Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Adabiyot – abadiyatdir

Qozoqboy Yoʻldoshev deganda, oʻzbek tilining qadr-qimmati haqida kuyinchaklik, oʻrni kelganda, keskinlik bilan fikr bildiradigan millatparvar ziyoli koʻz oldimizda gavdalanadi. Qozoqboy aka – adabiy tanqidchilik, adabiyotshunoslik, tilshunoslik va boshqa qator sohalarda dadil fikr yurita oladigan peshqadam mutaxassis. “Zomin soʻzligi” lugʻati, “Kiyik soʻqmoqdagi yoʻlovchi”, “Ochqich soʻz” kabi 39 nomda kitob va 844 ilmiy maqola muallifi, pedagogika fanlari doktori, professor. Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida boʻlajak adabiyotshunos hamda pedagoglarga taʼlim bermoqda.

Bugun siz muxlislar bilan ustozning bolalik xotiralariga quloq tutamiz.

SINOV

Men 1949-yilning 9-mayida Sirdaryoning shundoqqina boʻyida joylashgan, hozir Sayxunobod deb ataladigan tumanga qarashli Shinkaryovka ovulida tugʻilganman. Ovul Shinkaryov degan bir oʻris boyning qoʻrgʻoni atrofida paydo boʻlgani uchun shunday atalgan. Oktyabr toʻntarishidan keyin boyni quloq qilibmi, qamabmi, yoʻq qilishgan, lekin faqat qozoqlar yashaydigan ovulda shu nom saqlanib qolgan. Ovul odamlarining tili kelishmaganidan oʻz makonlarini “Shinkarobka” deb atashgan.

Otam – Boybek, kolxozga qoʻshilishni istamay, XX asrning 30-yillarida ota yurti – Zomindan uzoq Mirzachoʻldagi shu Qozoqovulga oʻtboshisi (oilasi) bilan qochib kelgan ekan.

Opamlarning aytishicha, otam bir umr choʻponlik qilgan, jismonan oʻta kuchli odam boʻlgan. Bir oʻzi beshta yoʻltoʻsarni urib qoʻlga olgan, pichoq bilan togʻdagi odamxoʻr ayiqni chavaqlagan, choʻpon tayogʻi bilan bir nechta boʻrini oʻldirib, mukofot olgan. Onamning oti Anzirat boʻlib, gʻoyat epli, gʻayratli, oqila ayol boʻlgan. Urush yillarida qandaydir oʻtlardan sovun yasab, butun qishloqning salomatligini saqlab qolishga sababchi boʻlgan ekan. Otamning Qoʻshbek degan bir akasi boʻlardi. Nay chalganda, atrofiga qushlar kelib qoʻnarkan.

Men oʻn bir oylik ekanimda onamni qoraqurt chaqib oʻldirgan. Uch yoshga kirganimda otam ham qandaydir kasallikdan vafot etgan. Onam qirq, otam esa yetmish uch yoshda dunyodan oʻtishgan.

Shunday qilib men – yashab ketishi gumon gʻirt yetim, oʻn besh yoshli Tursunoy opam, oʻn uch yashar Koʻpay akam, toʻqqiz yoshli Qizlargul opam va oʻzimdan iborat toʻrt yetim bolaning eng kichigi va yordamga muhtoji boʻlganman. Biz hali ota-onamiz hayotligida turmushga chiqqan katta opamiz Hanifa va Tirkov pochchamiz qaramoqlarida qolganmiz.

Aytgancha, qozoqlar yashaydigan ovulda tugʻilganim uchun meni Qozoqboy atashgan.

FAMILIYAM YOʻQ

Boshidan bir narsani aytib qoʻyishim kerak: u davrda shaharlarni bilmadim-u qishloqlarda birinchi sinfga boradigan bolalarni maktabga ota-onalar tugul, uydagi kattaroq bolalar ham yetaklab borishmasdi. Oʻzining oʻynab oʻsgan qishlogʻidagi maktab boʻlgani uchun roʻyxatga olingan bolalar oʻz oyoqlari bilan kelaverishardi. Maktabga borish hozirgiday tantanali bir tadbir emasdi. Chamasi, u vaqtlar ota-onalarning bolalarni maktabga olib borishdan muhimroq yumushlari koʻp boʻlgan. Har holda meni ham, men bilan birinchi sinfda oʻqishi kerak boʻlgan ota-onali bolalarni ham hech bir katta odam maktabga yetaklab bormagani aniq. Gul koʻtarib yurish-ku xayol ham qilinmagan u mahallar.

