Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mukofot kimga nasib etdi

Bolalar adabiyoti bo‘yicha ta’sis etilgan Hans Kristian Andersen nomidagi xalqaro mukofot (Hans Christian Andersen Award) haqida eshitgansiz. Bu bolalar adabiyoti sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Mukofot har ikki yilda bir marotaba xalqaro miqyosda bolalar adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun yozuvchilar va rassomlarga topshiriladi. Mukofotning asosiy maqsadi bolalar uchun yozilgan eng yaxshi asarlarni e’tirof etish va dunyo bo‘yicha bolalar kitoblari sifatini yaxshilashdir.

2024-yil “Eng yaxshi yozuvchi” nominatsiyasi uchun avstriyalik bolalar yozuvchisi Haynz Jenish (Heinz Janisch), “Eng yaxshi rassom” yo‘nalishi bo‘yicha kanadalik Sidney Smit (Sydney Smith) mukofotga loyiq ko‘rildi. 

Haynz Jenishning ta’kidlashicha, “Adabiyot uchun ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q”. U 1960-yilda Vengriya chegarasidan uncha uzoq bo‘lmagan Burgenlandda tug‘ilgan va hozir Venada yashaydi. Hakamlar e’tirofiga ko‘ra, Jenish qisqa hikoyalar ustasi bo‘lib, uning hikoyalari yosh o‘quvchini tasavvur qilishga va xayolot olamini kengaytirishga undaydi. Uning ko‘pgina asarlari hazil-mutoyiba, absurd bilan sug‘orilgan bo‘lsa-da, har bir asar tag zaminida bolani va hatto kattalarni ham mushohadaga chorlaydigan falsafiy fikrlar bor. Uning soddagina matnlari ostida chuqur ma’no yashirin. “Less is more – kam bu ko‘p” iborasini 2024-yilgi mukofot g‘olibiga nisbatan qo‘llash mumkin. Sababi, uning uslubi qisqagina matnda ko‘plab ma’no bera olish orqali sayqallangan. Uning asarlari universal bo‘lib, u nafaqat Avstriya yoki Yevropada, balki dunyoning istalgan burchagida bolalar va o‘smirlarni o‘ziga jalb qila oladi.

 Jenish “Biroz qol”, “Ichimdagi qor arsloni”, “Sirtlon, zebra va qora ko‘zan” kabi asarlari bilan nemiszabon bolakaylarning sevimli yozuvchisiga aylanib ulgurgan.

“Eng yaxshi rassom” yo‘nalishi bo‘yicha Xalqaro mukofot olgan Sidney Smit 1980-yilda Yangi Shotlandiya qishlog‘ida tug‘ilgan va Torontoda bir necha yil yashab, oilasi bilan yana o‘z ona qishlog‘iga qaytgan.

2022-yil aprel oyida professor Deyrdre Beyker bilan suhbatda Sidney Smit boshqa yozuvchilar va o‘zi yozgan matnga rasm chizishda “Mening uslubim matndagi musiqani tinglashga asoslanadi. Har bir so‘z bu – o‘ziga xos ohang. Uni tinglay turib, beixtiyor xayolotingizni ishga solasiz va ko‘z o‘ngingizda betakror manzara hosil bo‘ladi. Men shunchaki o‘sha manzarani tasvirlashga urinaman xolos”, – deya ta’kidlagan edi. Hakamlar hay’atining ta’kidlashicha, Smitning ishi tasviriy hikoya yoki qisqa musiqiy xotiraga o‘xshaydi. U so‘zni bo‘yoqlar orqali tasvirlash uchun juda oddiy usullardan foydalanadi.  Uning kamtar, oddiy va betakror qahramonlari chin ma’noda san’at asariga aylangan. U o‘z tasvirlari orqali yosh kitobxonda tabiat bilan uyg‘unlik va  hamdardlik tuyg‘usini uyg‘otishga urinadi. Smit his-tuyg‘ularni ifodalash uchun ortiqcha narsalarni olib tashlaydi. U chinakam universal rassomdir.

Smitning “Yodingdami?”, “Shahardagi kichkintoy”, “Dengiz bo‘yidagi shahar” nomli kitoblari bugungi kunda kanadalik bolalarning eng sevimli asarlariga aylangan.

 

Dilnavoz NAJIMOVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.