Maqsadim kuch beradi
Shohida Yusupova – 24 yoshida shaxsiy brendi, tur-kompaniyasi, qizlar akademiyasini yaratib ulgurgan o‘zbek qizi. U to‘rtta tilda erkin so‘zlasha oladi, 30 dan ziyod xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi yosh elchisi, Amerikaning Garvard universitetida “Rahbarlik va boshqaruv” yo‘nalishida, Berlin Xalqaro Biznes Institutida “Marketing va kommunikatsiyalar” yo‘nalishlarida tahsil olgan. 50 dan ziyod xalqaro tanlov va festivallar g‘olibi. Ayni paytda Italiyaning Siena universiteti “Xalqaro diplomatiya” yo‘nalishida magistratura bosqichida ta’lim olmoqda.
U bolaligi, erishganlari, o‘zbek qizlarining nimalarga qodirligi haqida gapirib berdi.
BOLALIGIM FAOLLIKDA O‘TGAN
Xorazmning Yangibozor tumanida, fermer oilasida dunyoga kelganman. Besh yoshimdan ota-onam o‘qishni, yozishni o‘rgatishgan. Ular rivojlanishim, o‘z ustimda ishlashim uchun 1-sinfligimdanoq shaxsiy kutubxona tashkil qilib berganlar. O‘qigan asarlarim tufayli adabiyotga mehr uyg‘ondi va 11 yoshimdan she’r yozishni mashq qila boshladim. Bunga befarq bo‘lmagan boshlang‘ich sinf o‘qituvchim Sayyora opa Jumaniyozova maktabimizdagi adabiyot fani muallimiga she’rlarimni ko‘rsatib, menga yo‘nalish bergan. Shundan so‘ng ona tili va adabiyot fani ustozim Muborak opa Yusupova meni Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Yog‘du” she’riyat klubiga olib bordi. Birinchi marta 2012-yil “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalining Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritganman, 14 yoshimdan 18 yoshimgacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi qoshidagi Bolalar parlamenti deputati bo‘lganman. Bundan tashqari Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan turli loyiha va anjumanlarda ishtirok etganman.
Umuman olganda, bolaligim ijtimoiy faollikda, o‘z ustimda ishlash bilan o‘tgan.
MUHIMI MUKOFOT EMAS
18 yoshimda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibi bo‘ldim. Ammo unga erishgunga qadar ko‘plab to‘siqlardan o‘tdim, besh yil urindim. O‘shanda yuzimga aytilgan: “Har yili hujjat topshirib, charchamadingmi? Ololmaysan!”, “Voy, bu yil ham ololmadingmi?” kabi so‘zlar, istehzolar haligacha yodimda. Besh yil davomida odamlarning gaplari, yuzimga sharaqlab yopilgan eshiklar meni yanada kuchliroq bo‘lishga, maqsadim sari dadilroq harakat qilishga undadi va bunga erishdim. Men uchun mukofot muhim emasdi, buni uddalay olishim, e’tirof etilishim muhim edi. “Adabiyot” yo‘nalishi bo‘yicha ushbu mukofot sovrindori bo‘ldim. O‘sha yil O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti “Xalqaro jurnalistika” yo‘nalishiga imtiyozli ravishda qabul qilindim. G‘oliblik menga ulkan mas’uliyat hissini ham yukladi.
IZLANISHLARIM BESAMAR KETMADI
Talabalik yillarim meni kuchli shaxs sifatida ulg‘aytirdi. Shu davrda o‘zimni inson sifatida qaytadan kashf etdim. Garchi kirishuvchan inson bo‘lsam-da, talabalikning birinchi yili birmuncha qiyin o‘tgan. Lekin aynan moslashish jarayoni ruhiyatimda yangi qirralarni ochgan. Vaqtimni ko‘proq bilim olishga, chet tillarini o‘rganishga bag‘ishlaganman. Buning ortidan esa xalqaro maydonga chiqdim.
Ilk sayohatim Hindistonga bo‘lgan (I bosqich talabasi edim) va bu davlatning “KAFLA INTERNATIONAL” tashkiloti tomonidan “Sahitya Shri” xalqaro mukofoti sovrindori deb topilganman. Mukofot talabalik davrimdagi eng katta yutuqlarimdan biri bo‘lgan.
O‘shanda amakilarimning “Qiz bola narsa bo‘lsa, chetda bir o‘zi yuradimi?” kabi gaplariga qaramay, “Mening qizim qayerda bo‘lsa ham, nima gapirishni, qaysi yo‘ldan yurishni juda yaxshi biladi”, – deb Hindistonga yolg‘iz o‘zimni katta ishonch bilan yuborgan ham aynan otam bo‘ladi. Bilet uchun pulni tarjimalarim orqali ishlab topganman. O‘qish, izlanish yo‘lidagi harakatlarim besamar ketmadi. Talabalikning oxirgi yillarida Misr, Turkiya, Ruminiyada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etganman.
18 yoshimdan buyon o‘zimni o‘zim eplashga, ehtiyojlarimni qoplashga harakat qilaman. Turli sohalarda masofadan va oflayn ishlab, tarjimonlik, kopirayterlik, til o‘rgatish, nashr ishlari bilan shug‘ullanganman.
