Najmiddin Kubro yoxud ibratli taqdir
(Boshi o‘tgan sonda)
Shayx xayol og‘ushida ancha turib qolgach, toliqdi shekilli, qal’a darvozasi oldidagi devorga suyangancha oyoqlarini uzatdi. Shu mahal tashqari maydonda qiyqirib-baqirib o‘q uzayotgan dushmanning ovozi tinib qolgandek tuyuldi. Go‘yo ulug‘ avliyo karomati bilan shahar ularning ko‘z o‘ngidan g‘oyib bo‘lgandek edi. Mudofaadagilar ham bu holdan taajjubga tushib, biroz nafas rostlashga o‘tirishdi.
Shayx tasbeh o‘girarkan, uning har bir donasida bitta tarix, og‘riqli bir voqea qotib qolgandek his etdi. Mana shu darvoza oldidagi hayhotdek maydondan suyukli shogirdi Majididdin Bag‘dodiy sudrab olib o‘tilgan, nohaq tuhmatlar bilan daryoga cho‘ktirib yuborilgan edi.
Ilm-u ma’rifatda to‘lin oydek porlab borayotgan Majididdin – nozikta’b shoir, yetuk alloma edi. Uning fahm-farosat bilan qilgan har bir gurungi odamlarni o‘ziga rom etmasdan qo‘ymasdi. Hatto podshohning onasi Turkon xotun ham uning majlislariga tez-tez kelib turardi. Bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalangan g‘alamislar hukmdorni gij-gijlashdi. Bazmda sarxush o‘tirgan podshohni Majididdinni o‘ldirish uchun buyruq berishga ko‘ndirishdi.
Shayx o‘z shogirdini “Jamiljon” deb qadrlar edi. Uni bo‘yniga tosh bog‘lab asov daryoga uloqtirishganini eshitib, jondan aziz dilbandidan ayrilgandek qattiq g‘amga cho‘kdi. Xilvatda Qur’on tilovat qilib o‘tirishdan boshqa chorasi qolmadi. Qilgan ishlaridan ming pushaymon yeb, huzuriga kechirim so‘rab kelgan Alouddin Muhammadga qayrilib ham qaramadi.
O‘shanda podshoh shayxning oldiga bir tovoq oltinni qo‘yib:
– Bizning gunohimizdan keching! Qilgan ishimizdan afsusdamiz, – dedi cho‘kka tushib o‘tirgancha. – Mana, Majididdinning boshi evaziga sizga bir tovoq oltin kelturdik.
Shayx indamadi. Faqat g‘amdan quyi solingan boshini ohista ko‘tarib Xorazmshohga tikildi. Qalin va o‘skin qoshlari ostida yonib turgan ko‘zlarni ko‘rib podshoh sapchib o‘rnidan turib ketdi. Uning nigohlaridan “Jamiljonning qoni uchun sen boshing bilan javob berasan! Nafaqat sen, balki butun Xorazm javob berajak! Negaki, bir orif va ma’rifatli farzandini saqlab qololmagan qavm har qanday jazoga loyiq!” degan xitoblarni uqqandek bo‘ldi.
“Al-qasos ul-minal Haq” hikmatining ma’nosi – qasos Yaratgandandir demak. Mazlumga zulm qilgan, albatta, jazosini oladi. Biroq yuborilgan qasos ofatiga zolimlar qatori avom xalq ham duchor bo‘ladi. Buning hikmati aksariyat hollarda yashirin qolaveradi. Balki bu – tomoshaga o‘ch oddiy xalq jur’atsiz va loqayd bo‘lganligi uchun bir jazodir”.
Ana shunday o‘y bilan Najmiddin Kubro shogirdi sudrab olib ketilgan maydonga uzoq tikilib o‘tirdi. Xayolida farzandi arjumandidek aziz shogirdi qasos tug‘ini baland ko‘tarib turgandek tuyulaverdi. Birozdan so‘ng uning siymosi tevarakni jizg‘anak qilayotgan quyosh nurlariga qorishib ketgandek bo‘ldi.
Qal’ani muazzinning baland ovozi tutdi. Peshin namoziga azon aytilyapti.
Keksa pir hassasiga tayangancha o‘rnidan turdi. Ohista qadam bosgancha masjid tomon odimladi. Maydonning o‘rtasiga kelganida orqasiga qayrilib qal’a darvozasiga bir qur nazar soldi. Hammasi joyida. Temir parchinlar bilan mustahkamlangan tavaqalar har qanday hamlaga dosh beradi. Faqat xoin va murtadlar uni dushmanga ochib bermasa bo‘lgani.
