Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Istiqlol”ning quvnoq kunlari

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiya­dorlik jamiyatiga  qarashli “Istiqlol”  bolalar sog‘lom­lash­tirish oromgohi Zomin tumanining  xush­manzara  tog‘larida  joylashgan. Hozir ikkinchi bosqichda 210 nafar bola dam olmoqda. Hordiq kunlari maroqli o‘tishi  uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. “Mohir qo‘llar”, “Yosh rassomlar”, ingliz tili, sport to‘garaklari   o‘quvchilar bilan gavjum. Oromgohda qiziqarli  tadbirlar va musobaqalar muntazam o‘tkaziladi. “Talantlar” tanlovi dam oluvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. “Yaxshi rassom”, “Yaxshi sportchi”, “Yaxshi qo‘shiqchi”, “Faol kitobxon” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlar o‘g‘il-qizlarning to‘garaklarda o‘rgangan turli mahoratlari namoyishi bo‘lmoqda. 

–   Men “Yosh sportchi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi  dam oluvchi  Bobur Abdullayev. Musobaqalar bizni chiniqtirib salomatligimizni tiklashga yordam bermoqda.

Oromgohda “O‘zbekiston – muqaddas diyor”, “Bilimli yoshlar yurt tayanchi”, “Kitob – ma’rifat chirog‘i” kabi mavzularda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar yo‘lga qo‘yilgan.

–   Bu yilgi mavsumda  besh bosqichda 1000 na­fardan ko‘proq  bolaning dam olishi rejalashtirilgan, – deydi oromgoh direktori  Zuhra Mahkamova.

Bolalar “Men nima uchun “Istiqlol”da dam olishni tanladim” mavzusida videorolik yaratib, uylariga  jo‘­natishibdi. Ular “Miriqib dam olyapmiz. Kelasi yil ham shu yerda dam olamiz”, deyishdi.

 

 Abdusattor Sodiqov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.