YUTUQLARIMDA OTAMNING O‘RNI KATTA
Bolaligimdan “Qiz bolasan” deya chegara qo‘ymagan ota-onamga, ayniqsa, otamga rahmatlar aytaman. 14 yoshimda bir o‘zimni Toshkentga tanlovga yuborgan, ketma-ket muvaffaqiyatlarga erishishimda otamning o‘rni juda katta. Ulardan halol va to‘g‘riso‘z bo‘lish va o‘z ustida doimiy ishlash, har lahzadan unumli foydalanishni o‘rgandim.
2021-yilda esa juda ko‘p ayol-qizlarning talab va takliflari bilan forum va seminarlar tashkil qilib, dars bera boshladim va “Shine” qizlar akademiyasiga asos soldim. Akademiyamizda shaxsiy rivojlanish, xalqaro maydonga chiqish, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha darslar beriladi. Nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki xalqaro maydonga chiqish, o‘z qobiliyat va iste’dodini namoyon etishda ham har sohada faol, iqtidorli ayol-qizlarimizga yordam beriladi. Bugungi kunga qadar Amerika, Turkiya, Ozarbayjon, Misr, Xitoy kabi bir qancha mamlakatlarda turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan minglab ayol-qizlarning ijodiy ishlari joy olgan xalqaro antologiyalar nashr etdik va taqdimotlar o‘tkazdik. Qizlar akademiyasi 20 mingdan ziyod xotin-qizlarning rivojlanishi uchun xizmat qildi.
Keyinchalik, “Shahide” ayollar kiyim brendim hamda “Shiny travels” tur kompaniyalarini ochdim. Bu jarayon esa birmuncha oson kechgan. Sababi, bu paytga kelib men moliyaviy mustaqil qizga aylanib ulgurgandim. 21 yoshimda otamga yangi avtomobil sovg‘a qildim. Bu menga bolalikdan orzu bo‘lgan. Ota-ona ishonchi va bergan tarbiyasini oqlash – har bir farzandning orzusi bo‘lsa kerak. Ota-onamga Istanbulga, Ozarbayjonga sayohatlar sovg‘a qildim. Bu davlatlarga ilk marta o‘zim sayohat qilganimda, men ko‘rgan go‘zalliklarni ular ham ko‘rishini chin dildan istagandim. Otam 48 yoshlarida birinchi marta sayohatga chiqdilar. Bunga sababchi bo‘lish esa mening bolalik orzularimdan edi. Oradan ko‘p o‘tmay ota-onamga va eng yaqin amakimga Umra safari uchun yo‘llanma sovg‘a qila oldim. Yaqinlarimning shu vaqtdagi quvonch ko‘z yoshlari hech qachon xotiramdan o‘chmasa kerak.
23 yoshimda o‘zim xohlagan shahardan orzuyimdagi uyni oldim. Toshkentning markazida qurilayotgan uydan 3 xonali premium klassdagi xonadonni Allohim nasib qildi. Insonning o‘z uyi bo‘lishi, unda o‘zi xohlagan atmosferani yarata olishi, o‘zining chiroyli qadriyatlari bilan yashay olishi — juda katta baxt. Hamisha o‘zimga va’da bergan hayot tarzim, orzu va maqsadlarim menga kuch va turtki berib turadi.
TIL BILGAN – EL BILADI
Xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan o‘zbek yoshlariga qat’iyat, sabr tilayman, mas’uliyatni his qilish, eng muhimi, harakatdan to‘xtamaslikni maslahat beraman. O‘qishdan tashqari kuchli “networking”ni rivojlantirish, turli sohalar bo‘yicha salohiyatli, tajribali do‘stlar orttirish, yangi yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rish, tavakkal qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Tabiiyki, chet elga borgan kishi qiyinchilikka uchraydi: o‘zga mamlakat, boshqacha madaniyat, turli millat vakillari... Moslashish jarayoni oson kechmaydi. Harakat, intilish esa hech qachon izsiz ketmaydi.
Yana, ularga xorijiy tillarni mukammal o‘rganish, turli sohalar bo‘yicha bilim olishdan chekinmaslikni ham maslahat bergan bo‘lardim. Zero, “Til bilgan – el biladi” naqli bejiz paydo bo‘lmagan.
OLIY MAQSADIM
O‘ylab ko‘rsam, xohlaganimdek natija bermagan qarorlarim, qaysidir ma’noda tajriba, hayotiy dars bo‘lgan. Zamon tez rivojlanyapti, yangi kasb, yo‘nalishlar paydo bo‘lyapti. O‘z biznesi, shaxsiy brendiga ega inson yangi sohalarni o‘zlashtirib bormasa, o‘sa olmaydi. Shuning uchun kasb va faoliyat o‘zgarishini oddiy qabul qilaman, vaziyatga moslashaveraman.
Har bir inson, ma’lum ma’noda, o‘z taqdiri bilan dunyoga keladi. Odamlarga ilm ulashish, ayol-qizlarga rivojlanishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, iqtidor va qobiliyatini namoyon qilishida ko‘maklashish – taqdirim.
Ota-onam, yaqinlarimga yordam berib, hayotning har bir lahzasidan zavq olib, baxtni, shukronalikni, go‘zallikni his qilib yashash – eng oliy maqsadim.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA tayyorladi