Ilmning omonati
Qadim zamonda bir usta temirchi bo‘lib, bu hunarni ipidan ignasigacha bilar ekan. Bundan tashqari, u gullarni juda yaxshi ko‘rgani uchun ustaxonasi oldida g‘aroyib gulzor barpo qilgan ekan. Temirchi keksayib kuchdan qola boshlagach, hunarini o‘rgatish uchun shogird olishini e’lon qilibdi. Shunda uning oldiga uchta yigit kelibdi. Temirchi yigitlardan bittasini tanlab olish uchun ularni sinab ko‘rmoqchi bo‘libdi. Har biriga kichkina xaltachalarda o‘zi parvarish qilayotgan gullarning urug‘idan beribdi va:
– Men muhim ish bilan uzoq safarga ketyapman, qaytgunimcha mana shu urug‘larni ehtiyot qilib saqlanglar. Urug‘larni saqlab menga qaytargan yigitga temirchilik hunarini o‘rgataman, – debdi.
Birinchi yigit urug‘larni uyiga olib borib, temir sandiqqa solib qo‘yibdi. Ikkinchi yigit gulchining do‘koniga borib, urug‘larni sotibdi va do‘kondorga temirchi qaytganida xuddi shunday urug‘larni sotib olishini tayinlabdi. Uchinchi yigit esa urug‘larni hovlisiga va uyi atrofiga ekib, ulardan o‘sib chiqqan ko‘chatlarni parvarishlay boshlabdi.
Oradan ancha vaqt o‘tib, temirchi safardan qaytibdi va uchala yigitni huzuriga chaqiribdi. Birinchi yigit temir sandiqda turgan urug‘larni olib boribdi. Temirchi ularni ko‘rib: – Sen bu urug‘larni quritib qo‘yibsan, ular endi hech narsaga yaramaydi. Demak, sen hunarga ham xuddi shunday munosabatda bo‘lasan. Sening o‘rgangan hunaringdan odamlarga hech qanday naf bo‘lmaydi, – debdi.
Ikkinchi yigit gulchining do‘konidan sotib olgan urug‘larini olib kelib ko‘rsatibdi. Temirchi ularni ko‘rib:
– Bular men senga bergan urug‘lar emas, sen ularni sotib yuborib, bugun boshqa urug‘ olib kelibsan. Demak, sen o‘rgangan hunaringni odamlarga faqat pul evaziga berar ekansan, – debdi.
Uchinchi yigit ekkan gullarining urug‘larini yig‘ib olib boribdi. Temirchi ularni ko‘rib:
– Mana shular men bergan urug‘lar, sen ularni hatto ko‘paytirib kelibsan. Demak, sen o‘rgangan hunardan hamma bahramand bo‘ladi, – deb yigitni shogird qilib olibdi.
Ey farzand, sen o‘sib-ulg‘ayish barobarida ilm va hunar o‘rgan hamda atrofingdagilarni undan bahramand et. Mana shunda xalq seni haqiqiy hunarmand deb hurmat qiladi.
“Tarbiya” kitobidan olindi