Bayram bayramga ulandi
Bu yilgi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni biz – bolalar nashrlari xodimlari uchun qoʻshaloq bayram boʻldi. Nega desangiz, bayram arafasida respublika bolalarining sevimli gazetasi – “Tong yulduzi” “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti Xalqaro tanlovida gʻoliblar safidan joy oldi. Biz hammaslak hamkasblarimizni gʻoliblik bilan tabrikladik. Ayni paytda bu yutuqni barcha bolalar nashrlarining gʻalabasi deb qabul qildik. Chunki bu yutuq aslida bolalar matbuotiga, bolalar nashriga boʻlgan eʼtibor. Vatanimiz kelajagi boʻlgan yoshlarni har tomonlama yetuk, bilimli, yuksak maʼnaviyatli, milliy qadriyatlarni ulugʻlovchi yigit-qizlar boʻlib kamolga yetishiga bolalar nashrlari qoʻshayotgan beminnat hissaning eʼtirofi.
Mana sal kam bir asrdirki, “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallari, “Tong yulduzi” hamda “Klass” gazetalari mamlakatimiz bolalarining hammaslak doʻsti sifatida yelkama-yelka turib mehnat qilmoqda. Ahil va fidoyi jamoalar zamon bilan hamnafas boʻlish uchun izlanmoqda. Bolalar, oʻsmirlar dunyosining boyishiga, tafakkurini kengayishiga omil boʻluvchi rang-barang sahifalar, ruknlar tashkil qilmoqda. Yana ular Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev taʼbiri bilan aytganda, bolalar ijodkorlarining beminnat minbari ham. Bolajon adiblar hali siyohi qurimagan qissa, hikoya, sheʼr, ertaklarini “Gulxan”, “Gʻuncha”, “Tong yulduzi” sahifalari orqali oʻquvchilarga taqdim etib, suyunchi oladilar. Shukr, mehnatlarimiz zoye ketmayapti. Bugun yoshlar, oʻsmirlar ham yana kitobga, matbuotga qaytmoqda. Buni biz tahririyatlarga kelayotgan maktublardan, sezilarli darajada oshib borayotgan adadimizdan his qilmoqdamiz. Kasb bayrami bahonasida qilayotgan ishlarimiz bilan faxrlanishga haqlimiz. Chunki, hozirda adabiyotimiz, jurnalistikamiz, tasviriy sanʼatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan yuzlab ijodkorlar bolalar gazeta-jurnallarini oʻzlarining talabchan, mehribon birinchi ustozlari, deb hisoblaydilar. Nashrlar bugun ham ana shu anʼanani davom ettirib, yuzlab, minglab isteʼdodlarning yuzaga chiqishiga harakat qilmoqda.
Biz bugun barcha hamkasb doʻstlarimizni xayrli ishlarida omad tilaymiz.