Marafon
Yaqinda ta’til bahona Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobini o‘qib chiqdim. Kitobni tugatdim-u ona tilimga mehrim tovlanib ketdi. Ichimdan “Har bir o‘zbek bu kitobni o‘qishi va uqishi kerak ekan”, degan o‘y o‘tdi. Kimni ko‘rsam shu kitob haqida yoki kitobdan uqqanlarim haqida gapira boshladim. Negadir hamma-hamma bu kitob haqida bilishini istadim. “Marafon” tanloviga kitobdagi eng ta’sirli fikrlarni to‘plab yuborishga qaror qildim. Bu fikrlar dengizdan shunchaki bir tomchi. Ajab emas, ushbu tomchilardan bahramand bo‘lganlar ummonning o‘zini izlab topsalar!
* Odamlarda tafakkur kuchi ortgani sari tasavvur kuchi kamayib bormoqda. Zavq-shavq o‘rnini sovuq hisob-kitob egallamoqda. Aql va yurak bahsida hissiyot yengilib, quruq mantiq g‘alaba qilmoqda. Bu jamiyat uchun xatarli hol. O‘zbek askiyani unutsa, do‘stona hazillarni esdan chiqarsa, so‘zning latofatini anglamay qolsa – bu falokatdir.
* So‘z bamisoli charaqlagan yulduz, oqib yotgan daryo, esib turgan shamol kabi hammaniki. Hech kim hech kimga, hech bir xalq boshqa hech bir xalqqa, mening so‘zimni olding, o‘zgartirding, buzding, deya da’vo qilmaydi. Ruslar Fir’avnni Faraon, Bobilni Vavilon, Suriyani Siriya deb aytsalar, bizning ismlarimizni Kadir, Tadji, Gulyam deb talaffuz qilsalar birov, hay, nima qilyapsan, demaydi. Chunki bu hol ko‘pga kelgan to‘y. O‘zimiz ham talay xorijiy so‘zlarning “dodini” berganmiz.
* Turkiy xalqlarning ko‘rgiligi shundaki, qadimgi turk yozuvi yo‘qolib ketgan. Mo‘g‘ulistonning O‘rxun, Rossiyaning Yenisey daryolari sohilidan topilgan yodgorliklar xati bir zamonlar poyonsiz kengliklarda makon tutgan xalqlarimizni birlashtirgan edi. Bamisoli xitoyi tasvirxat – iyerogliflar turli lahjalarda so‘zlashuvchi bir yarim milliardlik xalqni bog‘lab turgandek. Bizning ham ko‘hna yozuvimiz barhayot bo‘lib, taraqqiy topganida, tillarimiz bu qadar yiroqlashib ketmas, qardosh ellarimiz muloqotida uchinchi til vosita bo‘lmas edi. Bizlar yagona buyuk tilning usmonli, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tatar, boshqird, tuva, qorao‘g‘iz shevalarida so‘zlashardik. Yozi jazirama Turkman cho‘llaridan to ayozi beshafqat Yoqutistongacha poyonsiz makonda bizga tilmoch kerak bo‘lmasdi.
* Jonkuyar ajdodlarimiz sonsiz lug‘atlar tuzib, kelajak avlodning savodini o‘ylaganlar. Agar o‘sha lug‘atlar qo‘limizda bo‘lganda fanning barcha sohalarida o‘zbekcha so‘zlar ko‘proq va ustunroq bo‘lardi. Yuridik shaxs, jismoniy shaxs, huquqbuzarlik singari zo‘rma-zo‘raki tarjimalarga ehtiyoj qolmasdi. Oltin probasini o‘zbekcha nima desak bo‘ladi, deb bosh qotirmas edik. O‘zbekistonning to‘qson to‘qqiz yorg‘itli tillasi bor, deya iftixor bilan aytardik. Oltinimiz yonida oltin so‘zimizga-da ega bo‘lardik. Mustaqil yurtimizning o‘z mustaqil armiyasi o‘z harbiy atamalarini topardi. Sarkarda yonida sartib, sarhang, sarlashkar, sipohsolor kabi jangovar unvon-darajalarimiz bo‘lar, avangard, ar’ergard o‘rnida xirovul, chindovul deb, o‘ng va so‘l flangni barong‘or, javong‘or deya Temur bobomiz aytgandek aytardik. Bu sof turkiy so‘zlarning talaffuzi qiyin bo‘lsa, maymana, maysara derdik. Men asl o‘zbekcha yuzboshi, mingboshi, ayniqsa, qo‘rboshi unvonlarini tilga olmadim.
Diyorbek Berkinov,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi