Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hayot – koʻhna, dono muallim

Sahifamiz mehmoni – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Bobur Bobomurod. Ijodkorning “Ko‘zgudagi odam”,  “Yolg‘iz qolgan ayol”, “Elim bo‘ldi davlatli”, “Esiz odam”, “Chimyon taronalari”, “Sukutdagi go‘zal”, “Umr bahori”, “Bir kun kelib”, “Yuragim”, “Xudo bergan o‘zbekka”, “Vatan mehri” nomli to‘plamlari chop etilgan. “Umr bahori”, “Kechikkan ko‘ngil”, “Ko‘rgim kelar sizni negadir”, “Oq qushlar” kabi ko‘plab she’rlari mashhur san’atkorlar ijrosida o‘lmas va xalqona qo‘shiqlarga aylangan.

Xalqimiz ardog‘idagi shoirning bolalik xotiralarini e’tiboringizga havola qilamiz.

SHOH VA SHOIRGA HAVAS

Bolalikdagi eng yorqin xotiralarim Buxoroyi sharif bilan bog‘liq. Chunki u – ertak shahar. Erta saharda qadimiy shaharning gumbazli minoralari orasidan yurib borar ekanman, vujudimni o‘zgacha, shom paytida esa butunlay boshqa kayfiyat egallar edi. Labi hovuz bo‘yidagi keksa tut daraxti ostidagi yog‘och so‘rida yoshi ulug‘lar shaxmat o‘ynashar, dunyo voqealari: siyosat, adabiyotdan suhbat qurishar, hech qachon be’mani gap yoki g‘iybat bo‘lmasdi.  

Otam – Xodi Shodi o‘g‘li  quruvchi, onam – Maqsadxon Qorako‘l zavodida ishchi bo‘lganlar. Oilada uzoq kutilgan to‘ng‘ich farzandman. O‘sha paytlarda akademik Ibrohim Mo‘minovning Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi risolasi chop etilgan.  Faxriddin Umarov ijrosidagi Bobur  g‘azallari xalq orasida mashhur bo‘lgan. Bulardan boxabar onam shoh va shoirga havas qilib, ismimni Bobur qo‘yganlar. Shungacha Buxoroda hech kim o‘g‘liga bu ismni  qo‘ymagan. Mendan keyin oilamizda ketma-ket 4 o‘g‘il, 1 qiz tug‘ilgan. Tabiiyki, onamga ham ishlash, ham  ro‘zg‘or  yumushlari-yu farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish oson bo‘lmagan. Ba’zan sho‘xligimiz oshib ketsa, onam “Hali otang kelsa, aytib beraman, qarab tur seni...” deb po‘pisa qilar va biz bundan hayiqardik.   

Rahmatli otam mumtoz qo‘shiqlarni ko‘p tinglardi. Qulog‘imga quyulaverganidan hozirgacha o‘sha qo‘shiqlar ohangi, so‘zi xotiramga muhrlanib qolgan. Uyda magnitofon, patefon bo‘lar, televizorimiz deraza tokchasida turardi. Biz tomga chiqib, antennani to‘g‘rilar, qo‘ni-qo‘shnilar bilan  birga o‘tirib, konsert ko‘rib, hind filmlarini tomosha qilardik.

Ota-onam  “Mushtum”, “Fan va turmush”, “Guliston”, “Saodat”, keyinchalik “Yoshlik”, “Argumenti   i fakti” kabi  gazeta-jurnallarga obuna  bo‘lishgan. Pochtalon ularni  olib  kelishi  bilan talashib  o‘qirdik. Keyin, taxlam-taxlam qilib saqlardik. Gazeta  yoki  jurnal yerga  tushib qolsa, onam uni darhol  olib, hafsala bilan tekislarkan, “Bunda harf bor,  uni  oyoq osti qilish    gunoh”, derdilar. Rahmatli onamda so‘zga mehr, e’tibor kuchli edi. Bolajon oila bo‘lganimiz uchun tinim, orom nimaligini bilmasdi. Xamir qorayotganda ham, kir yuvayotganda ham ikki ko‘zi kitobda bo‘lardi. Ular mutolaa qilgan “Mehrobdan chayon” asarini “Volidam varaqlagan, ko‘zining nuri tushgan”, deb hanuz avaylayman.

Onamni bilganlar haligacha “Jannati ayol edi”, deyishadi. Afsus, umrlari qisqa ekan. Men maktabni tugatar-tugatmas vafot etdilar. Ukalarimning tarbiyasi menga qoldi.

