O‘zim topib kelganman…
Sport – insonni sog‘lik, go‘zallik va mashhurlikka yetaklovchi yo‘l. Sportning koni foyda ekanligini bilgan bolalar mashg‘ulotlarni kanda qilmaydi.
Tengdoshingiz, Toshkent shahar Yunusobod tumani 235-maktab o‘quvchisi Yahyobek Qobilov sportga qanday kirib kelgani haqida shunday dedi: “To‘garagimizni o‘zim topib kelganman, bir kuni ertalab maktab yonidan o‘tib ketayotib devordagi e’lonni ko‘rib qoldim. Ko‘pdan buyon shunday to‘garakka qatnashmoqchi bo‘lib yurgandim, ayni muddao bo‘ldi. Ota-onam ham rozi bo‘lishdi, o‘shandan buyon mashg‘ulotlarga muntazam qatnashishga harakat qilaman”.
U Yunusobod tumanidagi 240-maktabda tashkil etilgan Jit Kun Do sport to‘garagining faol a’zolaridan. Erishgan yutuqlari bilan sinfdoshlari, to‘garakdagi o‘rtoqlariga o‘rnak bo‘lmoqda. Sariq belbog‘ sohibi bo‘lishga ulgurgan Yahyobek 2023-yilda Jit Kun Do bo‘yicha Toshkent shahar chempionatida 2-o‘rin, Toshkent shahar Klublararo chempionatida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan avval, 2022-yilda Toshkent viloyati BO‘SM birinchiligida ham 1-o‘rinni, Jit Kun Do federatsiyasi asoschisi Mixail Pavlovich Kim xotirasiga bag‘ishlangan turnirda 2-o‘rinni egallagan edi.
Yahyobek kabi ko‘plab chaqqon, epchil sportchilarni tarbiyalayotgan to‘garak 2021-yilda tashkil etilgan. Hozirgi to‘garakda maktab o‘quvchilarigina emas, mahalladagi yigit-qizlar ham sportning ushbu turi bilan shug‘ullanyapti. Yosh sportchilarga 1-toifali jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Davron Abdulhafizov ustozlik qilmoqda. To‘garak a’zolari orasida 4 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar bor. Ustoz esa: “Jit-Kundo bilan shug‘ullanish uchun 4 yosh erta emas, 14 yosh esa kech emas, sportda eng muhim narsa sportchining irodasi. Men har bir kelgan bolaning, avvalo, irodasini sinovdan o‘tkazaman. Mashg‘ulotlarga sabr-toqat bilan kelib, qunt bilan o‘rganganlardan chempionlar chiqishiga ishonaman. Sport – irodasi butunlar maydoni”, – deydi. Haqiqatan, sportda irodasi mustahkamlargina zafar quchadi.
Murabbiy bo‘lajak chempionlarga sport sirlarini qattiqqo‘llik bilan o‘rgatsa-da, ularning har birini o‘z bolasiday ko‘radi. Shundan bo‘lsa kerak, ustozning uslubi boshqa sport ustalarinikidan farq qiladi. Davron akaning aytishicha, u yangi kelgan bolalarni darrov jangga chiqarmaydi. Shogirdga avval qoidalarni, usullarni yaxshilab o‘rgatadi, eplashga, o‘zini himoya qila olishiga ishonchi komil bo‘lgandagina, raqiblar bilan yuzlashtiradi. Ularga shikast yetmasin, jarohat olmasin, deydi-da!
Sportga ilk qadamini qo‘yayotgan bola jarohatlar tufayli nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham zarar ko‘radi. Qattiq qo‘rqishi, sportdan ko‘ngli sovishi hech gap emas. Buni bilgan ustoz shogirdlarini o‘zlashtirishiga qarab, maydonga qo‘yadi. Lekin, har kunlik o‘rganiladigan usul va mashqlarni bajarishlarida anchayin talabchan. Shu sababli, bolalarning ko‘pchiligi klublar o‘rtasida, tumanda, shaharda o‘tkaziladigan musoboqalarda g‘olib bo‘lishgan.
Kelgusida Yahyobek va uning do‘stlaridan jahon chempionlari chiqishiga ishonamiz.
Muhammadali Po‘latov