Mening ikki onam bor
Bizning jiydazor bogʻimiz bor. Dadamning aytishlaricha, bu yerlar bir vaqtlar xilvat joy boʻlib odamlar hatto oʻtishga hadiksirar ekan. Bu tashlandiq yerni bobomning bobosi oʻzlashtirishga jazm qilibdi. U kishi jiyda gulini juda yaxshi koʻrgan ekan. Shu sabab ham bu yerga jiyda nihollarini ekibdi. Har yili jiyda gullaganda bogʻni aylanar ekanmiz dadam gʻurur bilan: “Bu bizning tariximiz, hamda kelajagimiz”, deydilar.
Maktabimiz uyimizdan ancha olisda. Men 5-sinfda, Aziz akam 11-sinfda, Yoʻldosh akam 9-sinfda va Odil akam 8-sinfda oʻqir edik. Har kuni saharlab yoʻlga chiqib ketar edik. Oʻsha kuni men tong otishini intizorlik bilan kutdim. Chunki maktabda soʻnggi qoʻngʻiroq edi-da.
Juma tonggida hammamiz barvaqt uygʻondik, lekin onam uygʻonmadilar. Biz ularni, qattiq charchagandirlar, deb oʻylab uygʻotmadik, oʻzimiz nonushta qilib maktabga – soʻnggi qoʻngʻiroqqa ketdik. Har yilgidek, toʻrttalamiz ham tashakkurnoma oldik, xursandchiligimizning cheki yoʻq edi. Baxtiyorligimizdan uyga qanday kelib qolganimizni ham sezmadik. Kelsak, uy toʻla odam. Qulogʻimga sovuq yigʻi ovozi eshitildi. Hovliga kirishim bilan yuragim zirillab ketdi. Oyoq-qoʻllarim dir-dir qaltirardi. Onamning xonalariga yugurdim. Qoʻshnimiz Nasiba opa bagʻrilariga bosib rosa yigʻladilar. Shunchalik qattiq qoʻrqqanimdan Nasiba opani itarib xonaga otilib kirdim. Ne koʻz bilan qarayki, onamning yuzlari oppoq mato bilan yopilgan. Ushbu soniyalarda onam bilan boʻlgan quvonchli voqelar koʻz oldimda gavdalandi. Bolaligimda akalarimdan qizgʻonib ular bilan koʻp marotaba urishganim, jiydazorda quvlashmachoq oʻynaganlarimiz, bergan vazifalarini bajarganimda, uy yumushlariga koʻmak berganimda meni erkalab bagʻrilariga bosganlari, mening oʻrnimga rasm chizishlari yodimga tushdi. Tilimda faqat bir soʻz aylanardi: “Onajon, koʻzingizni oching, endi akalarim bilan hech ham urushmayman”.
Qulogʻimda onamning faqatgina bir gaplari jaranglardi: “Agar men shu kunlarda ketib qoladigan boʻlsam, vaqti kelib barchangiz oʻqib yaxshi inson boʻlinglar. Sizlarni qishloqdagilar koʻrganda Dildora hamda Shohruhlarning farzandlari deb koʻrsatishsin, bizni yaxshi gaplar bilan eslashsin”. Onamning bu gaplarini hazil deb oʻylardim.
Keyin bilsak, onamning bir yildan buyon toblari yoʻq ekan.
Oradan uch yil oʻtdi. Bu vaqt ichida koʻp narsa oʻzgardi. Aziz akam Toshkentga oʻqishga kirdi. Yoʻldosh akam hozir Rossiyada. Kichik akam Odil ingliz tili boʻyicha fan olimpiadasida viloyatda birinchilikni qoʻlga kiritdi. Men esa hamon onamni yodimdan chiqara olmayapman. Onamni sogʻinib yurgan kunlarimning birida otam uyimizga xushbichim, sochlari uzun, chiroyli kiyingan ayolni boshlab kelib, – bu ayol sizning onangiz! – deb tanishtirdilar. Shu zahotiyoq oʻgay onalar haqidagi ertaklar esimga tushdi. Ular dastlab chiroyli, yoqimli boʻlib keyin bolalarni qiynashlari, zugʻum oʻtkazishlari koʻz oldimda gavdalandi. “Ketsin!!!” dedim-u xonamga yugurib ketdim. U yerdan ertalabgacha chiqmadim. Erta turib oynadan moʻralasam oʻsha ayol hovlimizni supuryapti. Keyin nonushta tayyorlashni boshladi. Shu payt qornim ochganligini sezdim-u hovliga chiqdim. Ichkaridan yoqimli ovoz eshitildi: – Madinaxon! – bu mehrli ovozdan gʻalati entikib oshxonaga yugurdim. Oʻgay ona jilmayib kutib oldi. Nima boʻlsa boʻldi deb, nonushta qilishga oʻtirdim. Hali tong otgani yoʻq. Lekin ayol allaqachon uy yumushlarini saranjomlabdi. Shunda, da-dam uyimizga xizmatkor olib kelibdilar-da, kecha men bilan hazillashgan boʻlsalar kerak. Ularni bekor ranjitibman, deb oʻyladim. Choy ichib boʻlgach maktabga joʻnadim. Maktabdan tezroq uyga borishga shoshildim. Xayolimda ming xil oʻy bilan uyga kirib bordim. Oʻsha ayol “Qizim, keldingmi, qorning ochmadimi?” deb mehribonlik bilan kutib oldi. Shu chogʻda mendan baxtli odam yoʻq edi. Chunki bu soʻzlarni eshitmaganimga uch yil boʻlgandi-da. Ularni “onajon” deb chaqirishimga sal qoldi. Lekin aytmadim. Oʻzimni eshitmaganlikka oldim-da, xonamga kirib ketdim. Kiyimimni almashtirib ovqatlanishga chiqdim. Oshxonani ovqatning yoqimli hidi tutib ketibdi. Indamay xontaxta yoniga oʻtirdim. U darhol ovqat olib keldi.
