Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Najmiddin Kubro yoxud ibratli taqdir

(Buyuk vatanparvar eldoshimiz Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligiga bagʻishlanadi)

 Qissa

1221-yil. Anush­tegin-xorazm­shoh­lar davlati poy­taxti Gurganj (Urganch shahrining qadimgi atalishi). Ya­qin kunlargacha fa­ro­vonlik va sao­dat maskaniga aylan­gan shahar endilikda musibat qurshovida. Yetti oydirki, shon-shuhrati olamda doston poytaxt mo‘g‘il bosqinchilari tomonidan qamal qilinmoqda. Ancha holdan toygan odamlarda hali g‘alabaga bo‘lgan umid so‘ngani yo‘q. Oziq-ovqat taqchilligiga qaramasdan yosh-u qari jon-jahdi bilan qal’a darvozasini qattiq qo‘riqlashmoqda. Baland devor tepasidan pastdagi dushman tomonga qaynoq suv sepishar, yonib turgan moy – nabit (Neftning o‘rta asrlarda nomlanishi) uloqtirishardi. Sarboz yigitlar qatori yosh-yosh qiz-juvonlar ham shinak (qadimiy qal’a devorlarining o‘q  otishga moslashgan joyi) lardan kamonni shahd bilan tortganicha, o‘q otishardi. Vahshiy ilon hujumiga uchragan qush uyasidagi polaponlardek norasida bolalar  ko‘zachalarni bazo‘r ko‘targancha jon-jahdi bilan yurt himoyachilariga suv tashirdi.

Ana shunday qaltis bir vaziyatda Xorazm  podshohi Alouddin Muhammad qochib ketgach, Turkon xotunning ukasi Xumortegin o‘zini Gurganj amiri deb e’lon qildi. Ammo mansab va boylikka o‘ch bu dashtlik amirga aslo ishonib bo‘lmasdi. Ko‘pchilik uning istagan paytda o‘z boshini omon saqlash uchun sotqinlik qilishdan aslo qaytmasligini yaxshi bilardi. Hozirda uning qo‘lida hokimiyat tizgini borligi uchun ham hech kim unga jiddiy qarshilik qilolmasdi.

Shaharning qoq markaziga eltuvchi tor va egri-bugri ko‘cha. Ot choptirib kelayotgan mulozim, Imomiddin mushrif, darvoza oldida turgan, olamga taniqli alloma Shayx Najmiddin Kubroni ko‘rgach, darhol to‘xtab, egardan tushdi. Ayni chog‘da bu mulozim shahar mudofaasini tashkil qilishda bosh-qosh bo‘layotgan asosiy shaxslardan biri bo‘lib qolgandi.

– Assalomu alaykum, hazrat! Nechuk bezovta ko‘rinursiz? – dedi Imomiddin Mushrif. Shayx mulozim salomiga alik olgach, javob berdi:

– Qiyomat kunida bezovta bo‘lmagan inson qolurmi?! Axir la’nati Chingiz itlari quturib  hurib turgan qiyomat-qoyimdek bir paytda kim ham bemalol o‘tira olur?

– To‘g‘ri, pirim! Ammo Siz bizni duo qilib o‘tirsangiz, shuning o‘zi kifoya. Bu qal’ada Sizning borligingiz uchun ham xalqda ishonch so‘nmagay. Ular Sizning duolaringiz qabul bo‘lib, dushman ustidan g‘alaba qozonmog‘imizga ishonishmoqda, – dedi Imomiddin mushrif.

– Alloh taolo go‘zal bir Yordurki, ba’zan noz-firoq qilib, duolarimizni ijobat qilmas. Ul zot bandalaridan gina qilur. Bunga ayrim gumrohlarning qilgan gunohlari sabab bo‘lg‘ay, – dedi chuqur xo‘rsinarkan Shayx Najmiddin Kubro.

– Siz – Xudoning yoronlari – avliyolarni yetishtiruvchi ulug‘ shayxsiz. Allohdan gunohkorlarni kechirishini so‘rab duo qiling. Zora, ishimiz o‘nglansa.