“Ha, – deb pichirladi shayx o‘zicha, – xoinlar shoqoldek bolalayveradi. Ular uchun na Vatan, na yurt taqdirining qizig‘i bor. Faqat o‘z jonini asrab qolsa bo‘lgani. Qo‘rqoqlar esa quyondek chopqir keladi. Yov kelsa, boshi oqqan tomonga qochib qolishadi. O‘ttiz uch mamlakatni o‘z hukmi ostida birlashtirgan, o‘zini Ikkinchi Iskandar Zulqarnayn deb ovoza qilgan hukmdor Alouddin Muhammad ham quyonyurak, noshud chiqdi. U dushman qilich sermab turgan bir pallada qochib qoldi. Zero, yovga ters qaragan odamning imoni pokligiga shubha bor”.
Qochib qolgan faqat Xorazmshoh emas edi. Butun dunyo ayollarining xoqoniman deya kerilgan Turkon xotun ham bir kechaning o‘zida g‘oyib bo‘ldi. Aslida hukmdor o‘g‘li – Alouddinni o‘z itoatida ushlagan malika xalq boshiga bu balolarning yopirilib kelishiga bosh sababchilardan edi. Podshohning to‘ng‘ich o‘g‘li Jaloliddin Manguberdi qolib kichik farzand O‘zlog‘shohni taxt vorisi – valiahd deb e’lon qildirgan ham o‘sha qaysar va injiqfe’l malika. U doimo Jaloliddinni kamsitishga urinardi. Bunga shahzodaning onasi Oychechak qang‘li urug‘idan emasligi sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Negaki, Turkon xotun uchun qang‘li urug‘iga mansublik – oqsuyaklikdek gap. Axir qang‘li uning ota urug‘i edi-da.
Ona qirolicha biror majlis yoki anjumanlarda Jaloliddin og‘iz juftlagan zahoti uni darrov kesatiq gaplar bilan chaqib olardi. Hatto shahzoda barcha kuchlarni bir joyga to‘plab, Chingiz qo‘shiniga qarshi kurashish taklifini ilgari surganida, Turkon xotun:
– Bu qandoq farosatsizlik?! Axir bir joyga to‘plangan kuchimizni dushman parchalab tashlasa, saltanat poytaxtini kim himoya qila olur?! – degan edi o‘shqirib.
Alouddin Muhammad ham onasi Turkon Xotunning gapini ma’qulladi. To‘rt yuz ming sonli saralangan qo‘shini bo‘la turib “Har kim o‘z viloyatini o‘zi muhofaza qilsun!” – deya farmoni oliyni e’lon qildi.
Jaloliddin ortiq so‘z demadi. Biroq u O‘tror, Samarqand va Buxoroda dushmanga qarshi mardonavor kurashdi. Goh yengdi, goh chekindi. Otasi qochib ketgach, Gurganjga kelib, vaziyatni qo‘lga olishga harakat qildi. Biroq Turkon xotunning tarafdorlari uni valiahd deb tan olmasdan sarkashlik yo‘lini tutishdi. Mamlakat taqdiri qil ustida turgan bir pallada mansab va boylik ilinjida xoinlar uni zaharlamoqchi bo‘lishdi. To‘ng‘ich shahzoda o‘zining uch yuz ming sonli qo‘shini bilan poytaxtdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Hozir ham u Isfaxon tomonlarda mo‘g‘ullarga qaqshatqich zarba berish uchun qo‘shin yig‘ayotgani haqida xabarlar kelib turibdi. Jaloliddin chinakam xaloskor siymosida kelib, Gurganjni yov changalidan ozod qilishiga barcha umid qilmoqda.
Takabbur Turkon xotun yo‘lda qochib borayotib, mo‘g‘ullar tomonidan asir olingani haqidagi shumxabar allaqachon poytaxtga yetib kelgan edi. Uning Chingiz o‘tovi oldida it kabi saqlanib, ziyofat sarqitlarini yeb yurgani haqidagi mish-mishlar allaqachon ovoza bo‘lgan. Afsuski, uning bilan Jaloliddinning o‘g‘li ham asirlikda.
Najmiddin Kubro hazratlari Jaloliddindek farosatli, jasur va mard shahzodadan omad yuz o‘girganidan afsuslanib, chuqur uh tortdi. U bu sheryurak va chehrasida imon nuri balqib turgan o‘g‘lonni bolaligidan yaxshi biladi.
