Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yozni qanday o‘tkazamiz?

Yoz – dam olishning ayni pallasi, to‘g‘rimi? Quyosh qizdirgan, sarxil mevalar pishib yetilgan, suv havzalari cho‘milishingiz uchun iliqqina bo‘lib turgan vaqtda, hech kim uyda o‘tirishni, mavsum ne’matlaridan bebahra qolishni istamasa kerak?!

Qayerga boramiz, deb haliyam bir qarorga kel­ma­dingizmi? Axir, yozning yarmi o‘tib qoldi-ku! Demak, hozir sizlarga Qibray bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi haqida gapirib beraman.

 

Oromgoh O‘zbekiston Temir yo‘llari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, har yili bir necha mavsumda 7-14 yoshdagi bolalarni qabul qiladi. Oromgohning so‘nggi mavsumi esa universitet talabalari uchun tashkil etiladi.

Bu yerda tashkil qilingan to‘garaklarda qatnashib, sport o‘yinlari o‘ynashingiz, suv havzalarida cho‘­milishingiz mumkin. Darvoqe, to‘garaklarni aytib beray.  Oromgohning bilimli, mehribon ustozlaridan 12 kunlik dam olish davomida qo‘l mehnati, rassomchilik, ingliz va arab tillari, robototexnika, stol tennisi, suzish kabi qiziqarli mashg‘ulotlardan saboq olishingiz mumkin.

Eng muhimi, oromgohning boy kutubxonasi bor ekan. Oromgoh kutubxonachisi Nozima opaning aytishicha, har mavsumda oromgohga borgan dam oluvchilar o‘rtasida “Yosh kitob­xon”, “Mushoira” tan­lovlari o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlanadi. Tasavvur qiling, maza qilib dam olasiz, yangi kitoblar o‘qiysiz, yana tanlovda g‘olib bo‘lib, qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritasiz. Ajoyib-a!

Bolalarning orom­goh haqidagi fikri qan­day ekan, “Gulxan” o‘quv­chi­lariga ham bu yerda dam olish yo­qar­mikan, de­gan qi­ziqish bilan jiz­zaxlik teng­doshingiz Ma­­dina Haydarqulova bi­­lan suh­batlashdim. – Men bu yerga oldin ham kel­ganman, o‘shanda  yo­qimli taassurotlar bi­lan ketgandim. Endi har yozda shu oromgohga kelsam deyman. Bu yerda juda ham qiziqarli to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan, zerikmaymiz. Bolalar bilan tezda do‘stlashib ketamiz. Issiq kunlari suzish havzalarida cho‘milamiz, boshqa sport o‘yinlarini o‘ynaymiz. Kechki payt kinoteatrda film, multfilm namoyishlari, turli shoular uyushtiriladi. Har kunimiz har xil bayram, desam ham bo‘laveradi. Oshpazlarning ovqati juda shirin. Aytgancha, har kelganimda kutubxonadan kitoblar olib o‘qiyman, tanlovlarda qatnashaman. Hozir O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanini o‘qishni boshladim, mavsum oxirigacha albatta o‘qib tugataman, – deya to‘lib-toshib o‘z taassurotlarini aytib berdi Madina.

Bundan ko‘rinib turibdiki, azizlar, Qibray bolalar sog‘­lomlashtirish orom­­gohi – sizlar miriqib dam olishingiz uchun juda ajoyib tanlov.

Qani, endi tezroq kerakli narsalaringizni yig‘ishtirib, oromgohga yo‘l oling. O‘sha yerda uchrashamiz!

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.