Xullas, 1-sentyabr kuni toʻplanishdik. Bizlarni qandaydir bir xonaga olib kirishdi. Sinfda uch qator parta borligi, men oʻrta qatordagi ikkinchi partaning chap tomonida oʻtirganim hozirgiday esimda. Yonimdagi bola kimligi esa yodimda qolmagan. Sinfda anchagina bola bor edi. Negadir, qizlar ikki-uchtagina edi. U paytda odamlar tez-tez turar joylarini oʻzgartirib turardi. Shuning uchun sinfdoshlar ham tez oʻzgarib, esda qolmagan boʻlishi mumkin.

Birinchi sinfdagi oʻqituvchimiz Husniya opa degan yoshgina ayol edi. Qishloqdagi ayollardan boshqacharoq kiyingani uchun koʻzimga juda suluv koʻringandi. Oʻqituvchimizning oppoq yuzli, sariq sochli boʻlgani aniq esimda. Muallima bizlar bilan tanisha boshladi. Bolalar bitta-bitta oʻrnidan turib, opaning qandaydir soʻrovlariga bir nimalar deb javob berishardi. Men bunday joyni ham, sinfdagi jihozlarni ham, bolalarni ham birinchi bor koʻrayotganim uchun boʻlsa kerak hayajonlanar, hech xayolimni bir joyga yigʻib ololmasdim. Bir vaqt yonimdagi bola meni turtdi. Qarasam, muallima menga qarab turgan ekan. Otimni soʻradi, aytdim. Opa soʻrashni davom ettirdi:

– Familiyang kim?

Mendan nima soʻralayotganini tushunmaganimdan yon-verimga qarab:

– Menda yoʻq, – dedim.

Bolalar kulib yuborishmadi. Chunki u vaqtlar “familiya” degan soʻzni uyida eshitgan bolalar unchalar koʻp boʻlmasdi.

– Otang kim? Oti nima? – dedi oʻqituvchi.

Men javob berib boʻlganimcha boʻlmay, qandaydir bir hushyorroq bola:

– Bu Tirkov akaning qaynisi, – dedi.

– Ertaga familiyang qanday boʻlishini bilib kelgin, maylimi? – dedi muallima muloyimlik bilan.

Soʻng birdaniga koʻzi tushdi, shekilli, yana soʻrab qoldi:

– Nega maktabga yalangoyoq kelding? Maktabga yalangoyoq kelish mumkin emas.

Men hayron boʻldim: yalangoyoq boʻlmay, yana qanday kelish kerak ekan maktabga? Barcha bolalar menga qarashdi. Men ham ularga qaradim: barining oyogʻida nimadir bor. Oʻqituvchimiz ertaga nimalar olib, qanday va qachon kelish toʻgʻrisida gapirdi.

MUTOLAA HAQIM–QAND-QURS

Aytilganiday, pochchamiznikida kun kechirganmiz. U kishi, opalarim va akam ham maktab koʻrmagan, savodsiz kishilar edi. Binobarin, uyda gazeta-jurnal, kitob degan narsalar deyarli boʻlmasdi. Shu uydan chiqqan birinchi oʻquvchi men edim.

Ikkinchi sinfda oʻqiyotgan boʻlsam kerak. Maktabimizda archa bayrami oʻtkazilib qoldi. Bizning sinfdan ham kimdir sheʼr oʻqishi kerak boʻldi, shekilli. Shonazar aka degan muallimimiz meni oʻrtaga chiqardi. Quddus Muhammadiyning “Oʻquvchiga esdalik” sheʼrini yoddan oʻqidim. Shunday uzun sheʼrni ifodali yoddan aytganim uchun direktorimiz mukofot sifatida “Oq otli” degan bir kitob berdi. Uyga bora solib, kitobni oʻqishga tushdim. Qiziqib qoldim. Kitob degani juda yaxshi narsa boʻlar ekan. Shu vaqtgacha darsliklardagi matnlarni oʻqirdim-u negadir ular meni oʻziga tortmasdi. “Oq otli”dan keyin qoʻlimga tushgan bosma harfda bitilgan hamma narsani yutoqib oʻqiydigan boʻldim.