TOʻLIQ SALOM – GOʻZAL KALOM

Ruscha bog‘chaga borganman. Maktabga chiqishimga ikki oy qolganda o‘zbek guruhiga o‘tkazishgan. 1-sinfga chiqishimda, onamning dugonalari Komila opa “Shu o‘g‘lingni o‘zim o‘qitaman”, deb meni o‘zlari ishlaydigan qo‘shni mahalladagi maktabga olib o‘tganlar. Odatda 1-sentyabrda bolalar gul va papka ko‘tarib maktabga borsa, men to‘g‘ri bog‘chaga qarab yo‘l olganman. Shunda onam “Bog‘chaga emas, o‘ng tomonga – maktabga”, deya yo‘l ko‘rsatganlar, ammo o‘zlari olib bormaganlar. Shu- shu bo‘ldi-yu, maktabga yolg‘iz o‘zim qatnashga   o‘rgandim.  Garchi maktabda sof o‘zbek tilida   gaplashsak-da, darsdan keyin o‘zimizga  ma’qul bo‘lgan   ruscha, o‘zbekcha, tojikcha suhbatlashaverardik. Chunki Buxoro  ko‘pmillatli shahar edi.

Ko‘chamiz boshida bir bobo o‘tirardi. Har kuni maktabga ketar ekanman, ularga salomga   og‘iz ochib ulgurmasimdan bobo tushmagur dona-dona qilib, “Assalomu alaykum”, deydilar. Uyatdan o‘zimni qo‘yishga joy topa olmayman. “Mayli, keyingi gal birinchi  bo‘lib  o‘zim salom beraman”, deb niyat qilaman. Ammo, bobo baribir chaqqonlik qiladi, chiroyli salomi bilan meni “mulzam” qilaveradi. O‘ylab ko‘rsam, bobojon  menga  to‘liq salom berish  odobini o‘rgatgan ekanlar.

Umuman, men uchun mustaqil hayot ancha erta boshlangan. Institutga o‘qishga kirishim, ishga joylashishim, poytaxtda o‘z o‘rnimni topishim – qaysi eshikdan kirib-chiqmay, mehnat va harakatdan to‘xtamadim, mashaqqatdan qochmadim.

MEHNATDA TOBLANGAN YILLARIM

Ta’til paytlarida ko‘chamizdagi temirchiga shogird tushganman. Darsdan kelib, to‘garaklarga qatnashib, dam olgach, kechqurun soat 22:00 dan  keyin novvoyxonaga borardim. Novvoy bilan birga  xamir qorardim. Xamir  oshgach, ulardan zuvala yasab,  tindirib  qo‘yardim.  Mendan keyin ukam borib, non yopishga yordam berardi. Xizmat haqimizga non berishar, bu ro‘zg‘orimiz uchun katta dastak edi. Otam “Chiniqasiz”, deb yozning qaynoq tuprog‘ida, qishning muzdek qorida oyoqyalang yurg‘izardilar. Ro‘zg‘or ishlari biz aka-ukalarga teng taqsimlangan, otam har bir ishning hisobini so‘rardilar. Tomdan qorni hovliga, hovlidan ko‘chaga kurab chiqarardik.

Suv tashirdik. Bahorda yer ag‘darib, ekin ekardik. Uyimizdagi ta’mirlash ishlarini ham  o‘zimiz qilardik. Turli bo‘yoqlarni aralashtirib, kerakli rang chiqarishni bilardik. Tuzukkina duradgor ham  edim. O‘z  qo‘llarim  bilan  yasagan kitob javoni uzoq yil oilamizga xizmat qildi. Bizni  hayot  shunday  chaqqonlikka , mustaqillikka  o‘rgatgan edi.  Ishonasizmi, egnimdagi ko‘ylagim yirtilib  qolgudek bo‘lsa,  na  onamga,  na  singlimga  aytmasdim.  Darhol  qo‘limga  igna-ip olardim-u  yirtilgan  joyini binoyiday butlab, kiyib  olardim.  Hech kim  uni  yirtilganini  sezmasdi ham. Ketaverardim.

Uy-ro‘zg‘or ishlaridan ortib, sport, musiqa, ukalarim esa ganj o‘ymakorligi to‘garaklariga, keyinchalik kurash, futbol, og‘ir atletika mashg‘ulotlariga borganmiz. Mahalla futbol jamoasining yarmini biz tashkil qilardik. Ishkal-janjal bo‘lib qolsa, mahalla nomidan uch “jangchi” aka-uka tayyor turganmiz. 

BUVIM – QALBIM TARBIYACHISI

Maktabimiz  buvim  yashaydigan   tomonda edi.  Darsdan  qaytishda ularnikiga  kirib o‘tardim (Bahonada  uy  ishlaridan  sal  narida  bo‘lardim-da). Darvozadan  o‘tishim  bilan  hovlidagi  mo‘jazgina  gulzorda  gurkirab  o‘sayotgan   oshrayhon, sadarayhonlarning  (Buxoroda  nozbo‘yi  deyiladi) yoqimli  ifori  dimog‘imga   gupillab  urardi.  O‘zimdan  o‘zim  xursand   bo‘lib  ketardim.  Buvijonimning  chakkasida  ham albatta  bir  shox rayhon  bo‘lardi.  Men  ataylab  o‘sha  rayhonni   hidlashga  urinardim.  Buvijonim  mayin  jilmayib  yelkamga  qoqib  qo‘yardilar. Ertalab  o‘zlari uylari  yaqinidagi bozorchadan  olib  kelgan  issiqqina  patir va  qaymoq bilan  siylardilar. 

