Vatan
Vatanni onaga tenglashtiramiz. Bunda hech mubolag‘a yo‘q. Oilaga ham qiyoslaymiz. Har birimizning boshpana uyimiz ham mo‘jaz bir vatandir. Jamiyat makonsiz bo‘lolmaganidek, makon jamiyatsiz huvillab qoladi. Oilam, uyim, mahallam, qishlog‘im, do‘stlarim – barcha-barchasi suyukli vatan timsolida yuksak qadr-qimmatga ega. Ularni bir kun ko‘rmasam sog‘inaman, qo‘msayman, qalbim o‘sha yoqqa talpinaveradi. “Nega shunday ekan-a?” deb ko‘p o‘yladim. Keyin savolimga javob topgandek bo‘ldim. Ya’ni, inson qayerda o‘sib-ulg‘aysa, eng yaxshi, unutilmas xotiralari qayerda qolgan bo‘lsa, o‘sha joy Vatan hisoblanar ekan.
Mana, salkam uch yildirki, Vatanim ostonasi Norin ekaniga qaramay, To‘raqo‘rg‘on ham ikkinchi uyim, Vatanimga aylanib, yuragim qatidan joy olmoqda.
Vaqti kelib orzular qanotida xorijga chiqsam, “O‘zbekistondanman, men o‘zbek qiziman!” deya faxrlanishga haqliman. Mushtdekkina yuragimga bepoyon Vatanim sig‘ar ekan, uni qalb qo‘rim bilan asrayman. Axir, O‘zbekiston onamdek yagona, onamdek muqaddas!
Aziza KARIMJONOVA,
Is’hoqxon Ibrat ijod maktabining 9-sinf o‘quvchisi