Shu kitob meni tamomila oʻzgartirib yubordi. Shunchalik boʻldiki, ikkinchi sinfning oxirrogʻiga borib, dostonlar oʻqiydigan boʻldim. Uchinchi sinfdan boshlab doston oʻqishim, haq toʻlanmasa – da, rasmiy yumushga aylandi. Bu hol tasodifan yuz berdi. Toʻqqizinchi sinfda oʻqiydigan Ergash aka degan yon qoʻshnimiz boʻlardi. U vaqtda uylarda koʻsak chuvilardi. Kechqurun tarqatilgan koʻsak tun boʻyi chuvilishi, ertalab undan chiqqan paxta qayergadir olib borib topshirilishi kerak edi. Ish unishi, yolgʻizlikda uyqu tortib ketmasligi uchun brigadadagi odamlar bir yerga yigʻilib, zimmalaridagi koʻsakni oʻrtada chuvishardi. Har kun qaytariladigan bir xildagi malolli bu yumushni qiziqarliroq qilish uchun koʻsak chuvuvchilarga xalq dostonlari oʻqib berilardi.

Pochcham brigadir boʻlgani sabab koʻsak biznikida chuvilardi. Biz bolalar ham bu ogʻir va zerikarli yumushda qatnashardik. Qoʻshnimiz Ergash aka chuvuvchilarga doston oʻqib berardi. Bir kuni u kishining kayfiyati yoʻqmidi yoki bu mashgʻulot joniga tekkanmidi, ishqilib, dostonni mingʻirlab, hissiz oʻqidi. Bu hol koʻpchilikka, hatto, menga ham sezildi. Pochcham:

– E, toʻxta, buning boʻmaydi! Kitapti rasvo oʻqiding! Qana, Qozoqboy, sen oʻqib koʻr-chi?! – dedi.

Alpomishning har bir tutumi, xatti-harakati, soʻzi, tasviridan oʻzimcha taʼsirlanib, Ergash akaning oʻrnida men boʻlsam, manavinday qilib oʻqigan boʻlardim, deb ichida joniqib oʻtiradigan odam – menga Xudo berdi. Dostonni oldim-da, Ergash aka kelgan joydan, negadir, nolishli bir ohang bilan oʻqiy boshladim.

– Koʻrdingmi, qanday oʻqish kerak kitapti? Boʻldi, bugunnan boshlab sen koʻsak chuviysan. Sen esa, Qozoqboy, bizga kitap oʻqipperasan! – masalani hal qildi jezdam.

Shu kundan eʼtiboran doston oʻqiydigan boʻldim. Koʻsak chuvish tugashi bilan doston oʻqish toʻxtar, ertasiga chuvish boshlanishi bilan oʻqish ham boshlanardi. Asarga qiziqib ham odamlar kechikmay kelishga urinishardi. Koʻsak chuvish davri tugagach ham mening doston oʻqishim toʻxtab qolmadi. Qish kunlari uyimizga, yaqinroq qoʻshnilarnikiga azizroq mehmon kelsa, meni chaqirtirib doston oʻqitadigan boʻlishdi. Maʼlumki, mehmonning oldiga qand-qurs qoʻyiladi. Oʻshalar mening “qalam haqim” boʻlardi.

NURSIZ HAYOTIMDAGI YORUGʻLIK

Chamasi, oʻsha paytlar odamlarnikida xalq dostonlari boʻlgan. Biror kattaroq kishi oʻqishni bilmaydigan uyimizda-ki “Alpomish” dostoni bor ekan, oʻzgalarnikida boshqa kitoblar ham boʻlishi ajablanarli emas. Haligacha tushunmayman: biznikiga dostonni kim, nega va nima uchun olib keldiykin? Qayerdan oldiykin?