Shu payt qal’a devori tepasidan shitob bilan tushib kelgan navkar Imomiddin mushrifni amir Xumortegin chorlayotganini aytdi. Imomiddin mushrif shayxga ta’zim qilgach, tepaga qarab yugurib ketdi.

Munkillab qolgan shayx hassasiga suyanganicha mahkam berkitib qo‘yilgan qal’a darvozasiga tikilib qoldi. Mana shu mahobatli darvoza – saltanatda avj olgan ne-ne shuhrat va dabdabalarning guvohi. Yaqin kunlargacha undan dunyoning to‘rt tomonidan tashrif buyurgan qator-qator karvonlar kirib-chiqib turardi. Xorazmning shon-u shavkati yetti iqlimga taralgan. Podshoh Alouddin  Xorazmshoh nomini eshitgan chog‘da jahonning qay burchagida bo‘lmasin manaman degan shohlar shohining ham tizzasidan mador qochardi. Poytaxt Gurganjning ta’rifi esa tillarda doston. Uni bir ko‘rish istagida yer yuzining gadoy topmas go‘shalaridan sayyohlar oqib kelardi. Olimlar, shoirlar, san’atkorlar bu shaharda yashab qolish maqsadida unga intilishardi. “Qirq mulla” deb ataladigan bog‘ning ta’rifini eshitgan ilm ahli borki, bir orziqib qo‘yardi.

Aslida bu bog‘ning nomi “Bog‘i ma’rifat” bo‘lib, har payshanba kuni bu yerga olimlar, shoirlar, so‘fiylar, qorilar to‘planishar va tong otguncha majlis qilishardi. Bu majlislar ko‘pincha bahs-munozaraga boy bo‘lardi. Avjga chiqqan tortishuvlarga aksariyat hollarda “Qirq mulla” toifasiga kiruvchi olimlar nuqta qo‘yishardi. Jahonning olis-yaqin burchagida yashab kitob yozgan kimki bo‘lsa, uni tasdiqlatish uchun ana shu ulamolar oldiga olib kelishardi.

Najmiddin Kubroning xayolidan fors diyorida ulug‘ alloma deb nom qozongan Shamsiddin Tusiyning shu bog‘ga kelgan kun o‘tdi. Tusiy yangi bir asar yozganini aytib, uni o‘qib ko‘rib, tasdiqlatmoqchi ekanini aytganida, marmar hovuz bo‘yida qatorlashib saf tuzib turgan olimlar jim turaverishdi. U qayta-qayta murojaat qildi. Hamma jim. Shunda kimdir hovuzdagi kichkina  qayiqchada o‘ynab o‘tirgan bolakayni ko‘rsatib:

– Kitobingizni hazratga uzating! – dedi.

Tusiy istehzo bilan iljaydi.

– Shu mishiqi bola mendek ulug‘ allomaning kitobini tasdiqlab beradimi?! – dedi.

Hovuz chetiga kelib to‘xtagan qayiqdan tushgan bolakay Shamsiddin Tusiyning qo‘ltig‘ida turgan kitobni shartta oldi-da:

– Juda ezma odam ekansiz. Uzat deganlaridan keyin uzatavering, axir. Kitobingiz ham ezmaligingiz “sharofati”dan ko‘p so‘z qo‘shilaverib, semirib ketibdi, – degancha hovuzga otib yubordi.

Shamsiddin Tusiy bolaning bu qilgan ishidan dod soldi.

– Hoy, ona suti og‘zidan ketmagan bolajish (polapon)! Bu nima qilganing? Qani, darhol kitobimni qaytarib ber! – baqirdi u.

Shunda bolakay hovuz bo‘yida saf tortib turgan olimlarga buyurdi:

– Tusiyning kitobi qirq bobdan iborat. Har biringiz bir bobini yozing!

