Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Besh bosqichli taʼlim

Qadrli muxlislar! Jurnalimizning “Dunyo maktablari” ruknida berib borilayotgan maqolalar orqali siz Yaponiya, Niderlandiya va Germaniya davlatlaridagi maktablar va ularning taʼlim tizimi, tartibi haqida maʼlumot olgan edingiz. Bugun esa Janubiy Koreya maktablari faoliyati bilan tanishasiz.

Koreys moʻjizasinig omillaridan biri mehnatsevar aholisi boʻlsa, yana bir jihati, Janubiy Koreyadagi oʻziga xos taʼlim tizimidir. Ushbu mamlakatda taʼlim besh bosqichdan – boshlangʻich maktabda 6 yil, ikkinchi bosqich maktabida 3 yil, yuqori maktabda 3 yil, kollejda 2 yil, universitetda esa 4 yildan iborat. Boshlangʻich va ikkinchi bosqich maktabida taʼlim olish majburiy hisoblanadi. Maktablarda koʻpincha matematika, koreys va ingliz tillari, aniq va ijtimoiy fanlarga koʻproq ahamiyat beriladi. Jismoniy tarbiya asosiy oʻquv predmeti hisoblanmagani bois, koʻplab koreys maktablarida zaruriy sport jihozlari mavjud emas. Eʼtiborlisi, barcha talim muassasalarida yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyati bor.

Oʻquv yili ikki chorakdan iborat boʻlib, birinchisi mart oyida boshlanadi va iyulning oʻrtalarida tugaydi. Ikkinchi chorak oʻqish davri esa avgust oyining oxirida boshlanib, fevralning oʻrtalarida nihoyasiga yetadi. Yozgi taʼtil iyul oyining oxiridan avgustning soʻnggi kunlarigacha, qishkisi esa dekabr oxiridan fevralning boshlarigacha davom etadi. Mamlakatda oʻquv dasturi qatʼiy emas. Bir taʼlim dargohidagi oʻquv dasturi, boshqasidan farq qilishi mumkin.

Boshlangʻich maktablarga 7 yoshdan 13 yoshgacha boʻlgan bolalar qatnaydi. Oʻqish muddati – 6 yil. Koreys tili, matematika, aniq va ijtimoiy fanlar, chet tillar, tasviriy sanʼat va musiqa oʻrganiladigan fanlarga kiradi. Ingliz tili boshlangʻich maktabning 3-sinfidan oʻrgatiladi. Odatda ushbu fanlarning barchasi huddi bizdagiga oʻxshab bir nafar sinf rahbari tomonidan oʻqitiladi. Biroq baʼzi ixtisoslashtirilgan fanlarni boshqa oʻqituvchi oʻtishi ham mumkin.

Janubiy Koreyada davlatga qarashli boshlangʻich maktablardan tashqari qator xususiy maktablar ham mavjud. Ularning oʻquv dasturlari davlat muassasalarinikiga ozmi-koʻpmi mos keladi, ammo u ancha yuqori darajada amalga tatbiq etiladi: kam sonli oʻquvchilarga koʻp oʻqituvchilar dars beradi, qoʻshimcha fanlar ham kiradi va umuman, taʼlimning yuqori standartlari joriy etiladi. Maktablarda sinf rahbarlari oʻquvchilar hayotida muhim rol oʻynaydi.

Ikkinchi bosqich maktabida oʻquvchilar oʻqishni 12 yoshdan boshlab, 15 yoshda tugatadi. Boshlangʻich maktabda boʻlgani kabi ikkinchi bosqich maktabida ham oʻquvchilar kunning asosiy qismini sinfdoshlari bilan bir sinfda oʻtkazadilar, ammo har bir fan oʻz oʻqituvchisi tomonidan oʻqitiladi. Oʻqituvchilar sinfdan-sinfga yurib dars berishadi. “Maxsus” fanlar yaʼni: kimyo, fizika, biologiya kabi fanlardan saboq beriladigan baʼzi xonalarga oʻquvchi oʻzi boradi.

Ikkinchi bosqich maktablarida oʻquvchilarga har kuni oltita dars oʻtiladi. Oʻquv dasturining asosini quyidagi fanlar tashkil qiladi: matematika, koreys va ingliz tillari, shuningdek bir qator aniq fanlar. Yana qoʻshimcha fanlar sifatida: sanʼat turlari, jismoniy madaniyat, tarix, etika, oila iqtisodiyotini yuritish, kompyuter savodxonligi kabi fanlardan ham saboq beriladi. Oʻqiladigan fanlar va ularning soni har yili oʻzgarib turadi.

Dars davomiyligi biznikidek – 45 daqiqa. Oʻquvchilar dushanbadan jumagacha toʻliq kunlik darslarga, har oyning birinchi, uchinchi va beshinchi shanbasida yarim kunlik mashgʻulotlarga qatnaydi. Ingliz tili va matematikaga alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻquvchilar darsdan soʻng qoʻshimcha kurslarga qatnaydi yoki xususiy repetitorlardan taʼlim oladi. Baʼzi kurslar faqat bitta fanga, boshqalari esa barcha asosiy fanlarga ixtisoslashgan. Shuning uchun oʻquvchiga yanada koʻproq yuk tushadi. Bundan tashqari, baʼzi oʻquvchilar jang sanʼati toʻgaraklari yoki musiqa maktablariga qatnaydi, uyga kech qaytadilar. Shanba kuni oʻquvchilar biror toʻgarakda qoʻshimcha mashgʻulotlar bilan band boʻladi.

Koreys yuqori maktablarida 15-17 yoshli oʻquvchilar uch yil davomida taʼlim olishadi. Yuqori maktablarni ham davlat maktablari va xususiylarga ajratish mumkin. Bunday maktablar hech qanday mutaxassislik oʻrgatmaydi, balki oʻz oʻquvchilarini universitetga kirishga tayyorlaydi. Biror sababga koʻra universitetda taʼlim olishni istamaydigan oʻquvchilar uchun texnika, qishloq xoʻjaligi yoki moliya sohalariga ixtisoslashgan kasbiy bilim yurtlari mavjud.

Boshlangʻich va ikkinchi bosqich maktablaridan farqli oʻlaroq, yuqori maktabda oʻqish majburiy emas. Biroq, hisob-kitoblarga koʻra, 2005-yili yosh koreyslarning 97 foizi yuqori maktabni ham tugatgan.

Yuqorida qayd etilgan maʼlumotlardan ham koʻrinib turibdiki, Janubiy Koreyada taʼlimga, bilim olishga boʻlgan munosabat nihoyat darajada kuchli. Shu bois ham Koreya davlati qisqa fursat ichida rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʻrin egalladi.

 

Alisher Egamberdiyev

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.