Qornimni  to‘ydirib  olganimdan  so‘ng   yonlariga  o‘tqazib  olib, “Xo‘sh bachaginam, ayting-chi, bugun qanday darslar o‘tildi, nimalarni o‘rgandingiz?” deb  sinov qilardilar. Juda orasta, tozalikka  qattiq e’tibor berar, tejamkor edilar. Kun tartibiga rioya qilardilar. Radio ular uchun soat vazifasini bajarar, ma’lum vaqtda musiqa chalinsa, “Soat falon bo‘ldi”, derdilar.  

Qozonga  ovqat  solib  qo‘ygach, badastir boshqa ishlarni qilardilar. Ro‘zg‘orda  hech  qachon  uzilish  bo‘lmas, zarur masalliqlar oz-ozdan bo‘lsa-da har doim bo‘lardi.

Buvijonim   Mashrab qissalarini,  Yassaviy  hikmatlarini, “Go‘ro‘g‘li”, “Ravshan”, “Kuntug‘mish” dostonlarini, Maxtumquli, Bedil g‘azallarini  aytib berar, vujudim quloqqa aylanib ularni tinglardim. Buvim ziyoli oiladan bo‘lgan. Biroq  yoshligida   alifbo almashgani sabab, chalasavod bo‘lib  qolganlar.  Xotirasi kuchli bo‘lgani uchun davralarda eshitgan dostonlarni yodlab olgan. Men u kishidan tinglaganlarimni aytib bersam, o‘qituvchimiz “Darslikda yo‘q mavzularni qayerdan bilasan?” deb hayron bo‘lardi. Buvim bilan o‘tkazgan vaqtim men uchun o‘ziga xos maktab bo‘lgan.

USTOZNING URGANI – ODAM BOʻLGANING

Bolaligimda Po‘lat Mo‘min, Quddus Muhammadiy she’rlarini, Robert Luis Stivensonning “Xazinalar oroli”, Jyul Vernning “Suv ostida 80 ming kilometr”, “Kapitan Grant bolalari”, Oqiljon Husanovning “Tog‘da o‘sgan bola”, keyinchalik Jek Londonning “Martin Iden”, Ernest Seton-Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a” kabi asarlarni sevib o‘qiganman. Asar qahramonlari bilan goh quyuq o‘rmonzorda, goh kimsasiz orolda kezardim, yovvoyi hayvonlar ortidan yugurardim, goh dengizda suzardim. Xullas, kitob – sirdoshim, yo‘ldoshim edi.

Ta’til paytlarida yangi o‘quv yilida o‘tiladigan darsliklarni o‘qib chiqardim. Men ta’lim olgan Buxoro shahridagi 10-maktabda o‘z ishining mohirlari, bilimli ustozlar  ko‘p edi. Hamma fanlardan a’loga o‘qiganim uchun olimpiadalar mavsumida ustozlar talashib qolishar, u yoki bu fanni tanlasam, boshqa ustozlar mendan xafa bo‘lishardi. Fizikadan   maktab  o‘quvchilarining Respublika olimpiadasida qatnashib, 2-o‘rinni egallaganman.

Boshqa mahalladan bo‘lganim uchun, “V” sinfga ilinib qolganman. Sinfimizda sho‘x, ammo mehnatkash bolalar ko‘p edi. Maktabdagi eng og‘ir ishlar – devor ko‘tarish, oqlash, panjara o‘rnatishni biz bajarardik. Paxta mavsumida ham faol edik.

Sinflararo musobaqalarda jamoa sardori – kamina edi. Ba’zan “A”  va “B” sinf bolalari “Bobur chiqmasin”, deb to‘polon qilishardi. Chunki jamoamiz nomidan  aksariyat  savollarga men javob berardim va biz g‘olib bo‘lardik.

Ba’zan ustozlarimizdan dakki eshi­tardik, hatto  kaltak yegan  vaqtlarimiz  ham  bo‘lgan. Ammo, hech qachon  bugungi  ayrim bolalarga  o‘xshab ota-onamizga shikoyat qilmaganmiz. Ota-onalarimiz  ham  ustozlarga  boshqacha  hurmat  bilan  qarashardi. Ustozga nisbatan shartakilik, gap qaytarish, behurmatlik,  odobsizlik, uyat hisoblanardi. Uning obro‘si, umuman, kattalarga  hurmat – muqaddas tushuncha edi.

VAQTNI QADRLANG

Bolalar – kelajagimiz.  Ularga aytar so‘zim: bir-biringizni hurmat qiling, boshqalarning mehnatini, vaqtni qadrlang. Hayotning har bir insonga atalgan sinovlari ko‘p. Bunga tayyor bo‘lishingiz, mo‘rt bo‘lmasligingiz kerak.   Yaxshi odatlar bolalikdan shakllanadi. Siz uchun 3 narsa muhim. Odob, ilm va hunar. Shu xislatlarga ega bo‘lsangiz, xor bo‘lmaysiz, hayotda o‘z o‘rningizni topasiz.

                                                                      

Dilafro‘z  ZAYNIYEVA

yozib oldi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.