Allomalar unga “Xo‘p bo‘ladi, ustod!” deganlaricha ta’zim qilarkan, darhol ishga kirishishdi. Osmono‘par gujum ostidagi supaga chiqishib, yoza ketishdi.

Ko‘z ochib-yumguncha topshiriqni bajarib bo‘lgan allomalar bolakay oldiga kelib, yana saf tizib turishdi.

– Qani, navbati bilan o‘qing-chi! – dedi bolakay qo‘llarida qog‘oz varaqlarini ko‘tarib turgan olimlarga qarab.

Ularning so‘zini tinglarkan, Shamsiddin Tusiy bo‘zarib ketdi. Chunki ular o‘qiyotgan so‘zlar uning kitobidagi so‘zlar bilan aynan bir xil edi. Shunda u  o‘yinqaroq yoshdagi bu norasida Xorazm ulamolarining ustozi Bola Mulla ekanini angladi. Najmiddin Kubroniki kabi uning ham dovrug‘i olamga yoyilgan. Onadan tug‘iliboq ravon gapira boshlagan, to‘rt yoshida Qur’oni Karimni yod olgan, yetti yoshida tafsir ilmini egallagan bu bola haqida hamma joyda gapirishardi. Aytishlaricha, Gurganjdagi barcha alloma uni ustoz deb bilarkan.

Garchi bu haqda ko‘p eshitgan bo‘lsa-da, Shamsiddin Tusiyning ichini yondirayotgan hasad o‘ti battar alangaladi.

– Menga o‘zimning kitobimni topib bering! – deya bo‘g‘riqib baqirardi u.

Shunda Bola Mulla suvga qo‘lini tiqdi-da, hovuz tubidan uloqtirib yuborgan kitobni oldi va changini qoqib, unga uzatdi. Bu avliyolik karomatimi yoki sehrgarlik ilmimi, bilolmay garangsib turgan Tusiy kitobni shartta oldi-da, bog‘ni tark etdi.

Ezgulik, baxt va saodat garchi tog‘ kabi yuksak bo‘lsa ham uni hasad va baxillik yemirib yuborishi mumkin ekan. Hasad o‘ti uni Xorazmshoh dushmani Temuchin (Chingizxonning ismi) huzuriga yetakladi. Uning xizmatiga kirgach, doimo fisq-u fasod va tuhmat gaplarni hukmdorning qulog‘iga quyaverdi. Shu orada kaltafahm xorazmshohlar amiri buyrug‘i bilan mo‘g‘il karvonining talanishi Chingizxonni g‘azab otiga mindirdi. U kunchiqar mamlakatlarga kelib-ketib yurgan savdogar Mahmud Yalavochni o‘ziga og‘dirib oldi. Raqibi Alouddin Muhammad saltanati haqida ko‘p narsalarni bilib olgach, Chingizxon Mahmud Yalavochni Xorazmga elchi qilib jo‘natdi.

Mahmud Yalavoch mo‘g‘illar xoqonining maktubini topshirganida Xorazmshoh g‘a­zabdan tutoqib ketdi. Chunki u Alouddin Muhammadga o‘g‘lim deb murojaat qilgan edi. Buni u nafsoniyatga tegish deb bildi. Maktubni parcha-parcha qilib  yirtib tashladi. Elchini zindonga uloqtirishni buyurdi. Yarim tunda hovuridan tushgach esa uni huzuriga qayta oldirdi.

– Ey Mahmud, sen Chingizxondan ko‘ra menga xizmat qilishing kerak. Negaki, sening kindik qoning mana shu zaminga to‘kilgan. Sen – Xorazm farzandisan. Qani, ayt-chi, Chingizxon bizdan ko‘ra qudratliroqmi? – deya savol qotdi podshoh A’louddin Muhammad.

Ilonning yog‘ini yalagan Mahmud Yalavoch o‘ylanib o‘tirmadi. Agar u rostini aytsa, qahri qilichday keskir Xorazmshoh uni tilka-pora qilib tashlashini sezib turardi. Shu bois tilyog‘lamalik bilan dedi:

– Ey Tangrining yerdagi soyasi, o‘sha dashtlik mo‘g‘il sendek oliynasab shohlar shohi oldida kim bo‘libdi?! Uning kuch-qudrati sening qarshingda bir urvoqdek gap.

