan tanishtirishni joiz topdik.
I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi Respublikadagi yirik muzeylardan. Nukus shahrida 1966-yilda tashkil topgan. Muzey fondida 1920-30-yillarda avangard rassomlar yaratgan asarlar, qoraqalpoq xalq ustalari tomonidan yaratilgan zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtado‘zlik, to‘qimachilik va boshqa asarlar jamlangan.
Toshkentning markazida joylashgan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi Markaziy Osiyodagi birinchi muzeylardan biridir. U 1876-yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Muzeyda 250 mingdan ortiq qadimiy buyumlar, topilmalar va artefaktlar mavjud bo‘lib, ular O‘zbekiston hududida yashagan xalqlarning tosh asridan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini bilib olishga imkon beradi.
Qatag‘on qilinganlarni xotirlash va e’zozlash, xalq ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimizning porloq xotirasini tiklash maqsadida 2002-yil 31-avgust kuni “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil etildi.
O‘zbekiston kino san’ati muzeyi 1972-yil tashkil etilgan bo‘lib, arxivida o‘zbek kinosi tarixiga oid 40 mingdan ortiq eksponatlar mavjud. Muzey taniqli kinoijodkorlarning ko‘plab noyob fotosuratlari bilan bezatilgan.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi – 1996-yilda butun dunyoda taniqli bo‘lgan buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 660 yilligi sharafiga ochilgan. Muzeyning uch qavatli yumaloq binosi gumbaz bilan qadimiy sharqona uslubda bezatilgan. Muzey fondida 3 mingdan ortiq eksponatlar mavjud.
Qurolli Kuchlar muzeyi 1965-yilda tashkil topgan. Muzey ekspozitsiyasidan Qurolli Kuchlar tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari harbiy san’ati, harbiy yurishlar xaritasi, askarlar saflanishining sxemalari, qurol-aslahalar, nishonlar va Temuriylar davrining boshqa eksponatlari o‘rin olgan. O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi ishtirokiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar ham mavjud.
O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi ilk bor 1927-yilda mamlakatimiz hunarmandlarining asarlari ko‘rgazmasi sifatida ochilgan va “Hunarmandchilik muzeyi” deb nomlangan. Biroq 1977-yilda u davlat muzeyi maqomini oldi va hozirgi amaliy san’at muzeyiga aylantirildi.
Toshkent temir yo‘llar texnikasi muzeyi temir yo‘l sohasi texnika muzeylari uyushmasi tarkibiy qismiga kiradi. U Osiyodagi muzeylar orasida eng yirigi sanalib, 1989-yil 4-avgustda Temiryo‘lchilar kuni munosabati bilan tashkil etilgan.
Toshkent Shahar Planetariysi – 2003-yil tashkil etilgan bo‘lib, namunaviy va ko‘rgazmalar zaliga ega.
Hilola ABDURASULOVA tayyorladi