Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kim aybdor?

Oʻquvchilardan birining onasi maktab rahbarining xonasiga kirib shikoyat qilibdi:

– Fizika oʻqituvchisi oʻgʻlimga “2” baho qoʻyibdi. Oʻzi yaxshi dars oʻtmaydi-da, yana “2” qoʻyadi. Mening oʻgʻlim bitiruvchi, oʻqituvchiga ayting, “2”sini tuzatib qoʻysin.

Fizika oʻqituvchisini yaxshi bilgan, uning tajribasiga ishongan rahbar haligi onaga qarab bosiqlik bilan:

– Hozir bunga aniqlik kiritamiz, – deb, kotibasini chaqiribdi va 11-”A”ning sinf jurnalini olib kelishni buyuribdi. Kotiba zudlik bilan jurnalni keltiribdi. Rahbar uni ochib qarasa, onaning oʻgʻli “2” olgan kuni sinfning koʻpchilik oʻquvchilariga “4” va “5” baholar qoʻyilgan ekan. U darhol qabulxonada kutib turgan oʻquvchisini xonaga chaqirib:

– Oʻqituvchi yomon dars oʻtsa, mana bu sinfdoshlaring qanday qilib yaxshi baholar olishdi? – deb soʻrabdi.

Boladan avval onasi javob qilibdi.

– Bu oʻqituvchi oʻzi bolalarni ajratadi, kimni yaxshi koʻrsa, oʻshalarga yaxshi baho qoʻyadi.

– Unday boʻlsa sen ham uyga vazifalarni tayyorlab kel, ustozing seni ham yaxshi koʻrib qolsin, – debdi rahbar.

– E-e, baribir darsni tushunmayman, – debdi oʻquvchi.

– Nima uchun? Demak, dars davomida qulogʻingga paxta tiqib oʻtirar ekansan-da. Nega boshqa bolalar tushunadi-yu, sen tushunmaysan?

Oʻquvchi yerga qaradi.

– Yaqinda 18 yoshga toʻlasan. Fuqarolik pasportini olganingga ikki yil boʻladi. Lekin haligacha oʻzing uchun, xatoying uchun javob berolmaysan. Onangga har xil uydirma gaplarni aytib oʻqituvchingga, sinfdoshlaringga qarshi chiqyapsan, – dedi maktab rahbari biroz jahli chiqib.

Oraga jimlik choʻkdi.

– Maktabni tamomlagach nima qilmoqchisan, oʻqiysanmi, ishlaysanmi? – soʻradi rahbar.

– Togʻasining doʻkoni bor, oʻsha yerda ishlaydi, – dedi bolaning onasi.

– Armiyaga ketaman, – dedi bola onasiga qarab.

Rahbar yalt etib oʻquvchining koʻzlariga boqdi.

– Yaxshi, armiyaga – Vatan himoyasiga borganing durust. Lekin harbiydagi mashqlarni bajara olmasang, u yerga ham onangni chaqirtirasanmi?

Bola qip-qizarib ketdi.

– Qolaversa, harbiy qurollarni oʻrganishda fizika fani juda kerak boʻladi. Hali vaqting bor, ortiqcha gaplarni qoʻygin-da, oʻqishlaringni tuzat, darslarni vaqtida tayyorlab kel. Tushunmaganlaringni oʻqituvchidan soʻrab oʻrgan. Mana koʻrasan, oʻsha “2”ni oʻzing tuzata olasan, – dedi maktab direktori va bolani xonadan chiqarib yubordi.

Soʻngra ayolga qarab davom etdi:

– Boshqalarni yomonotliq qilmasdan avval muammoni yaxshilab oʻrganish kerak. Sinfda sizning oʻgʻlingizga oʻxshagan dangasalardan anchagina topiladi. Oʻqituvchi esa – bitta. Siz bilan biz oʻqituvchiga yordam berishimiz kerak, – deb ayol bilan xayrlashdi.

 

Zahro HASANOVA

 

Qadrli jurnalxonlar! Bunday voqealar sizning maktabingizda ham sodir boʻlib turadi. Shunday vaziyatda “2” baho olgan sinfdoshingizga qanday yordam bergan boʻlardingiz? Fikr-mulohazalaringizni elektron pochtamiz yoki sizga yaqin joylashgan aloqa boʻlimlari orqali bizga yozib yuborishingiz mumkin.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.