Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Beqasam to‘nli bokschi

“Sog‘lom ona va bola” yilida o‘n uch yoshga to‘ldim, lekin o‘zimni katta odamlardek his qilyapman. Oilada uch farzandmiz: ikki o‘g‘il va bir qiz. Ota-onam sog‘lom o‘sishimiz uchun mahallamizdagi “Olg‘ir” sport markazining boks to‘garagiga berdilar. Ukam bilan to‘rt yildirki, boks bilan shug‘ullanmoqdamiz. Hozirda men biror kunimni bokssiz tasavvur qilolmayman. Ko‘pgina musobaqalarda faqat birinchi o‘rinni olib kelyapmiz. Musobaqadan qaytgan kunimiz uyimizda bayram, chunki buvijonim, bobojonim va qarindoshlarimiz biznikiga yig‘ilishadi.

Uyimizning to‘rini oyim bizning medallarimiz bilan bezatib qo‘yganlar. Singlim “men ham boksga boraman, men ham chempion bo‘laman”, – deb xarxasha qila boshladi. Bizning klubda qizlar yo‘qligi uchun dadam singlimni maktab qoshidagi gimnastika to‘garagiga berdilar. Biz o‘qish bilan sportni bir xilda olib boramiz. Men harbiy, ukalarim esa shifokor bo‘lishmoqchi. Ukam Humoyunmirzo har bitta yegan taomimizning foydali taraflarini aytib turadi. Onajonim nonushtaga tuxum, qaymoq, sut, yong‘oq, o‘rik, mayiz bilan dasturxonni tuzaydilar. Ularning hammasini o‘zimiz yetishtirganmiz.

Bo‘sh vaqtimizda teleekran orqali namoyish etilayotgan musobaqalarni kanda qilmay ko‘ramiz. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks bo‘yicha kumush medal sohibi Bektemir aka Meliqo‘ziyev bizga qo‘shni qishloqda yashaydi. Uning g‘alabasi ko‘ksimizni iftixorga to‘ldirdi. Yurtimiz madhiyasi yangrayotganda ukam bilan singlim “biz ham chempion bo‘lamiz!”, deb uyni boshlariga ko‘tardilar. Oyim esa bizga qarab turib, “men chempionlarning onasi bo‘laman, “deb kulib qo‘ydilar.

Bobojonim oyimga: “Nevaralarim jahon chempioni bo‘lganda eng sara beqasamdan bokschilar kiyimini tikib berasan. Hamma ularning o‘zbek ekanligini bilib oladi”, deb niyat qildilar. Bobojonimning gaplari meni ruhlantirib yubordi va o‘zimga o‘zim so‘z berdim: “Xudo xohlasa, bor kuchim, mehnatimni sarflab, men ham chempion bo‘laman, g‘alaba shohsupasida turganimda egnimda beqasam to‘n, boshimda do‘ppi bo‘ladi”.

 

Xondamir ABDURASULOV,

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani

22-maktab 7-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.