Qalbi uygʻoq bolalar
Qadrli o‘quvchilar, darslik kitoblaringizni kutubxonaga topshirib, orziqib kutganingiz yozgi ta’til kunlarini ham boshlab yubordingizmi? Ta’tilga qanday rejalar tuzganingizni bilmadim-u, lekin uni behuda o‘tkazib yubormang. Orangizda “Bu mening ta’tilim, nima qilsam, o‘zim bilaman” deydigan bolalar ham topiladi. Lekin xalqimizda “Vaqting ketdi – naqding ketdi” degan durdona maqol bor. Chindan ham vaqtini behuda sovurganlar, katta bo‘lgach ko‘p afsus-nadomat chekkanlarining guvohi bo‘lganmiz.
Xabaringiz bor “Gulxan” sahifalarida “Mashhurlar bolaligi”ni berib boramiz. Bu sahifada yurtimizning taniqli, ardoqli, mashhur insonlari o‘z bolaliklari, o‘quvchilik yillari, oilada, maktabda kechgan hayoti haqida batafsil hikoya qiladilar. Ularning ko‘pchiligining bolaligi mehnat bilan, mashaqqat bilan, dala va tomorqa ishlarida ota-onalariga ko‘maklashish, uka va singillariga qarash, oilaning og‘irini yengil qilish bilan o‘tganining guvohi bo‘lgansiz. Mashaqqatli mehnat, hayotdagi og‘ir kunlarni yengib o‘tishga intilish ularni katta hayotga tayyorlab, toblab borgan. Ular ertangi kunga intilib yashashgan, yuraklarida orzu-istaklari bo‘lgan. Keling, yaxshisi jurnalni yana bir marta diqqat bilan o‘qib mushohada qiling. Ana shunda hozirgi beg‘ubor onlaringizni, ota-onangiz qanotida yayrab-yashnab yurgan baxtli bolalikning har lahzasini mazmunli o‘tkazish kerakligini, ta’tilning har kuni g‘animat ekanini anglab yetasiz, qalbingiz uyg‘onadi.
Yaqinda qabul qilingan Yangi Konstitutsiyamizga “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili kiritildi. Bu yurtimizda Inson qadr qimmati, sha’ni eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilayotganini bildiradi. Bu Qomusda ta’limga, ilm-fanga oid normalar ikki barobar ko‘paydi. O‘zbekistonning maqsadi dunyolarga bo‘ylashish, xalqaro maydonlarda o‘z nufuziga ega bo‘lish ekan, demak bu yurtda yashayotgan har bir o‘g‘il-qiz, har bir fuqaro dahldorlik hissini tushunib yashashi kerak. Bu hisni tushunish uchun kitobga do‘st tutinmoq kerak. Kitob qalbingizni kamolga yetkazadi, ta’tilni behuda o‘tib ketmasligini ta’minlaydi. Tom ma’noda yozning qaynoq kunlarida vaqtingiz sermazmun va soz o‘tishiga xizmat qiladi.