Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qirgʻiz bolalari qanday kitoblar oʻqiydi?

Qadrli doʻstlar, yaqinda Gulxanjon bilan xizmat safarida Qirgʻiz Respublikasida boʻldik. Va u yеrdan sizga bir olam kitoblar olib keldik. Qirgʻiz bolalari qanday kitob oʻqishar ekan, deysizmi? Eh-he, taassurotlar bir olam. Keling, bir boshdan boshlaylik.

Poytaxt kutubxonalari jamgʻarmasining aksariyat qismini rus tiliga tarjima qilingan jahon bolalar adabiyotidagi bestseller asarlar tashkil qilar ekan. Garchi qirgʻiz adiblarining kitoblari kamligidan ranjigan boʻlsak-da, umumiy hisobda bolalar kitoblarininig soni, turi, sifatining yuqoriligi bizni quvontirdi. Ular haqida qisqa boʻlsa-da, taassurotimizni ulashsak. Axir, oramizda boʻlajak tarjimonlar bor. Ehtimol, ular bu asarlarni kun kelib oʻzbek tiliga tarjima qilib, bolajonlarga hadya qilishar.

“Qirollik kalitlari” – Avstraliyalik bolalar yozuvchisi Gart Niks tomonidan yozilgan, 2003–2010-yillar oraligʻida nashr etilgan yеtti kitobdan iborat fantastik-sarguzashtlar seriyasidir. Seriya “Uy” deb nomlangan sehrli dunyoga oʻtib qolgan Artur ismli bolaning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi. Gap shundaki, moʻjizaviy olam – “Uy”ning meʼmori yoʻqolib qoladi. Ammo u oʻz ortidan “Vasiyat” qoldirib ketadi. Uy va uyning yеtti kaliti yеtti vasiyga boʻlinishi lozim edi. Ammo vasiylar: Janobi Dushanba, Vahshiy Seshanba, Mechkay Chorshanba, Payshanba janoblari, Juma xonim, Qudratli Shanba, hokim Yakshanba vasiyat amalga oshmasligi uchun uni burdalab tashlab, boʻlaklarini berkitib qoʻyadilar. Artur esa ularga qarshi kurashib vasiyatni birlashtiradi. Shu dam hamma narsa birdan xaosga aylanadi va ilohiy Meʼmor Sehrli olamga qaytadi va Arturga Vasiyatga koʻra u meʼmor boʻlishi lozimligini aytadi. Artur sehrli “Uy”ni qaytadan quradi. Oʻzini meʼmor Artur va inson Arturga ajratib, inson Arturni yеrga, oʻz ota-onasining yoniga yuboradi.

Nyu-York Taymsning bestseller film romani – “Maks” amerikalik yozuvchi Jennifer Li Shotz tomonidan yozilgan. Kitob maxsus, harbiy it – Maks va uni boqib olgan 14 yoshli Jastinning sarguzashtlari haqida. Jastinning katta akasi Kayl Afgʻonistonda oʻldirilganida, Jastin akasi haqiqatan ham vafot etganiga ishonolmaydi. Kaylning yordamchi iti – Maks ham bu judolikni koʻtarolmay hastalanib qoladi. It Afgʻonistondan Amerikaga qaytarilgach, Kaylga bogʻlanib qoladi. Va ular koʻplab sarguzashtlarni boshidan kechiradilar. Ushbu roman orqali oʻquvchi asl qahramonlik nima ekanini qaytadan kashf etadi.

Yaponiyalik bolalar rassomi va yozuvchisi Eporu va Ribata Shika tomonidan tayyorlangan “Oʻrmon qizining kundaliklari” asari oʻzining shovqinli shahardan uzoqda – osuda oʻrmon bagʻrida yashovchi qizaloqning hayotini aks ettirgan utopik illustratsiyalari bilan dovrugʻ qozondi. Kitobda matndan koʻra illustratsiyalar koʻproq maʼno tashiydi.

“Sehrlangan Ella”, “Malikaning kundaliklari” filmlarini mazza qilib tomosha qilgan boʻlsangiz kerak. Ammo uni ayni damda 76 yoshni qarshilagan amerikalik bolalar yozuvchisi Geyl Karson Livayn xonim yozganidan xabaringiz bormi? Eva haqiqiy afsungarga aylanishi uchun uch sinovdan oʻtishi: 1. Ona shahrida bir oy davomida qolishi; 2. Shahardagi odamlarga yordam berishi va faqat yaxshilik qilishi; 3. Supurgi bilan uchishi lozim. Aks holda u bir umrga oʻzidagi afsungarlik qobiliyatidan mahrum boʻladi. Bir qarashda shartlar oson va oddiydek. Biroq, yarim odam, yarim afsungar boʻlgan Eva, sehrli soʻzlarni doimo yanglish aytadi.

Bir gal gul oʻstiraman deb jodu aytganday yеrdan barragina karamlar chiqsa, boshqa safar yomgʻir yogʻdirishni soʻrab, hamma yoqni quyosh nurlari bilan yondirib yuborishiga sal qoladi. Ammo asarda u shahriga yaqinlashib kelayotgan toʻfondan shahar aholisini saqlab qolishiga toʻgʻri keladi. Xoʻsh, tajribasiz, oʻziga ishonchi kam boʻlgan Eva buni uddalay oladimi? Ha, Eva buni eplaydi. Lekin sehr yoki moʻjiza bilan emas! Balki qalbida yonib turgan asl insoniy tuygʻular bilan, osmonday toza va musaffo koʻngliga quloq tutish bilan buni uddalaydi.

Britaniyalik yozuvchi Holli River qalamiga mansub “Demelza va vahimachilar” asari rus tiliga “Arvohlarning uch qoidasi” deb tarjima qilingan. Demelza bosh qahramonning ismi boʻlib, Choʻqqidagi qalʼa degan maʼnoni anglatadi. Asarda ruhlarga, sehrli kuchlarga ishonmaydigan va hamma muammoni aniq fanlar va ilm-fan bilan bartaraf etish mumkin deb hisoblovchi, ilm-fanga moyil qahramonning kulgili va qaygʻuli hayoti haqida hikoya qilinadi. Gap shundaki, oilaviy sir hisoblangan va avloddan avlodga oʻtib kelayotgan, arvohlar bilan gaplasha olish qobiliyati borligini Demelza barcha mantiqiy eʼtiqodlariga qarshi chiqadi. Ammo yovuz kuchlar undagi bu gʻayrioddiy quvvatdan yovuz niyatlarini amalga oshirish yoʻlida ishlatishga urinadilar. Tushunarsiz xayollar girdobida qolgan qahramon makkor va yovuz kuchlarga qarshi koʻplab qiziqarli va qoʻrqinchli voqealarni boshidan kechiradi.

Xulosa qilib aytganda, qirgʻizistonlik doʻstlarimiz shu kabi kitoblarni mutolaa qilmoqdalar. Siz-chi, doʻstlar? Siz taʼtilda qanday kitob oʻqimoqdasiz?

 

Dilnavoz Najimova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.