Bilim va mehnat oltindan qimmat
Suhrob Xayrullayev Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 18-maktabning 9-sinfini a’lo baholar bilan tugatdi. U maktab direktori Niyoz G‘aybullayev, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Uyg‘un Xidirov, sinf rahbari Sadoqat Eshmurodova va ko‘plab o‘qituvchilarning nazariga tushgan. Ayniqsa, mazkur o‘quv yilida viloyat bo‘yicha o‘tkazilgan “Yoshlar — kelajagimiz” media platformasi Buxoro tarixiga bag‘ishlangan viktorinasida 1-o‘rinni egallashi maktab ma’muriyati hamda mahalladoshlarini birday quvontirdi. Uyiga zamonaviy televizor, diplom va esdalik sovg‘alari bilan qaytgan Suhrob onasining ko‘zlarida sevinch yoshlarini ko‘rdi.
Ayni ta’til kunlarida esa Suhrob dalada asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda. Bu ishni u bobosi Zikoyiddin Qodirovdan o‘rgangan. Shuningdek, hovlidagi tomorqada pomidor, kartoshka, sabzi, piyoz, qovoq va turli xil dukkakli ekinlarni yetishtirib, dehqonchilik ham qiladi. U “Bir o‘q bilan ikki quyonni urish” shioriga asoslanib ish bajaradi. Masalan, yerda belkurak, ketmon bilan ishlar ekan tarix darsligining audio variantini quloqchin bilan tinglashni ham kanda qilmaydi. Bu aqliy qobiliyatni o‘stirishda hamda kunlik rejani o‘z vaqtida qilinishida yaxshi samara beruvchi ajoyib usul sanaladi. Suhrob 2023-yil tarix fani bo‘yicha tuman olimpiadasida 1-o‘rinni egallashni niyat qilgan. Shu yili tarix fani ustozi – Mehrinoz Qosimovaning sa’y-harakatlari bilan hudud miqyosida 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Yangi o‘quv yilida bu ko‘rsatkichni yangilash istagida.
— Hozirda bobom ikkimiz asal olish bilan bandmiz, — deydi Suhrob Xayrullayev. — May-iyun oylari bahorgi asalni olish davri hisoblanadi. Agar kuz-qish mavsumida ari yaxshi parvarishlansa, asalni ham shunga yarasha beradi. Shukur, asalaridan yig‘gan hosilimiz ham 300 kilogrammdan ziyod bo‘ldi. 35 ta qutidan topgan shaxsiy oylik daromadim kamida 600 ming so‘mni tashkil etadi. Qolgan sof foyda oilam uchun.
Tabiiy asalga bo‘lgan ehtiyoj katta. Shifobaxsh dori sifatida asal 2-3 oyga qolmay sotiladi. Onam “Asal aynimas, sariyog‘ sasimas, – deb qolganini shisha idishlarda saqlaydi. – Asal qancha ko‘p vaqt tursa, uning shifobaxshligi va dorivorligi ham shuncha ko‘payadi” – deydi yana onam. Nasib etsa, avgust-sentabr oylarida ham yozgi asalni olish niyatidamiz. Asalari suti, mumi, hattoki, zahri ham inson uchun foydali.
Yosh mehnatkash do‘stimizning onasi Hafiza Qodirovaning aytishicha, u otasidan ustachilik sirlarini ham o‘rganayotgan ekan.
Bugun maktab o‘quvchilari “Bir yigitga qirq hunar oz” degan naqlni Suhrobjon misolida ko‘rsa arziydi. O‘qish va ishni bir maromda olib borish ham bolaning o‘ziga bog‘liq. Shunday ekan, ta’tilni mazmunli o‘tkazish, qilinayotgan mehnatdan zavq olish, mutolaa orqali ongni boyitish har bir o‘quvchining o‘z qo‘lida.
Azim AXTAMOV