Kelajak o‘z qo‘limizda
Yoshlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qaroriga muvofiq, azm-u shijoati, bilim va salohiyati bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faol yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida yigit-qizlarni Yoshlar kuni bilan tabriklab, mehr-u e’tiborini izhor qildi:
— Mamlakatimiz yoshlarining yutuqlari, maqsad va rejalari bilan yaqindan tanishib, beqiyos kuch va ilhom olaman. Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha qanday katta imkoniyatlarga ega ekanimizni his etib, xursand bo‘laman...
...Davlat va jamiyat zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallagan, jismoniy va ma’naviy yetuk yoshlar bilan qudratli. Shu bois, ta’lim tizimi tubdan rivojlantirilmoqda. Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar, oliy o‘quv yurtlari yetuk kadrlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. IT park, kreativ park va texnoparklarda, madaniyat va sport maskanlarida o‘g‘il-qizlar sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib, qobiliyatini charxlamoqda. Bu sharoitlardan unumli foydalangan yoshlar ilm-fan, sport, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda katta-katta yutuqlarga erishib, Yangi O‘zbekistonni jahonga tarannum etmoqda. Birgina o‘tgan o‘quv yilida 55 nafar o‘quvchimiz matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Madaniyat va san’at bo‘yicha nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizdan 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 400 ga yaqini 1-o‘rinni egallagan. Oxirgi ikki yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 900 tadan ziyod oltin, 550 dan ortiq kumush, 731 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Yaqinda Qatarda o‘tgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogida terma jamoamiz O‘zbekiston tarixida ilk bor Olimpiya yo‘llanmasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Sizlar mana shunday natijalaringiz bilan yangi tarix yaratyapsizlar. Ishonchim komil, xalqimiz qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlar bilan birga, bu natijalar Yangi O‘zbekiston tarixiga, Uchinchi Renessans tarixiga aylanadi, — deya ta’kidladi Prezident.
Davlatimizning yoshlarga oid siyosati xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Masalan, o‘tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e’tirof etildi...
... — Bugungi yutuqlaringiz — uzoq yo‘lning boshlanishi. Davlat sharoit yaratishi, kimdir yordam berishi mumkin. Lekin kelajagingiz faqat o‘z qo‘lingizda. Bu yo‘lda barcha yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, orzu-intilishlarida muvaffaqiyatlar tilayman, — dedi Prezidentimiz.