Murod Muhammad Do‘st
Murod Muhammad Do‘st 1948-yili Samarqand yaqinidagi Jom qishlog‘ida tug‘ildi. Hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida, so‘ng Moskvadagi adabiyot institutida tahsil oldi.
U “O‘zbekfilm” kinostudiyasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida, “O‘zbekkino” Davlat aksiyadorlik kompaniyasida xizmat qildi.
Bir vaqtning o‘zida, 1999-2004-yillarda Samarqand viloyati Nurobod okrugidan Oliy Majlis deputatligiga saylangan.
Ijodi o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlanib, “Qaydasan, quvonch sadosi?” nomli birinchi hikoyalar to‘plami 1976-yili nashr etildi. Shundan so‘ng adibning “Mustafo”, “Iste’fo”, “Dasht-u dalalar”, “Chollardan biri”, “Bir toychoqning xuni” kabi hikoya va qissalari e’lon qilindi.
Yozuvchi turg‘unlik davrining ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy tanazzuli haqida hikoya qiluvchi “Lolazor” (1988-yil) romanini yaratdi.
Murod Muhammad Do‘stning “Galatepaga qaytish” qissasi talabchan ilmiy-adabiy jamoatchilikning yuksak e’tiborini qozondi. Undagi G‘aybarov – adabiyotda hali uchramagan yangicha dunyo, yangicha tafakkur kishisining obrazidir. “Lolazor” romanida ana shu yangicha tafakkur tig‘idan yemirila boshlagan kommunistik mafkuraning tanazzuli, istiqlol shamchirog‘ining yona boshlaganligiga ishoralar bor.
Bu romanga adabiyotshunos olim Rahmon Qo‘chqor shunday baho beradi: “Lolazor romani poyoniga yetayotgan asr o‘zbek adabiyotining jiddiy hodisasi bo‘lib, umummilliy romanchligimiz taraqqiyotida muhim bosqich hisoblanadi. Bu asar romanga xos tafakkur imkoniyatlarini – tasvir va talqin rang-barangligi, insonga yondashuv, uni badiiy qayta kashf etuv usullarining cheksiz-chegarasiz ekanini isbotlab berdi”.
Adib bu asari uchun 1999-yilda Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.