Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dadil qadamlar

–   To‘qqiz yoshimdan dzyudoga qatnasha boshladim. Ammo, bu sport turi bo‘yicha musobaqalar juda kam o‘tkazilar, bu esa imkoniyatlarimizni namoyish qilishga to‘sqinlik qilardi. Ma’ruf amakim bir paytlar yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanganlar. Ular shu kurash turida o‘zimni sinab ko‘rishimni, muntazam musobaqalarda qatnashib tursam, mahoratim oshishini maslahat berdilar. Shundan so‘ng dzyudodan yunon-rum kurashiga o‘tib ketdim.

Behruzbek 2021-yilning boshidan Chirchiq shahridagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida tajribali murabbiy Jaloliddin Rustamov qo‘lida shug‘ullana boshladi. Yosh sportchi qisqa muddat ichida musobaqalarga qatnashib, a’lo natijalarni qo‘lga kiritdi. 

– 2021-yilning 20-oktabrida bel olish va uch kurash sport turi bo‘yicha O‘zbekiston kubogida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim, – deydi u. Shundan so‘ng yunon-rum kurashi bo‘yicha 10-14 yoshli bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan Chirchiq shahar chempionatida, 9-14 yosh toifasida bo‘lib o‘tgan Chirchiq shahar ochiq chempionatida ketma-ket g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.

Bo‘lajak sportchining g‘alabalari davom etaverdi. Shu yil fevral oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Olimpiya sport turlari festivalida birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan Nurafshon shahar ochiq birinchiligida ham g‘oliblar safidan joy olib, O‘zbekiston chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.  Faxrlanarlisi, bu musobaqada O‘zbekiston chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Behruzbek bilan suhbatlashar ekanman, bu yutuqlari ortida otasi Mashhur aka va onasi Farida opaning e’tibori, g‘amxo‘rligi borligini his qildim.

–   O‘zi erishmagan yutuqlarni farzandida ko‘rish – har bir otaning orzusi. Yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanib, qisqa vaqt ichida natijalar ko‘rsata boshlagach, imkon qadar yonida turishga, qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdaman. Zero, farzandim sport sohasida Vatanimizga nafi tegadigan inson bo‘lib ulg‘aysin, – deydi chempionning otasi Mashhur aka G‘iyosov.

–   Behruzbek nafaqat jismonan, balki tabiatan ham kuchli bola, – deydi murabbiy Jaloliddin aka. – Biror narsaga intilsa, oxirigacha boradi, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi. Mashg‘ulotlarga bir kunda ikki-uch marta kelishdan erinmaydi. Aslida, bo‘lajak sportchilardan shu uch narsa talab qilinadi: kuchli iroda, qiyinchilikdan qo‘rqmaslik va o‘z ustida tinimsiz ishlash. Bu xislatlar Behruzda bor. Shuning uchun u qisqa vaqt ichida ko‘p yutuqlarga erishdi.

Behruzbek Madaminov ayni paytda Chirchiq shahridagi 25-maktabning 4-sinfini tugatdi. Tartibli, qat’iyatli bo‘lgani uchun uni ikkinchi chorakdan sinfboshi etib tayinlashdi.

Kelajakda u xalqaro miqyosda olimpiada chempioni bo‘lmoqchi. Biz maqsadi sari ishonch bilan qadam tashlayotgan Behruzga parvozi bundan keyin yanada baland bo‘lishini tilab qolamiz.

 

 Dilafro‘z  ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.