Qutlov
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Umida Abduazimovaning quvnoq sheʼrlarini darsliklar va bolalar gazeta-jurnallarida miriqib oʻqigansiz. Bilasizmi, Umida opa nega bolalarni, bolalar nashrlarini yaxshi koʻradi? Chunki uning ilk sheʼrlari “Gulxan” jurnalida Oʻzbekiston xalq shoiri Poʻlat Moʻminning oq yoʻli bilan eʼlon qilingan. Demak, Umidani respublika bolalari ilk bor bizning jurnal orqali tanigan. Umida opangiz butun faoliyati davomida oʻsha ishonchni oqlashga, bolalarga manzur asarlar yaratishga harakat qildi. Shoiraning “Bir bola”, “Akamning kitobi”, “Oyqiz haqida ertak”, “Oymoma bogʻ” kabi kitoblari oʻquvchilarning qoʻlidan tushmay oʻqilmoqda.
Ardoqli shoiramiz bugun tabarruk 70 yoshini nishonlamoqda. Biz u kishiga barcha jurnalxonlar nomidan uzoq va sermazmun umr, sihat-salomatlik tilaymiz!
Oʻzbekcha tush koʻraman
Ustozim oʻz tilimda
Soʻzlatar meni ravon.
Chunki oʻzbek tilida
Soʻzlashar Oʻzbekiston.
Oʻzbek tili – ona til,
Rus, nemis... jonona til.
Qaysi yurtda yashasang,
Shu yurt tilin hurmat qil.
Men koʻp tilni oʻrganib,
Muomala qilaman.
Ammo oʻzbekcha yigʻlab,
Oʻz tilimda kulaman.
Enasoyning ertagi,
Goʻzal Oltoy chechagi,
Xun davridan Gʻirotda
Kelgan tarix kechagi.
Bugunimni ortmoqlab,
Ertamga shoshiladi.
Makonini ardoqlab
Kelganini biladi.
Oʻz tilimda oʻy surib,
Oʻzbekcha tush koʻraman.
Har yerda:
– Oʻzbekman! – deb,
Gʻururlanib yuraman.
***
Tillaqoʻngʻiz
Tillaqoʻngʻiz, qani qulogʻing?
Qani burning, oqqan bulogʻing?
Ikki qoʻling koʻrib turibman,
Tillalaring koʻrib turibman.
Oyoqlaring sanogʻi nechta?
Gar baquvvat boʻlmasa, hech-da!
Ipga bogʻlab uchirib yurdim,
Uydan uyga koʻchirib yurdim.
Juda ayyor ekansan, qara,
Boʻlsam boʻlay, debsan tasqara.
Ipga tashlab bitta oyogʻing,
Qochib qolding, demay oʻrtogʻing.
Axir, senga devdim: doʻst boʻlay,
Mehmon qilay, quloq, koʻz boʻlay.
Senga kerak ekan ozodlik,
Uchib, qoʻnib topasan shodlik.
Qarab qoldim ortingdan hayron,
Oʻzing rizqing topib yur har on.
Uzr soʻrab, choʻkib qoldim tiz,
Meni kechir ey, tillaqoʻngʻiz!
Umida ABDUAZIMOVA