Yuksakdagi bayrog‘im
Biz qachon tamoman sog‘lom bo‘lamiz? Albatta jismonan va aqlan uyg‘un rivojlanganimizda. Shuning uchun ham maktab o‘quv rejasiga jismoniy tarbiya darslari kiritilgan. Bola jismonan sog‘lom bo‘lsa-yu, ammo bilim olishda, fikr yuritishda adashib, boshqa ko‘chalarga kirib qolsa, biz uni sog‘lom deb aytolmaymiz. Shu bois jismoniy chiniqish bilan birga bilim, ma’naviyatimizni ham oshirib borishimiz zarur.
Xususan, bizning 18-sonli DIMIda saralab olingan iqtidorli, iste’dodli 350 nafar bola tahsil olsa, ulardan 150 nafardan ortig‘i sportning turli yo‘nalishlari bilan doimiy shug‘ullanadi. Ular bir qator chempionatlarda faxrli o‘rinlarni egallab, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarmoqda. 9-sinf o‘quvchisi Asror Abdukamolov taekvondo sport turining WTF yo‘nalishi bo‘yicha Koreyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida faxrli 2-o‘rinni egallab qaytgani fikrimiz isbotidir. Yutuqlarimiz ertangi kunimiz bugungidan-da yorug‘ bo‘lishidan darak bermoqda. Biz ozod yurt farzandlarimiz!
Mubosher ODILALIYEV,
Namangan shahar 18-maktab 9-sinf