– Zahar solmaganmisiz ishqilib? – dedim oʻqrayib.
– Onangga oʻxshar ekansan, – dedi ayol savolimni eshitmaganday.
– Rostdanmi? – negadir quvonib ketdim.
– Ha. Ayniqsa koʻzlaring.
– Ismingiz nima?
– Nargiza. Qizim mendan qoʻrqayapsanmi?
– Sirayam qoʻrqmayman. Nega bizning uyga keldingiz? Onamning oʻrnini egallab olmoqchimisiz? Meni uydan haydab chiqarasizmi? Mening uchta akam bor. Meni ursangiz, ularga aytib beraman. Dadam ham men tarafda, esingizdan chiqmasin. Uy Odil akamning nomlarida, farzandalaringizni nomiga oʻtkaza olmaysiz, – dedim oʻrgatilgan toʻtiday bidirlab.
– Nahotki, ertaklardagi yovuzga oʻxshasam? Akalaring haqida ham bilaman. Ular juda aqlli bolalar. Onang haqida esa koʻp marotaba eshitdim, suratlarini ham koʻrdim. Ular juda dilbar ayol ekan. Men u kishining oʻrinlarini egallashni xayolimga ham keltirmadim. Men nafaqat onasiz, balki ota, aka-ukalarsiz katta boʻldim, mehrga zor boʻlib ulgʻaydim. Lekin boshqalar bunday boʻlishini istamayman. Menga uy kerak emas. Faqat bu uyda oʻz oʻrnimni topishni istayman. Sizlarni oʻz farzandimday bilib, bor mehrimni beraman. Toʻgʻri, nimani istasang, oʻshani muhayyo qilaman, deyolmayman, lekin boshingizni silashga vaʼda beraman. Agar buni istamasang, mayli, indamay ketaman.
Shu tobda ularni onajon deb bagʻrimga bosgim keldi...
Har kuni sahar turib onam bilan hovli supurdim, nonushta tayyorladim. Yangi onam nimaga qoʻl ursa, oʻsha gullab yashnardi. Menga bir-biridan chiroyli koʻylak tikib beradi. Ularni kiyib koʻchaga chiqib dugonalarimga maqtanaman. Dugonalarim oʻgay onalar ham yaxshi boʻlishini bilib qoʻysin, derdim-da. Darslarimga yordam beradilar. Nargiza onamga qarasam, oʻz onam yodimga tushadi. Xuddiki mening peshonamdan oʻpib qoʻygandek boʻladilar. Chunki bizga juda mehribonlar. Ular bilan har juma kuni onam qabrini ziyorat qilishga boramiz.
Oradan oʻtgan yillar menga koʻp narsani oʻrgatdi. Esingizdami, jiydazorimiz haqida gapirib oʻtgandim. Onam oʻtib qolganlaridan keyin bogʻ qarovsiz qolgan edi, lekin hozir koʻrsangiz, bogʻdan qaytib chiqqingiz kelmaydi. Kelsangiz, albatta bogʻimizni koʻrsataman.
Bugun onam vafot etganlariga roppa-rosa oʻn ikki yil boʻldi. Nargiza onam bilan uning qabriga bordik.
Onajon, siz orzu qilganingizdek bizga qishloqdagilar havas qilishadi. Hozir mening ikki singlim bor. Ular meni juda yaxshi koʻrishadi.
Eng muhimi, Nargiza onam bizni bu yillar ichida biron marta ham oʻgay demadilar, vaqti kelganda koyidilar, aybimizni yashirdilar, erkaladilar va sizni eslatib, sizning orzularingizni amalga oshirishimizni yodimizga solib turdilar. Mening ikki onam bor. Bilaman, siz bundan xafa emassiz. Chunki siz hamisha yuragimda, Nargiza onam esa hayotimda.
Nigora ORIFJONOVA,
Sirdaryo viloyati Guliston shahri 5-umumiy oʻrta taʼlim maktabi
10-sinf oʻquvchisi