Belbogʻ
(Toshkent shahridan yozib olindi)
O‘yinda odatda besh nafar bola ishtirok etadi. Ulardan biri o‘yinboshi, ya’ni o‘yinda adolatni yo‘lga qo‘yuvchidir.
Tartibga ko‘ra, ikkita bola bir-birlariga orqa o‘girib, oyoqlarini kerib tik turadilar. Ularning oyoqlari tagiga arqondek qilib belbog‘ tashlab qo‘yiladi. Shart shulki, belbog‘ har ikkala ishtirokchi uchun bir xil qulaylikda tashlanishi kerak. Belbog‘ni olishga shaylangan har ikki bola qomatlarini tik tutishlari, belbog‘ga, hatto ko‘z qirini tashlamasliklari darkor. O‘yinboshi bu holatni nazorat qilgach, qo‘llarini baland ko‘tarib “Bir, ikki, uch”, – deb sanaydi. “Uch” soni aytilganda bolalar tizzalarini bukmasdan, tezlik bilan belbog‘ga qo‘l cho‘zishlari kerak. Belbog‘ni qo‘lga kiritish uchun kuch va shitob, harakat zarur bo‘ladi. Gohida har ikkala ishtirokchi belbog‘ni baravar ushlab oladilar. Ana shunday payt ularning qay biri kuchli bo‘lsa, belbog‘ni sherigidan tortib oladi.
– Sizga shart aytamiz, – deydi o‘rtaboshi. – Chunki belbog‘ni qo‘ldan chiqarib qo‘ydingiz. Xo‘sh, bolalar nima shart aytamiz?
– Bir oyoqda yuz metrgacha hakkalab borib kelsin, – deyishadi bolalar.
Mag‘lub bo‘lgan bola shartni bajaradi. O‘yin ana shu tariqa davom etadi. Mag‘lub bolaga qurbaqa bo‘lib yurish, ikki oyoqda sakrash, bolalardan birini opichlab aylantirib kelish, uzoqdan zuvillab yugurib kelish kabi qator shartlar qo‘yiladi. Shartlar bolalarning kayfiyatiga ko‘ra o‘zgartirilishi ham mumkin. Agar ular hovlida o‘ynayotgan bo‘lsalar “Choy quyib kel”, “Muzday suv keltir”, yoki “She’r aytib ber”, “Qo‘shiq kuylab ber” kabi.
“Belbog‘” o‘yini bolaga qomatni tik tutishni o‘rgatadi. Shuning bilan birga belni va tizzalarni bukmasdan turib egilish umurtqa pog‘onalari uchun jismoniy harakat vazifasini bajaradi.
Bu o‘yinni oilada aka-ukalar bilan birgalikda o‘ynasa ham bo‘ladi. O‘yinda vosita bo‘lib belbog‘ xizmat qiladi.
Guljahon MARDONOVA,
Pedagogika fanlari bo‘yicha
falsafa doktori