Umuman, har qanday kitob, xususan, “Alpomish” dostoni men yetim bolaning nursiz hayotiga yorugʻlik olib kirganday boʻldi. Kitob bilan oshno boʻlgunimcha, yolgʻiz men baxtsizman, deb oʻylardim. Kitoblarni oʻqib bildimki, dunyoda tashvish-u armoni, iztirobi boʻlmagan odam yoʻq ekan. Kitoblarda hayotda menikiga oʻxshab ketadigan son-sanoqsiz odamlarni uchratdim. Ular bilan doʻstlashdim. Taqdirimdan unchalik ham norozi boʻlavermaslikka oʻrgandim.

Bizning bolaligimizda kitoblar juda kam edi. Oʻqish istagidagilar esa ancha koʻp boʻlardi. Shu sabab biror kitob topilib qolsa, darrov navbat yuzaga kelganidan kitobni tez oʻqish kerak boʻlardi. Shu bois butun boshli romanlar uzogʻi bilan ikki-uch kunda oʻqilardi. Oʻzim esa har qanday kitobni oʻqib tugatishni bir kundan oshirmaslikka harakat qilardim. Endi eslasam, kitob tanlashga eʼtibor bermagan ekanmiz. Qoʻlimizga tushganini oʻqiyverganmiz. Badiiy asarning yaxshi-yomonini farqlashga maktabni bitirgandan keyin oʻrgandim.

Oʻquvchilik paytimda adabiyotni yaxshi koʻrardim. Adabiyot darsida oʻqimasdim, balki unda yashardim, chogʻi. Xotiram ancha kuchli edi. Nafaqat sheʼrlar, balki nasriy asarlarning ham koʻpchiligini yodlab olardim. Bolaligimdan badiiy asarlardagi soʻzlarning goʻzalligi meni hayratlantirar, ulardan zavqlanardim.

Lekin eng yaxshi koʻrgan oʻqituvchilarim: matematik Habibulla Oʻrolov, geograf Shodiboy Karimov, tarixchi Karim Tursunov degan muallimlar edi. Biz taʼlimdagi qandaydir islohotlar sabab 10–va 11-sinflar maktabni bir yilda bitirganmiz. Esimda, Tursunov domla men 10-sinf oʻquvchisini 11-sinflarga “Shaxs va jamiyat” mavzusida saboq berdirgan edi.

OʻZBEK EKANINGIZNI YODDAN CHIQARMANG

Bugungi bolalarning bolaligini bizniki bilan solishtirib boʻlmaydi. Solishtirgulik qilmasin ham. Oradan yetmish yildan oshiq vaqt oʻtdi. Bu orada jamiyat gʻoyat shiddat bilan rivojlandi. Bugungi bolalar juda koʻp narsalardan xabardor, pishiq-puxta bolalar. Biz telefonni koʻrmagan, yigirma yoshigacha yengil mashinaga minmagan bolalar edik. Bugungilar telefonni suv qilib ichib yuborishgan. Olamcha axborot kaftday telefonga joylanganini biladigan, undan ustalik bilan foydalanadigan bugungi bolalar intellektual jihatdan bizdan ancha yuqorida deb oʻylayman. Lekin badiiy asar oʻqishga qiziqishning sustligi ularning maʼnaviy jihatdan nochorroq boʻlib oʻsishiga olib kelmasmikin, degan xavotirim borligi ham chin.

Nima boʻlganda ham bugungi bolalik – ertangi kunning asosi. Shu bois bolalik, oʻsmirlik, oʻspirinlik faqat oʻyin uchun berilmagani, ertangi yutuqlar poydevori bugun qoʻyilishi bugungi oʻquvchilar yodida boʻlishini tilayman! Oʻzining oʻzbek ekanini, faqat ota-onasining emas, balki oʻzbek degan millatning, Oʻzbekiston degan yurtning ham farzandi ekanini bolalarimiz esidan chiqarmasligini soʻrayman. Omon boʻlinglar!

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA yozib oldi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.