Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qaldirg‘ochlar quvonchi

Maktabni a’lo baholar bilan tamomlab, oltin medal olgan tengdoshlaringizga havas qilganingiz rost. Bilimdon, a’lochi do‘stingizning quvonchi, shodligini ko‘rib, ularning o‘rnida bo‘lib qolishni ham istagansiz. Ochig‘i, oltin medal haqidagi xushxabarni eshitib bizning ham boshimiz ko‘kka yetdi. Chunki respublika bo‘yicha maktabni oltin medal bilan tamomlagan o‘quvchilar soni 12620 nafarni tashkil etarkan. Yaxshi natija! Demak, ilmga chanqoq yoshlar soni ortib bormoqda. Biz shunday bilimli o‘quvchilarning his-hayajonlari, maqsadlari, fikrlariga qiziqdik. Shu bois, Uchtepa tumanidagi 236-maktabni oltin medal bilan bitirgan tengdoshlaringizni suhbatga tortdik.

 

 Munisa BAHODIROVA:

– Inson bolalikdan orzular og‘ushida yashaydi, nimalarnidir o‘ylaydi, o‘z oldiga  maqsadlar qo‘ya boshlaydi. O‘sha vaqtda maktabni a’lo bahoga bitirsam, deb niyat qilardim. Mana, hozir o‘sha orzumning ijobatini ko‘rib turibman. Buni uddalaganimdan, qo‘limdan kelganidan xursandman. Ko‘ksimda oltin medal, qo‘limga imtiyozli shahodatnoma tutqazishar ekan, ong-u shuurimda kelajakda bundan-da ulkan ishlar kutayotganiga ishonch bildirilyapti, degan fikr uyg‘ondi. Ilk maqsadimga erishdim, qolganlari uchun ham kuchli xohish bilan tinimsiz mehnat qilishim kerak. Tilaklar ro‘yo bo‘lganda, barcha qiyinchiliklar unutiladi, jismingizdagi charchoq rohatga aylanadi. Avvalo, bu yutuqlarga ota-onamning duosi, ishonchi, qo‘llab-quvvatlashi sabab erishib kelmoqdaman. O‘ylaymanki, kelgusida ham ularning duolari bilan oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib, imtiyozli diplom bilan tamomlayman.

 

Muxlisa ABDUMANNOPOVA:

– 27-iyun — hayotimdagi eng quvonchli kunlardan biri bo‘ldi. Namunali xulqim, yutuqlarim, a’lo baholarga o‘qiganim uchun maktab ma’muriyati tomonidan oltin medal bilan taqdirlandim. O‘sha kungi his-hayajonni tasvirlash juda mushkul. Shunga amin bo‘ldimki, mehnat-mashaqqatsiz natijaga erishib bo‘lmaydi. Oila-a’zolarimning quvonchini ko‘rsangiz edi... Ular ta’limdagi yutuqlarimdan faxrlanishdi. O‘qituvchilarim, ayniqsa, Latofat Yusupova nufuzli oliygohlarning talabasi bo‘lishim uchun omad tiladi. Men uka-singillarimga ko‘proq kitob o‘qishini, maqsadga ilm-ma’rifat bilan erishish mumkinligini maslahat bermoqchiman. Ana shunda ular mehnatning rohatini, albatta, ko‘rishadi. Men kabi quvonchi ichiga sig‘maydigan qaldirg‘ochdek ulkan orzularga to‘la katta hayot sari parvoz qilishadi.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.