Muhammad Alouddin unga qo‘lidagi olmos ko‘zli uzugini yechib uzatdi. Bu unga ishonganining ramzi edi. Yalavoch yetti bukilib ta’zim bajo keltirgancha hukmdor huzuridan chiqa solib, shitob bilan Gurganjni tark etdi. Uning bu yerda turishi faqat o‘zining zarariga ishlashi mumkin edi. U tezroq Chingizxon huzuriga yetib olishni va undan elchilik xizmati uchun mukofot va in’omlar olishni o‘ylardi. “It suyak tashlangan joydagina huradi, – deb o‘ylardi u. – Men faqatgina Temuchin foydasiga xizmat qilishim kerak. Chunki u mening pushti panohim. Chinmochin (Xitoy)-da u mening emin-erkin tijorat qilishimga, yaxshigina boylik orttirishimga yo‘l qo‘yib bermoqda. Quruq soyasiga ishonib, yetti iqlimga hukmdorman deb o‘tirgan manavi Xorazmshohdan nima ko‘ribmanki, unga sadoqat ko‘rsatsam?!”

Agar uning Xorazmshoh sovg‘asini olganini Chingizxon bilib qolsa, shubha ostida qolishi aniq. Boshi omon ham qolmas, balki. Biroq boylik uchun o‘z yurtini sotishgacha borgan ochko‘z savdogar uzoq o‘ylanib turmadi. U suyak isini olgan itdek cho‘kka tushgancha yerni kovlay boshladi. Oyoq panjalari bilan tuproqqa qorib tashlagan olmos ko‘zli uzukni topib, kaftida mahkam siqdi. “Seni shundoq uloqtirib ketish – uvol-ku, uzukjon! Seni shunday joyga yashirib qo‘yayki, vaqt-soati kelib bir kunimga yaraysan hali. Albatta, kelib seni olib ketaman, olmos ko‘zli bebaho uzukkinam!” – deya ming‘irladi u. So‘ng uzukni bahaybat yulg‘unning kovagiga shosha-pisha tiqarkan, kimdir ko‘rib qolmadimikan degan gumonda yon-atrofiga olazarak ko‘z tashladi.

Mahmud Yalavoch mo‘g‘illar poytaxti Qoraqurumga yetib borgach, topshirilgan vazifa a’lo darajada uddalangani haqida Chingizxonga hisobot berdi. Uning huzurida bosh maslahatchilar qatorida qo‘l qovushtirib turgan Shamsiddin Tusiy Gurganjga hujum qilish mavridi kelganini aytib, xoqonni shoshilinch urush boshlashga undardi.

Sharq dunyosining ana shu ikki xoini tufayli tinch va osoyishta yurt bir pasda ostin-ustin bo‘lib ketdi. Mo‘g‘illar dastlab O‘zganni, so‘ngra O‘tror va Xo‘jandni yer bilan yakson etishdi. Samarqandning kulini ko‘kka sovurib, Buxoroni qatli om qildi. Mana, yetti oydirki, ov ilinjidagi qashqirlardek Gurganj qal’asini qamal qilishmoqda. Yetti oydan buyon Xorazm saltanati poytaxti bir gala vahshiylar qurshovida. Odamlar so‘nggi nafasigacha dushmanga qarshi kurashishga ahd qilgan. Mislsiz bu kurash mudofaadagilarning irodasini buka olgani yo‘q. Ular Najmiddin Kubroning karomati bilan zafar qozonamiz deb o‘ylashardi. Ammo ilohiy taqdir hukmini o‘zgartirmoq Allohning aziz do‘stlari sanalgan avliyolarning ham qo‘lidan kelmas ekan. Nachora, g‘alabadan darak yo‘q edi.

 

Erpoʻlat BAXT

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.