Yurt koriga yaraganlar
Hademay siz – oʻgʻil-qizlar uchun eng tantanavor sana – 30-iyun – Yoshlar kuni keng nishonlanadi. Unda oʻzining ijodiy va intellektual salohiyati, tanlagan kasb yoʻnalishi va ijtimoiy hayotda erishgan muhim natijalari bilan turli sohalarda yurtimiz ravnaqiga, uning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshayotgan, tengdoshlariga oʻrnak va namuna boʻlib kelayotgan tengqurlaringiz davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Bugun biz oʻtgan yillarda mukofot sohibi boʻlgan yoshlarni suhbatga chorladik.
Akmaljon ABDURAHMONOV,
Andijon shahar Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 11-sinf oʻquvchisi, “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti sohibi:
– Bugun respublikamizda Prezidentimiz tashabbusi bilan adabiyotga boʻlgan eʼtibor kuchaydi. Ayni vaqtda yurtimizda toʻqqizta ijod maktabi faoliyat yuritmoqda. Men ham sheʼrlarim bilan koʻplab tanlovlarda ishtirok etdim. Yozganlarim oʻzbek va turk tillaridagi gazeta-jurnallarda chop etildi. Kichik yutuqlarim katta muvaffaqiyatlar sari yetakladi. Shu sabab oʻtgan yili “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Mard oʻgʻlonlar orasida eng kenjasi oʻzim edim. Balki, shuning uchun iftixor va maqtovlardan hayajonga toʻlgandirman. Men bu kunda shuni angladimki, taʼlim olish va isteʼdodni yuzaga chiqarish uchun yoshlarda barcha imkoniyat bor. Bilakda va aqlda kuch bormi, demak uni har tomonlama rivojlanish uchun ishlatish kerak. Ana shundagina yoshlar yurtining koriga yaraydigan munosib farzandlar boʻlib yetishadi.
Sevinchoy OLLAYOROVA,
Xorazm viloyati Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi:
– Yetti yoshimdan sheʼr mashq qila boshlaganman. Bu mashqlar keyinchalik sheʼrimdagi soʻzning kuchi va jilosini sayqallab bordi. Ingliz tilini katta qiziqish bilan oʻrgandim. Aynan til bilish koʻplab yutuqlarga erishishimga sabab boʻldi. 9-sinfda ingliz tili fan olimpiadasining viloyat hamda “Hippo” xalqaro ingliz tili olimpiadasining respublika bosqichida 1-oʻrinni oldim. Shu yil 12 ta xalqaro oliygohga oʻqishga qabul qilinib, grantlarni qoʻlga kiritdim. Taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi boʻldim. Bu yutuqlarga erishishimda yoshlarga berilayotgan eʼtibor va imkoniyatlar yordam berdi. Ushbu imkoniyatlardan boshqa tengdoshlarim ham unumli foydalanishlarini istardim. Chunki Vatanimizda harakatchan, iqtidorli yoshlar juda qadrlanadi.
Mahliyo OʻROQOVA,
OʻzMU Milliy gʻoya maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi 1-kurs talabasi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi:
– Bolaligimdan badiiy kitoblarni qiziqib oʻqiyman. 2018-yil “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻldim. Samarqandning Paxtachi tumaniga “Spark” bilan qaytdim. Keyinchalik “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida 2-oʻrinni oldim. Bundan tashqari, “Kitobxon maktab”, “Zukko kitobxon”, “Maʼrifat maydoni” kabi jamoaviy kitobxonlik musobaqalarida gʻoliblar safidan joy olganman. Aynan kitobxonlikni yoshlarimiz orasida keng targʻib qilganim, tanlovlarda faol ishtirokim uchun “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Oʻshandan buyon Yoshlar kunini boshqacha zavq bilan qarshilayman. Chunki hayotimdagi eng hayajonli lahzalardan biri shu kunda roʻy bergan. Menga bildirilgan yuksak ishonch tufayli yanada koʻproq va kuchliroq harakat qilishim kerakligini his etganman.
Sevinch JOVLIYEVA,
Respublika musiqa va sanʼat kollejining 2-kurs talabasi, “Shuhrat” medali sohibasi:
– Men Oʻzbekistonda 15 yoshida Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan birinchi oʻquvchiman. Oʻsha vaqtlar Yashnobod tumanidagi 19-bolalar musiqa va sanʼat maktabining anʼanaviy xonandalik yoʻnalishi oʻquvchisi edim. Maktabda oʻqib yurgan kezlarim bir yil mobaynida Moskva, Sochi va boshqa koʻp xorijiy davlatlarda boʻlgan xalqaro koʻrik-tanlovlarda ketma-ket olti marta Gran Prini qoʻlga kiritganman. Mukofot olganimdan soʻng ham harakatdan toʻxtaganim yoʻq. “Boʻzatov – 2022” festivalida qatnashib, eng yosh ishtirokchi sifatida 50 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandim. Yaqinda oʻtkazilgan “Yosh ijrochilar” respublika koʻrik-tanlovida ham 1-oʻrin nasib etdi. Endi menda shu imtiyoz sabab Yunus Rajabiy nomli institutda grant asosida oʻqish huquqi bor.
Azim AXTAMOV