Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Baxtli bolalik

Yaqinda Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Ofarin” mukofoti sovrindori, foto­jurnalist Ravil Albekovning “Baxtli bolalik” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi namoyish etildi.  Ko‘rgazmadan fotojurnalistning  60 ta oq-qora fotosuratlari joy oldi.

Ravil Albekov 1958-2001-yillarda “Tong yulduzi” gazetasida hamda boshqa ko‘plab nashrlarda faol ishlab, bolalar va o‘smirlar hayotidagi qiziqarli va taassurotlarga to‘la lahzalarni suratlarga muhrlagan.

Uning ijodida XX asrning oxirgi 40 yili asosan bolalar va o‘smirlarning  ijtimoiy hayotdagi xatti-harakatlari solnomaviy tarzda bo‘y ko‘rsatadi.  Fotoapparati obyektivida bolalar va o‘smirlar bilan bog‘liq sport va san’at, ilm-fan,  madaniyatning boshqa jabhalariga  doir jarayonlar  o‘z tasvirini topgan. Ravil Albekovning fotosuratlari oq-qora bo‘lsa-da, mana shu ikki rang orqali  u bolalar va o‘smirlarning  fe’l-atvori, qiziqish va yutuqlarini to‘laqonli kashf eta olgan.  Ijodkor ularning beg‘ubor chehralariga, quvnoq kulgilariga, sho‘xchan harakatlariga, erishayotgan yutuqlari va hayotdagi o‘rinlariga o‘tkir nigohini qaratgan.

Fotorassom suratlarga iliq va samimiy ruh kirita olgan. Bugungi kunda ularni kuzatgan tomoshabin olis o‘tmishni  yaqindan va jonli ko‘ra oladi. Suratlarda bolalar va o‘smirlarning turli ilmiy-ijodiy to‘garaklardagi, sport mu­sobaqalari, san’at bayramlari, tantanalar va kundalik hayotdagi quvnoq daqiqalari  talqin etiladi va ularga munosabat  bildiriladi.

–  Biz “Gulxan” jamoasi bilan ustozni ko‘rgani uylariga borganimizda qo‘llarida ikkita qog‘oz papka ko‘tarib chiqdilar. – Mana bu arxivimdagi noyob suratlar. Ularni “Gulxan”ga sovg‘a qilmoqchiman. Bu suratlarda nafaqat mamlakatimizning tarixi, balki mustaqillikda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, res­publikamizdagi mashhur kishilarimiz, ta­niqli ijodkorlarimizning su­ratlari tas­vir­langan. Mendan keyin ham ulardan bemalol foydalanishingiz mumkin, – dedilar siniqqina jilmayib. Men ustozni ko‘zda yosh bilan quchoqlab oldim, – dedi yozuvchi Muhabbat opa Hamidova u kishini xotirlab.   

Bugungi kunda Ravil Albekovning ishlari uning shogirdlari va  farzandlarining faoliyatlarida davom etmoqda.

 

Gulxanjon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.