Qaysidir yili qal’a devorlariga to‘sh urib oqib turgan Jayhun sohilida Navro‘z sayli o‘tkazildi. Podshoh barcha ulamolarni sayilga taklif qilib, sovg‘alar ulashdi. So‘ngra donishmand shayx va uning shogirdlarini o‘zining hashamatli kemasiga chorlab, daryoda sayr qildirdi. O‘shanda ko‘pchilik bir voqeaning guvohi bo‘lgan edi: kemaning tumshug‘i tomonda shahzoda O‘zlog‘shoh pishqirib oqayotgan daryoga tupirib o‘tirardi. Kutilmaganda Jaloliddin unga bir shapaloq tortib yubordi.
– Nega meni urasiz, og‘a? Gunohim ne? – deya g‘ingshigandi o‘shanda O‘zlog‘shoh.
– Jayhun bizning onamiz. Axir hech zamonda onaga ham tupurib bo‘lurmi?
Jaloliddinning bu gapini eshitgan barcha tasanno aytishdi.
To‘ng‘ich shahzodaning nechog‘liq to‘g‘riso‘z, adolatparvar va farosatli bo‘lib ulg‘ayayotganini bilsa-da, Alouddin Muhammad to‘g‘ri qaror qabul qilolmadi. Onasining ta’sirida uni valiahdlikdan mosuvo qildi. Garchi bu hol shahzodaga qattiq ta’sir qilgan bo‘lsa ham aslo ruhini cho‘ktirmadi. El boshiga ish tushganida gina-kuduratni yuragidan chiqarib tashladi. Qilichini sermab Vatan himoyasiga otlandi.
Juma kunlari Kubro hazratlarining xonaqohi odamlar bilan gavjum bo‘lardi. Uning ma’rifatli suhbatlarini tinglashga yosh-u qari barcha jam bo‘lishardi. Oddiy odamlar orasida ko‘zga tashlanmaslik uchun egniga uniqqan oddiy bir yaktakni kiygancha shahzoda Jaloliddin Manguberdi ham o‘tirardi. U ulug‘ pirning so‘zlarini jon qulog‘i bilan tinglar, ora-sira savol ham berib qo‘yardi:
– Hazrat, dunyoning asosi nima?
– Dunyoning asosi – ilmdir. Parvardigor o‘zining tengsiz ilmi bilan olam va odamni yaratdi.
– Ustoz, qanday kuch dunyoni barbod qilur?
– Hasad obodlikni vayronaga, halovatni kulfatga aylantirur.
– Kimni mard deb atasa bo‘lur?
– O‘z ehtiyojidan ortiq narsasini birovlarga bergan kishi marddir.
– Jo‘mard-chi?
– Qo‘lida bor narsasining barini muhtojlarga bergan inson jo‘mard sanalur, – Najmiddin Kubro biroz o‘yga tolgach davom etdi. – Yurt uchun vujudidagi jonini bermoq ham jo‘mardlikdur.
Jaloliddin ulg‘ayib, norg‘ul yigit bo‘lgach ham ulug‘ allomaning huzuriga tez-tez kelib turishni kanda qilmadi. Samarqand himoyasiga otlanayotib u Kubroning kulbasiga kelib, tonggacha pand-nasihat va o‘gitlarini tingladi. Shahzoda goh-gohida otasining saltanat boshqaruvida yo‘l qo‘ygan xatolarini aytib, chuqur xo‘rsinar, hazratdan yaxshiliklar tilab duo qilishni so‘rar edi. Hazrat qo‘l ko‘tarib uni duo qilar ekan, qismatida sodir bo‘lajak qora kunlarni ko‘rgandek bo‘ldimi yoxud yurt boshiga tushgan ko‘rguliklarni o‘ylab yuragi ezildimi, ko‘zlaridan shashqator yosh quyildi.
– Nega yig‘layapsiz, hazrat? – deya so‘radi Jaloliddin.
– Dilimni g‘am g‘ubori bosgan, uni ko‘zim yoshi bilan yuvyapman, – deya qisqagina javob bergan edi Kubro.
Aslida, elning saodat chamanini g‘am g‘ubori bosgan edi. Buni yuvish uchun birgina shayxning ko‘z yoshlari yetmasligini yaxshi bilib turgani uchun ham qaroqlari yoshlangan edi o‘shanda.
(Davomi bor)
Erpo‘lat BAXT